Bilasizmi?

O‘zbekiston bolalar bog‘chalarida ovqat tayyorlashdan voz kechiladi

O‘zbekistonda bolalar bog‘chalarida o‘z tarbiyalanuvchilari uchun ovqat tayyorlashdan voz kechish bo‘yicha yangicha tartibni tatbiq etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Buning uchun ixtisoslashtirilgan keytering kompaniyalarini jalb qilish rejalashtirilgan.

Kompaniyalarni tanlash jarayonida oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli, xavfsiz va sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilinishiga alohida e’tibor beriladi.

"Ushbu kompaniyani nafaqat oziq-ovqatlarni sifatli tayyorlanishiga, balki belgilangan talablarga mos ravishda yetkazilishi va o‘ralishiga alohida e’tibor bergan holda tanlaymiz. Asosiy maqsad — bolalar uchun sifatli va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash. Buning natijasida yana bir dolzarb muammo yechiladi. Bog‘cha xodimlari tarmoq vazifalariga tegishli bo‘lmagan vazifalardan ozod etilib, birinchi navbatda bolalar tarbiyasi va ta’limi bilan shug‘ullanishadi", — deb ta’kidladi Xalq ta’limi vazirligidagi manbaasi.

Eslatib o‘tamiz, maktabgacha ta’lim vazirligi shu yilning sentyabri oxirida tashkil etilgandi. Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori bo‘lib ishlagan, senator Agrippina Shin ushbu idora vaziri etib tayinlandi.

Bugungi kunda respublikada 4916 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatadi. Yaqin besh yil ichida yangilangan loyihalar bo‘yicha yana 50 ta bolalar bog‘chasi qurish mo‘ljallangan. Shuningdek, bu davr mobaynida 1167 ta bolalar bog‘chasi rekonstruksiya qilinadi, 983 ta bog‘cha esa joriy ta’mirlanadi.