Salomatlik

Sut tishlari qachon tushishi kerak?

Bir latifada shunday deyiladi: hayot senga ikki marta tekin tishlarni beradi, uchinchisi uchun esa pul to‘lashga to‘g‘ri keladi. Biz mana shu ikkinchi marta tekinga olgan tishlarimiz haqida gaplashamiz. Xo‘sh, bolakayning sut tishlari necha yoshda tushadi?

«Birinchi»larning vazifasi

Sut tishlar chaqaloqning 6 oyligidan chiqishi mumkin. Ammo me’yorda u 8 oydan so‘ng yora boshlaydi. Sut tishlar doimiysiga qaraganda, kichikroq, ildizi qisqaroq bo‘ladi. Bu tishlar vaqtinchalik bo‘lsa-da, kichkintoyga 13-15 yil xizmat qiladi. Bolaning 6-7 yoshidan boshlab, bu tishlar o‘rnini doimiylariga bo‘shatishni boshlaydi.

Qaysisi qayerda?

Sut tishlarning tushish tartibi haqida gap ochishdan avval, uning joylashishini aniqlab olaylik. Buning uchun pastki va yuqori jag‘ni ikkiga bo‘lamiz. Demak, to‘rt bo‘lak jag‘ hosil bo‘ldi. Jag‘ning har bir bo‘lagida 2 ta kurak, ya’ni oldingi tish (markaziy va yon), 1 ta qoziq va 2 ta katta oziq tishlar bo‘ladi.

Vaqti keldi!

Іar bir sut tishlarining o‘z tushish vaqti bor. Doimiy tishlar rivojlanib, bosh ko‘tarishi bilan sut tishlar ildizi so‘rilishni boshlaydi. Shu jarayonda tish qimirlab qoladi. U butkul so‘rilgach, doimiy tish uning o‘rachasidan itarib chiqib, uning joyini egallaydi. Sut tishlari qay tartibda chiqqan bo‘lsa, ular shu tartibda yangilanadi.

Kimda qanday?

Sut tishlarining tushishi, odatda, o‘ng va chap tomondagi «egizi» bilan bir vaqtda ro‘y beradi. Qiz bolalarda bu jarayon o‘g‘il bolalarga qaraganda ertaroq boshlanadi. Shuningdek, avval pastki jag‘ tishlari, so‘ng yuqoridagi «egizi» tushadi.

Aniqlik kiritamiz

Ushbu jadvalda sut tishlarining doimiysiga almashishining me’yoriy ko‘rsatkichlari berilgan.

Sut tishlar Ildiz so‘rilishining boshlanishi Almashinuv

(sut tish tushishi)

Pastki markaziy kurak tishlar 5 yoshdan boshlab, 2 yil davom etadi 6-7 yoshda
Yuqori markaziy kurak tishlar
Pastki yon kurak tishlar 6 yoshdan boshlab, 2 yil davom etadi 7-8 yosh
Yuqori yon kurak tishlar
Yuqorigi kichik jag‘ tishlar 7 yoshdan boshlab, 3 yil davom etadi 8-10 yosh
Pastki kichik jag‘ tishlar
Yuqori qoziq tishlar 8 yoshdan boshlab, 3 yil davom etadi 9-11 yosh
Pastki qoziq tishlar
Pastki katta jag‘ tishlar (ikkinchi molyari) 7 yoshdan boshlab, 3 yil davom etadi 11-13 yosh
Yuqori katta jah tishlar (ikkinchi molyari)

Shu tariqa, birin-ketin barcha 20 ta sut tishlari tushib, doimiy sut tishlar bilan almashadi.

Nega sut tishi tushmayapti?

Bunga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin:

  • tabiatan o‘ziga xosligi;
  • raxit;
  • infeksiya yoki surunkali xastaliklar;
  • –nasliy moyillik.

Bordi-yu, sut tishlar tushmay, doimiy tishlar uning ortidan chiqib kelayotgan bo‘lsa, albatta, kichkintoyni stomatologga olib boring. Sut tishlar ildizi so‘rilish jarayonida bo‘lgani uchun ularni olib tashlash qiyin emas. Shundan so‘ng doimiy tishlar o‘z o‘rnini egallaydi. Farzandingiz tishlari ikki qator o‘sayotgan bo‘lsa, havotir olmang, bu bola tishlamiga ta’sir etmaydi. Ular «kelishib», hamma o‘z o‘rnini topib oladi. Shunchaki, unga mutaxassis ko‘rigi va vaqt kerak, xolos.

Tavsiya: Bola ko‘proq qattiq meva va sabzavot yeyishi kerak. Masalan, sabzi va olma sut tishlarning tezroq tushib, doimiysi mustahkam bo‘lib o‘sishiga yordam beradi. Shuningdek, bolalarga kalsiyga boy mahsulotlarni berishni ham unutmang.

Shifokor – stomatolog Saodat ShOMIRZAYeVA tavsiyalari asosida Kamola BOShBEKOVA tayyorladi.

Manba: Darakchi.uz