Tarbiya

O‘yinlar va o‘yinchoqlarning bola fe’l-atvoriga ta’siri

Tabiiyki, bolaning tarbiyasiga uni o‘rab turgan muhit kabi, u tanlaydigan o‘yin va o‘yinchoqlar ham ta’sir ko‘rsatadi. Ammo buning biz doim ham payqamaydigan teskari jihati ham bor. U ham muhim bo‘lib, e’tibor talab qiladi, shu tufayli, maqolada bolalar o‘yinlari va o‘yinchoqlari ularning dunyoqarashiga qanday ta’sir qilishi, bir umrga tatiydigan taassurot qoldirishini ko‘rib chiqamiz.

Keling, standart o‘yinchoqlardan boshlaymiz — ular har bir do‘konda topiladi. 5—6 yoshli bolalar uchun o‘yinchoqlarni ko‘rib chiqamiz — ayni shu vaqtda bolada eng yorqin taassurotlar shakllanadi. Kichik motorikani rivojlantiradigan yorqin abstrakt kubiklar, halqa va koptoklardan u assotsiatsiya (tasavvur, his-tuyg‘u, fikr va shu kabilarning bir-birini eslatadigan o‘zaro bog‘lanishi) bosqichiga o‘tadi.

Qizlar uchun qo‘g‘irchoqlar

Barbi, Vinks kabi yuzi bo‘yoqqa chaplangan, oyoqlari uzun sohibjamol bolalar ongida ayollar go‘zalligi, kiyinishi va o‘zini tutish timsolini hosil qiladi. Qizalog‘ingiz ishlashni istamaydigan, injiq, ammo kiyim va bezaklar xarid qilishga hirs qo‘ygan “malika” bo‘lib o‘sadi. O‘ylab ko‘ring, farzandingizda shunday fe’l-atvor bo‘lishini istaysizmi?

Bundan umuman qo‘g‘irchoq sotib olish kerak emas, degan xulosa chiqarmang. Tanlovga aql bilan yondashing, xolos. Homilador barbi sotib oling, toki bolada onalik jarayoniga va o‘z farzandlarini parvarishlashga qiziqish uyg‘onsin. Bir yo‘la bir necha xil ko‘rinishdagi qo‘g‘irchoqlarni olib bering, shunda qizingiz ideallar turlicha bo‘lishini tushunadi. Qo‘g‘irchoqlar uchun kiyimlarni qizaloq bilan birga tiking, shu tariqa, uning xarid qilishga bo‘lgan qiziqishi tikish va to‘qish mahorati bilan almashadi.

O‘g‘il bolalar o‘yinchoqlari

Ular uchun ham deyarli shu qoidalar amal qiladi. Mashinalar modellarini juda tez-tez almashtirish kerak emas, yaxshisi, bor mashinalarni tuzatish uchun mos keluvchi konstruktordan foydalaning. Kichik yoshdagi maktab o‘quvchilari uchun esa lego konstruktor sotib oling, axir o‘z qo‘li bilan yasagan o‘yinchoqlarga bola ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ladi.

Askarlar, qurol-yarog‘ taqqan jangchilarning plastik figuralari, robotlarni haqiqiy mini-janglar tashkil qilib, bolada taktika va strategiya mahoratini rivojlantirishda qo‘llang. Shu bilan birga, uni askarlar do‘stligi va inson hayotini qadrlashga o‘rgating.

Qaroqchilar kemasi, qilich va kostyumlar yordamida sarguzashtlar o‘yinini o‘ynang, toki bolada jasurlik, fantaziya va o‘z-o‘zini himoya qilish xususiyatlari paydo bo‘lsin. Undagi potensial tajovuzni (agressiya) musobaqa va sportga yo‘naltiring. Sport o‘yinchoqlari bunda faqat qo‘l keladi.

Kompyuter o‘yinlari va dasturlar

Ular bolalarni boshqa o‘yinlarga qaraganda ko‘proq jalb qiladi va ularni kompyuter qarshisida o‘tirib, harakatsiz turishga majburlaydi. Shunday ekan, ularning ta’sirini zararli deyish mumkin. Kompyuter o‘yinlari reaksiya va boshqa malakalarni mukammallashtirishi haqidagi gaplar — behuda. Klaviaturadagi tugmani bosarkan, o‘g‘lingiz yaxshiroq yugurish, sakrash yoki o‘q otishni, qizingiz esa, gul o‘stirish, sabzavot yetishtirish va hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rganib olmaydi.

Bu yerda chora bitta — ularga real hayotda shunga o‘xshash faoliyatni taklif qiling. Masalan, o‘g‘lingizni tirga olib borsangiz yoki jang san’ati to‘garagiga yozdirsangiz, tez orada unga bu harakatlarni monitorda emas, real hayotda amalga oshirish qiziqarliroq tuyula boshlaydi. Qizingiz esa sizga hovlida ekinlarga qarashsa, ferma o‘yinlari zerikarli bo‘lib qoladi.