Yoz faslida vaqtimizning asosiy qismini farzandlarimiz bilan ko‘chada sayr qilib o‘tkazamiz. Ko‘chada bolalar uchun eng sevimli joylardan biri bu qum to‘ldirilgan maydonchadir. Bolalar u yerda zavq bilan turli o‘yinlarni o‘ynaydi.
Bolalar o‘yinida qum bilan o‘ynash bejizga ommabop bo‘lmagan. Uning terapevtik samarasi XX asrning 20-yillaridayoq aniqlangan. Qumni psixoterapiyada qo‘llashga Karl Gustav Yung asos solgan. 50-yillardan boshlab qum terapiyasi mustaqil yo‘nalishga aylandi va bolalar psixoanalizi, oilaviy terapiya va art-terapiyada muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinmoqda.
Qum terapiyasi usullarini ko‘chadagi oddiy qum maydonida yoki qumli plyajda qo‘llash mumkin. Ko‘chada noqulay ob-havo bo‘lgan sharoitda uni uy sharoitida ham tashkil etish mumkin. Buning uchun kichikroq quti yoki plastik konteyner yasash kerak bo‘ladi. Yozda esa uni albatta ochiq havoda o‘ynash foydali hisoblanadi.
Qumdagi mashqlar quyidagi vaziyatlarda yordam berishi mumkin:
- bolalardagi qo‘rquv bilan bog‘liq holatlarda;
- asab tizimining qo‘zg‘alishini bartaraf etish va xavotirlanish hamda vahimaga tushishning oldini olish;
- tasavvur olamini rivojlantirish;
- his etish, sezgi va harakat koordinatsiyasini rivojlantirish.
Qumdagi o‘yinlar:
- Qumni barmoqlar bilan ushlab ko‘rish va uni kaftlar orasida ishqalash. Bola qumning xususiyatlarini qanchalik qiziqish bilan o‘rganayotganligiga ahamiyat bering. Ba’zi onalar bolaga qumga qo‘li bilan teginishga ruxsat bermaydi. Biroq bolalar bejizga qumni kovlab o‘tirishni yoki unga ko‘milib o‘tirishni xush ko‘rmaydi. Bu ularga psixofizik keskinlikning oldini olishga yordam beradi va organizmni bo‘shashtiradi.
- O‘yinchoqni qum ostiga yashirib qo‘yib, uni topishni bolaga taklif qilish.
- Bolaga tayoqcha yordamida qumda chizishni taklif qilish mumkin. Bu uning fantaziyasini rivojlantiradi.
- Qumni elakcha yordamida elash.
- Qum va suv bilan o‘ynash. Nam va quruq qumni taqqoslab ko‘rish imkonini beradi.
- Qumdan uychalar, qasr, shaharlar yasash. Unga qo‘shimcha ravishda boshqa narsalar, barglar, toshchalar, plastik stakanlar kabilardan foydalanish mumkin.
- Qurilish o‘yinini o‘ynash. Mashinaga qum ortib, keyin uni to‘kish.
- Mashina uchun tonnel, sichqoncha uchun uycha, hayvonot bog‘i yoki ferma yasash.
- Oshxona o‘ynash: turli tortlar, pishiriqlar yasash.
- Qumda barmoqlar, kaft bilan aylanalar va boshqa shakllarni chizish.
Bola kichik yoshda bo‘lsa, unga onasi qum bilan turli o‘yinlar o‘ynashni ko‘rsatib berishi mumkin.