Salomatlik

Qizamiq bo‘lsa, qizil ko‘ylak kiyish shartmi?

Qizamiq – bu o‘tkir yuqumli virusli kasallikdir. Qizamiq yer kurrasida eng keng tarqalgan infeksiya bo‘lib, toshma toshadigan va jiddiy asoratlar qoldiradigan yuqumli kasalliklarning eng tez yuqadiganidir.

Agar qizamiq bo‘lmagan yoki emlanmagan kishi kasal odam bilan muomala qilsa, qizamiqning yuqish ehtimoli 100 foizga yaqinlashib qoladi.

Qizamiqqa chalinish mumkin bo‘lgan holat

Qizamiq 2,5 yashar bolalarga ham, kattalarga ham yuqadi. Biroq so‘nggi yillarda bu kasallikning o‘smirlar va kattalarda uchrashi keskin kuchaygan. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda onalaridan o‘tgan tug‘ma immunitet bo‘ladi. Agar ona ilgari qizamiq bilan og‘rigan bo‘lsa va unda immunitet hosil bo‘lgan bo‘lsa, bola bir yoshga yetguncha, ayniqsa, ona sutini emayotgan bolalar ona immuniteti bilan himoyalangan bo‘ladi. Bunday bolalar qizamiqni oson o‘tkazadi va shundan so‘ng ularda qizamiqqa qarshi mustahkam immunitet hosil bo‘ladi.

Kasallanish mavsumi

Qizamiq ko‘pchilik hollarda dekabr-may oylari davomida uchraydi.

Qizamiq qanday yuqadi?

Qizamiq havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Qizamiqning virusi tashqi muhitga bemor kishi aksa urganda, yo‘talganda va so‘zlashganda yuqori nafas yo‘llaridan so‘lak tomchilari bilan birga chiqadi. Qizamiq virusi tashqi muhitda ikki soat davomida saqlanishi mumkin, shuning uchun u ikki soat avval bemor kishi o‘tirgan xonaga kirgan sog‘lom odamga ham yuqib qolishi mumkin. Qizamiqqa chalingan kishi toshma toshishidan 2-4 kun oldin yuqumli va kasallik o‘tkir kechadigan davri davomida infeksiya manbai bo‘lib qolaveradi.

Inkubatsiya davri o‘rtacha ikki hafta davom etadi. Bu davr 7 kundan 28 kungacha davom etishi mumkin. Kasallikning 5-6 kuniga kelib, uning virusi og‘iz-halqum bo‘shlig‘idan qonga o‘tadi va organizmning barcha organlari va to‘qimalariga tarqaladi.

Qizamiq virusi ko‘proq nafas olish tizimi, oshqozon va markaziy asab tizimi to‘qimalarini zararlaydi.

Kasallikning birinchi belgilari

• Yuqori harorat (40,5°C gacha)

• Og‘iz bo‘shlig‘i va yuqori nafas yo‘llari shilliq pardalarining yallig‘lanishi

• Kon’yunktivit

• Toshma. Toshma kasallikning uchinchi kunida paydo bo‘ladi va keyingi uch kun ichida butun tanaga tarqaladi, so‘ng uch kun ichida biroz dog‘lar qoldirib, yo‘qolib ketadi.

Qizamiqning asoratlari

Qizamiqning eng xavfli jihati – uning asoratlaridir. Uning asoratlari qatoriga laringit (halqumning o‘tkir yallig‘lanishi), laringotraxeobronxit (nafas yo‘llarining infeksiyasi), pnevmoniya (o‘pkaning yallig‘lanishi), otit (o‘rta quloqning yallig‘lanishi), tepki (halqumning zararlanishi), bosh miyaning yallig‘lanishi (ensefalit), miokardit (yurak mushaklarining yallig‘lanishi) kiradi.

Qizamiqni davolash

Qadimda momolarimiz qizamik bo‘lgan odamga qizil ko‘ylak kiydirishgan va bu davoning bir turi ekaniga ishonishgan. Bugungi kunda ham mazkur irim saqlanib qolgan. Ammo zamonaviy tibbiyotda kasallikdan faqat o‘z vaqtida emlatish orqali himoyalanish mumkin, deb tavsiya qilinadi. Qizamiq bilan og‘rigan bemorlarning qorong‘iroq xonada tinch yotishlarini ta’minlash zarur (kon’yunktivitda o‘tkir yorug‘lik kuchli og‘riq beradi). Og‘iz choy sodasining eritmasi bilan chayqab turiladi, asoratlarning oldini olish uchun ko‘zlarga sulfasil va boshqa antibakterial tomchilar tomizib turiladi.

Pnevmoniya yoki boshqa bakterial asoratlar rivojlangan taqdirda antibiotiklar qabul qilish tavsiya etiladi. Kasallikning oldini olish va davolash uchun katta dozalarda A vitaminidan foydalanish mumkin (faqat shifokor nazorati ostida!)

Qizamiqning oldini olish

Bugungi kunda qizamiqdan asorat qolmasligi va hatto o‘lim holatlari vujudga kelmasligi uchun ko‘pgina mamlakatlarda qizamiqqa qarshi majburiy profilaktik emlashlar joriy qilingan. Emlashdan so‘ng hatto kasallik yuqqan taqdirda ham u asoratsiz, yengil shaklda kechadi.

Ma’lumot uchun,1963 yilda qizamiq vaksinasi ishlab chiqilgach, bu kasallik bilan og‘rigan va vafot etganlar soni yuz martaga kamaygan.

Madina Muhammadiyeva
Manba: Qalampir.uz