Tarbiya

Qiz bola qanday tarbiyalanadi?

Tabiat sirlarining mohiyatiga yetmoqchi bo‘lgan har bir inson atrofdan go‘zallik izlaydi. Bu go‘zallik gul, rang, nur, joziba va boshqa ko‘rinishlarda ko‘p holda alohida-alohida uchrasa, ularning hammasi mujassam bo‘lgan birgina mavjudot borki, u ham bo‘lsa ayoldir.

Gul tabiatda qanchalik nafis, nozik bo‘lsa unga muomala ham shunchalik nozik, ehtiyotkorona bo‘ladi. Ammo oilada ayol zotiga, yosh qizaloqqa ko‘pincha ham alohida o‘g‘il boladan butunlay farq qiladigan muomala lozimligini esda tutmaymiz.

To‘g‘ri, oilada farzand tug‘ilgandan uning jinsiga qarab muomala boshlanadi, dedik. Ammo bu hol ko‘pincha onalar e’tiborida o‘z holicha, otalar e’tiborida esa boshqa bir turda olib boriladi.

Onalar farzandlariga farzand rolini, birinchi o‘rinda qizlariga qiz farzandlik rolini o‘rgatishlari kerak. Shu o‘rinda oilaning boshqa a’zolarini ham qiz bolaga qanday muomalada bo‘lishni o‘rgatish onalar vazifasi. Va eng asosiysi, ona qiz bolaga qiz bolalikni, bo‘y qizlikni, onalikni, bekalikni va shunga o‘xshash minglab murakkab xususiyatlarni yoshlikdan jo qilib borishi kerak.

Ona qiziga singdirayotgan bu xislat, fazilat va xususiyatlar nafaqat hozirgi ota-ona oilasi ruhiy muhitini sog‘lomlashtiradi, eng asosiysi, qiz bolani kelgusida o‘z oilasida sog‘lom ruhiy muhit tashkilotchisiga aylantiradi. Shunday ekan, qiz bolaning o‘g‘il bolalarga nisbatan bolalikdan o‘smirlikka o‘tish davri ilgariroq boshlanishini ko‘zdan qochirmaslik kerak.

O‘n-o‘n ikki yoshlik qiz bolaning yurish-turishi, gap-so‘zi, mulohaza, fikr yuritishlari kattalarnikiday keng, joy joyiga qo‘yib aytilgan bo‘ladi. Ba’zida ular hatto tantiq-tantiq gapirishadi. Bunday tantiqlikka dugonalar orasida, onasi oldida yo‘l qo‘yilsa bo‘ladigan bir holdir. Ammo, onalar qizlarining otalari, ayniqsa, begonalar oldida o‘zlarini bunday tantiq tutishi va gapirishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Yaxshi tarbiyali, iboli, mulohaza doirasi keng ota biron o‘rinda bunday tantiq mulohazaga «ha shayton, sen aralashmay tur, o‘zimiz hal qilamiz», deb vaziyatni yumshatishi mumkin. Ammo, bunday tantiqlikka o‘z o‘rnida tanbeh berilmasa, u to‘xtatilmasa bunday qiz bola oila ruhiy muhitini jiddiy buzib qo‘yishi mumkin. Ayni shu joyda aytiladigan yana bir mulohaza shundaki, qiz bolani uning aytgan gaplarini qaytarib tashlashlar orqali butunlay “zabonsiz” ham qilib qo‘ymaslik kerak. Aks holda u jamiyatda, kelin bo‘lib borgan muhitda o‘zini, o‘zligini topib olishi qiyin hol bo‘lib qoladi.

O‘n bir yoshli Gulnoza ertalabdan onasiga yordam berayapti. O‘n uch yoshli akasi va to‘qqiz yoshli ukasi Erkin nonushta tayyor bo‘lishiga yaqin o‘rnidan turib yuvinishdi, maktabga tayyorgarlik ko‘rishdi. Oila jam, nonushta qilinayapti. Erkin bir necha kundan beri «falon narsani olib bering, dada», degan gapni boshlaydi. Unga Gulnoza, «mijg‘ov, yana boshladingmi», deb qarg‘a qarash qildi. Dadasi nigohini Erkindan olib avval qiziga, keyin xotini bilan ko‘z urishtirib kulimsirab qo‘ydi.

Mana shu birgina iboradan ko‘rinib turiptiki, Gulnoza onasidan yoki boshqa birovdan bir vaqtlar «mijg‘ov» so‘zini eshitgan. Endi u oilada kattalar yechishi kerak bo‘lgan ishga o‘rinsiz aralashyapti.

Bu holatni oilada qanday yumshatish kerak. Otaning yuqorida aytganimizday, indamay qo‘ya qolgani ma’qulmi? Ona shu joyning o‘zida, «shayton, sen aralashmay tur, o‘zimiz hal qilamiz», deyishi kerakmi? Yoki…

Ona qiziga vaqtini topib «ukangni yoki akangni dadang oldida bunday qaytarmagin, sendan ancha ko‘ngli sovuydi va senga qo‘pol muomalada bo‘ladigan bo‘lib qoladi», deb qo‘ygani ma’qulmi?

Hamma odob va axloq kitoblarida bitilganiday, qiz bola ota-ona oilasida asira, mehmon. Unga yumshoq muomalada bo‘lish, bor imkoniyatlarda birinchi o‘rinda qiz bolani manfaatdor qilish lozim. Shunday ekan, odob, tarbiya qiz bola uchun eng qimmatbaho meros va sep bo‘lishini unutmaslik kerak.

Demak, oila a’zolarini opa yoki singgilga mehribon qilib tarbiyalash va opa yoki singgilni oila a’zolariga mehribonlikka o‘rgatish ham birinchi o‘rinda ota-ona, qolaversa butun oila a’zolarining zimmasida bo‘ladi.

Qiz bola tarbiyasida ham ota alohida o‘rin tutishi hech kimga sir emas. Ammo, oiladagi ruhiy muhit qiz bola bilan bog‘liq hollarda onaning o‘rnini bosadigan shaxs topilmaydi. Chunki, qiz bola hayotidagi jismoniy, ijtimoiy, oilaviy va boshqa har xil o‘zgarishlarni faqat onalargina yaxshi biladi va buni aynan ular hech unutmasliklari lozim.

Mahmud Yo‘ldoshev,

psixologiya fanlari nomzodi

Manba: Tafsilot.uz