Salomatlik

Shifo maslahat: “farzandimning sog‘lig‘idan havotirdaman"

— O‘g‘lim bir necha kundan buyon yozilish vaqti achishish bezovta qilayotganini aytayapti. O‘tib ketar, deya e’tibor bermayotgandim, bilsam, peshob ajralishi ham muammo bo‘layotgan ekan. Nahot bu sistit bo‘lsa?! Xastalik bolalar ham kuzatiladimi?

Dilrabo Qahhorova, Samarqand viloyati

M. ALIMOV, endourolog jarroh

— Sistit — siydik qopining infeksion yallig‘lanishidir. Kasallikning bolalar va o‘smirlar orasida uchrashi asosan 3-12 yoshlarda ko‘proq kuzatilib, qizlar o‘g‘il bolalarga nisbatan besh marta ko‘proq xastalanishadi. Immunitetning pasayishi, sovuq qotish, turli xil dori preparatlarini iste’mol qilish, gormonal buzilishlar kasallikning rivojlanishiga sabab bo‘luvchi omillar hisoblanadi. Tibbiyotda bolalar va o‘smirlar o‘rtasidagi sistitning bir nechta turlari tafovut qilinadi. Har biri o‘ziga xos klinik belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Bemorda tez-tez peshob ajratish, yozilish vaqti achishish va bezovtalik, qovug‘ old sohasida og‘riq, injiqliq, uyqusizlik, tana haroratining ko‘tarilishi, ishtahaning yo‘qolishi, ko‘ngil aynish kabi belgilar shular jumlasidandir.Kasallikni tashxislashda umumiy peshob taxlili, buyrak va peshob yo‘llari ultratovush tekshiruvi, sistoskopiya – qovug‘ ichini maxsus asbob bilan ko‘rish orqali amalga oshiriladi.

Farzandingizdagi o‘zgarishlar sistitga ishora qilayotgan bo‘lsa, albatta shifokor ko‘rigiga olib boring. O‘z vaqtida boshlangan muolaja kasallikdan to‘liq xalos bo‘lish imkoniyatini oshiradi. Mutaxassis buyurgan davo choralaridan tashqari, quyidagi holatlarga ham diqqat qiling:

  • Parhez: achchiq, sho‘r, gazli ichimliklar, sirka, mayonez, dudlangan taomlar mumkin emas;
  • Sovuq qotishdan saqlanish lozim;
  • Badantarbiya mashqlarini kanda qilmaslik;
  • Kechasi yotishdan oldin suyuqlik ichishni chegaralash tavsiya etiladi.

Manba: Darakchi.uz