— Qizimga 1,5 yoshidan boshlab ortopedik poyabzal kiydiraman. Yassioyoqlik hisobiga tizzasi ichki tomonga biroz kirgan nazarimda. 4 kurs massaj oldik, ammo o‘zgarish bo‘lmadi. Maxsus ortopedik poyafzal kiydirib yurishimdan naf bo‘larmikan? Ulg‘aygach, oyog‘i to‘g‘rilanadimi?
Odina Komilova, Toshkent shahri
Botir KARAYeV, shifokor-ortoped:
— Muolaja belgilanishida yassioyoqlikni keltirib chiqargan omil o‘rganiladi. Keyinchalik biror asorati bo‘lmasligi uchun muolaja davomli tarzda olib borilgani ma’qul. Farzandingiz tizzasining ichki tomonga kirganligi raxit asorati bo‘lishi ham mumkin. Sizga maslahatim, fiziomuolaja, oyoqlar uchun gimnastika va ortopedik poyabzaldan foydalanishni to‘xtatmang. Natijasi hozir sezilmayotgan bo‘lsa-da, bola ulg‘aygach, oyoq suyaklari to‘g‘rilanishi lozim.
Manba: Darakchi.uz