Agar farzandingiz oromgohga yoki qishloqdagi qarindoshlarnikiga ketmagan bo‘lsa, uni ta’til vaqtida qiziqtirish uchun bir nechta maslahatlarni taklif qilamiz.
-
Yangi narsalarni o‘rganamiz
Agar qizingiz yoki o‘g‘lingiz hali velosiped uchib ko‘rmagan bo‘lsa, buni o‘rganishning ayni vaqti. Oilaviy sayr uyushtiring va o‘rganish jarayonini bayramga aylantiring. Bolani yangi ishda rag‘batlantirish uchun mukofotlar o‘ylab toping.
Shuningdek, bolani rolik, skeytbordda uchishga, badminton, frisbi o‘ynashga, bumerang, varrak uchirishga o‘rgatish mumkin.
-
Chayla quramiz
Xonadon — yozgi ob-havoda vaqt o‘tkazish uchun to‘g‘ri kelmaydigan joy. Hovliga chiqing, istirohat bog‘iga boring yoki, yaxshisi, shahar tashqarisiga otlaning va u yerda o‘zingizga yangi “boshpana” quring. Sinch va tom uchun quruq tayoqlar toping. Uychani daraxt shoxlari yoki barglar bilan yopish mumkin. Qurilishdan so‘ng dam olish uchun albatta buterbrod va shirinliklar tayyorlang.
-
Kino yoki multfilm suratga olamiz
Qo‘lingizga kamera (yoki oddiy smartfon) oling va ijod qilishga qarab olg‘a! Biroq ssenariyni oldindan tayyorlab qo‘ying. Bolaning do‘stlarini chaqiring, rollarni taqsimlash, dekoratsiyalarni yasash, suratga olish uchun joy tanlash — bularni farzandingizning o‘ziga qo‘yib bering. Siz unga shunchaki yordamchi bo‘ling va ishning katta qismini mustaqil ravishda bajarishiga imkon bering.
-
Xazina qidiramiz
Metall quti olib, ichini “xazina” — mitti o‘yinchoqlar, xat, tangalar, jurnal parchalari va hokazo — bilan to‘ldiring. Hovlingizga yoki shahardagi qaysidir joyga uni ko‘mib qo‘ying. Shundan so‘ng xarita chizib, topishmoqlar o‘ylab toping va bola bilan xazina qidirishga otlaning.
-
Ochiq konsert va raqslarga boramiz
Yozda har qanday shaharda ochiq havoda o‘tadigan turli tadbirlar ko‘p bo‘ladi, bular konsertlar, raqs darslari, yoga, o‘yinlar bo‘lishi mumkin. Agar siz faol hayot tarzini olib borsangiz va bunday tadbirlarda muntazam qatnashsangiz, farzandingizni o‘zingiz bilan olib boring.
-
Suv jangini uyushtiramiz
Jaziramada bir-birining ustidan suv quyishdan ham yoqimlirog‘i bormi? Ayniqsa, dengiz yoki har qanday suv havzasi sizdan uzoqda bo‘lsa. Suv avtomatini sotib olamiz, pufaklarni suv bilan to‘ldiramiz, plastik butilkalar qopqog‘ini teshib, ichiga suv solamiz — va suv jangi sari olg‘a!
-
Tunni yulduzlar ostida o‘tkazamiz
Oilangiz bilan shahar tashqarisiga safar qiling. O‘zingiz bilan chodir, zarur oziq-ovqat, issiq kiyimlar oling. O‘zingiz oldindan yulduzlar xaritasini yaxshilab o‘rganib, bolaga asosiy yulduz turkumlarini ko‘rsating va Somon yo‘li nimaligini tushuntiring. Shahar tashqarisiga chiqish imkoniyati bo‘lmasa, buni o‘z hovlingizda ham uyushtirsangiz bo‘ladi.