Salomatlik

Shifo maslahat: “qizim bo‘r yeyapti..."

— So‘nggi vaqtlarda qizim g‘alati odat chiqargan. Maktab doskasi uchun ishlatiladigan bo‘rni yeydi. Xavotirlanib qoldim. Bu biror kasallik belgisi emasmi?

Nasiba, Samarqand sh.

Dilorom SULEYMANOVA, tibbiyot fanlari doktori:

— Organizmdagi temir moddasi taqchilligi ta’m va hid ajratish qobiliyatiga ta’sir qiladi. Bemor noodatiy ta’mga ega bo‘lgan narsalar, masalan, bo‘r, gilvata, xom xamir, pishirilmagan guruch, makaron yeyishi, choy shamasi, qurilish bo‘yoqlari, atseton, mog‘or hidini yoqtirib qolishi mumkin. Soddaroq aytganda, kamqonlikning temir moddasi yetishmasligi ko‘rinishi ushbu holatlarga sabab bo‘ladi.

E’tibor bering, ehtimol qizingizning tirnoqlari mo‘rtlashgan, ishtahasi o‘zgarib qolgandir. Bosh aylanishi, bosh og‘riqlari, aqliy va jismoniy faollikning sustlashishi ham kamqonlikka xos belgilardan. Bordi-yu o‘zgarishlar ortib boraversa, albatta mutaxassisga murojaat qiling. O‘z vaqtida muolaja boshlansa, noxush asoratlarning oldini olish mumkin.

Manba: Darakchi.uz