Salomatlik

Shifo maslahat: “bolamning tirnog‘i et ichiga o‘sadi"

— Besh yoshli o‘g‘limning oyoqdagi bosh barmog‘i tirnog‘i etiga qarab o‘sa boshladi. Bir necha marta o‘zim olib tashlashga urinib ko‘rdim. Ammo bolajonimning joni azoblanayotganini ko‘rib, toqat qilolmayapman. Tirnoqning etga qarab o‘sishini davolasa bo‘ladimi? Buning uchun kimga murojaat etish lozim?

Shahlo Iskandarova, Toshkent viloyati

Rustam ZOKIROV, oliy toifali shifokor-dermatolog:

— Bolalardagi tirnoqning et ichiga qarab o‘sishini ko‘pincha noto‘g‘ri tanlangan poyabzal tufayli kelib chiqadi, deb o‘ylashadi. Bu ham asosiy omillardan biri. Shu bilan birga, tirnoqni noto‘g‘ri olish, ya’ni oysimon shaklda kaltalatish ham tirnoq tuzilishiga ta’sir etishi mumkin.

Hozirda bolalar orasida tirnoqning infeksion zamburug‘li kasalliklari uchrab turibdi. Bu ham tirnoq shaklini o‘zgartiradi. Farzandingizni shifokor-dermatolog hamda yashash manzilingiz bo‘yicha xirurg mutaxassisga olib borishingiz mumkin.

Asosiysi, tirnoq shaklining o‘zgarishiga sabab bo‘lgan omilni aniqlash. Shunga muvofiq muolaja qilinadi. Agar tirnoq ichiga o‘sib ketgan bo‘lsa, lazer yordamida korreksiya qilinadi.

Hozirda maxsus plastinkalar ham qo‘llanilayotgan bo‘lib, tirnoqning etga qarab o‘sishidan himoyalaydi. Kasallik to‘g‘ri davolanilsa,keyinchalik qaytalanmaydi. Bu holatning nasliy moyilligi borligini ham unutmaslik kerak. Agar ota-onalardan birida tirnoq shaklining o‘zgarishi bilan bog‘liq muammo bo‘lsa, bu farzandlarida ham takrorlanishi mumkin.

Manba: Darakchi.uz