Kesar yo‘li bilan tuqqan ayollar keyingi homiladorliklarida tabiiy yo‘l bilan tug‘ishni istaydilar. Buning iloji bormi? Kesar yo‘li bilan tuqqan ayolning keyingi tug‘ishi tabiiy bo‘lish imkoniyati 60-80 foizni tashkil etadi. Bunga ko‘plab faktorlar ta’sir qilib, ulardan biri ilk tug‘ruq kesar yo‘li bilan o‘tkazilishiga bo‘lgan sababdir.
Misol uchun, birinchi farzand tabiiy tug‘ilgan bo‘lib, ikkinchisi tug‘ilish payti dumbasi bilan joylashgani sababli kesar orqali tug‘dirilgan bo‘lsa, uchinchi homiladorlikning tabiiy tug‘ish bilan yakunlanish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Lekin ilk tug‘ayotganda to‘lg‘oqlar davomida kuchanmay, bolani o‘zi tug‘a olmagani sababli shoshilinch kesish bilan bola tug‘dirilgan bo‘lsa, u holda keyingi tug‘ruq ham kesar yo‘li bilan yakunlanishi mumkin.
Kesar yo‘li bilan tuqqan ayolga ikkinchi homiladorligida tug‘ruq qaysi yo‘l bilan o‘tkazilishini hech kim oldindan aniq ayta olmaydi. Bu narsa faqat rejalashtirilishi mumkin. Agar homilador ayol kesar yo‘li orqali tuqqan bo‘lib, keyingi farzandini tabiiy yo‘l bilan tug‘ishni maqsad qilgan bo‘lsa, bu haqda o‘z ginekologi bilan batafsil maslahatlashishi kerak. Shunda ginekologning roziligi va ba’zi shartlarning bajarilishi talab etiladi.
Bu shartlar:
1. Oldingi tug‘ishda bachadon T yoki vertikal emas, gorizontal kesilgan bo‘lishi kerak. Muhimi shundaki, qorinda ko‘rinadigan kesilish joyi ba’zida bachadondagi chok bilan farq qilishi mumkin.
2. Homilaning chiqish yo‘llari yetarlicha keng bo‘lishi darkor. Albatta, buni aniq bilishning iloji yo‘q, lekin ginekolog ko‘rik o‘tkazib, taxmin qilishi mumkin.
3. Tabiiy tug‘ishni rejalashtirgan ayol bachadonida mioma yoki shish mavjudligi tufayli jarrohlik operatsiyasi o‘tkazmagan bo‘lishi shart.
4. Homilador ayolda kesar uchun zaruriyat mavjud bo‘lmasligi kerak (masalan, yo‘ldosh bilan bog‘liq muammolar, shish mavjudligi va boshqalar).
5. Tug‘ruq davomida zarur bo‘lib qolsa, kesar muolajasini o‘tkazish va homilaga kerakli tez yordam ko‘rsata olish uchun sharoit bo‘lishi muhim.
6. Homilaning tug‘ish yo‘llariga chaqaloq boshi bilan joylashgan bo‘lishi kerak.
Quyidagi faktorlar kesardan so‘ng tabiiy tug‘ishga to‘sqinlik qilishi mumkin:
- homilador ayolning yoshi kattaligi;
- homilador ayolning vazni o‘ta yuqoriligi;
- tug‘ilayotgan bolaning vazni 4.0 kgdan ortiqligi.
Mabodo tabiiy ravishda tug‘ishga ayolning kuchi yetmasa yoki boshqa tibbiy holatlar tufayli shoshilinch kesar talab etilsa, bunday holat rejalashtirilgan kesar jarroxligidan ko‘ra xavfliroq bo‘ladi. Bunda homila salomatligiga ham ziyon yetishi mumkin. Shuning uchun tug‘ish yo‘lini tanlash borasida hamma tomonlarni o‘ylab qaror chiqarish lozim.