Har birimizning farzand tarbiyasida o‘z qarashlarimiz, fikrlarimiz bor. Hammamiz bola tarbiyasi haqida soatlab gapirishimiz, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishimiz mumkin. Biz esa bu gal an’anadan chekingan holda tarbiyadagi usullar xususida emas, tarbiyada yo‘l qo‘yiladigan xatolar haqidagi mashhurlar fikrlari bilan o‘rtoqlashamiz. Dilshod RAHMONOV, xonanda Menimcha, farzand tarbiyasida ota-ona yo‘l qo‘yadigan eng katta xato bu — beye’tiborlik deb hisoblayman. Biz tan olishni istamagan ba’zi noma’lum haqiqatlar shuning orqasidan paydo bo‘ladi. Yana bitta xatomiz bolaga har doim ham qanday muomala qilish kerakligini yoddan chiqarib qo‘yamiz. Biz kattalar kun bo‘yi ishda charchaymiz kechqurun esa ular bergan savolga zo‘rg‘a istamay javob beramiz, gohida siltab ham tashlaymiz. Charchaganimiz bahonasida bunday qilish juda katta xato. Ularga vaqt ajratish kerak. Bo‘lmasa borgan bizdan ham hayotdan ham bezib qolishi mumkin. Dildora Niyozova, xonanda Eng avvalo ota-ona farzandi yonida janjallashishi kerak emas. Bu bolani uydan uzoqlashtiradi. Yana bolaning yolg‘on gapirayotganini sezgan zahoti uni to‘g‘ri yo‘lga solish kerak. Agar siz yolg‘onga hech qanday munosabat bildirmasangiz unda bola ota-onam indamas ekan deb yolg‘onni ko‘paytiraveradi. Farzandimizning yolg‘oniga ko‘z yumishimiz eng katta xato bo‘ladi. Chunki u kelajakda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bolani o‘ta erkin ham qilib qo‘ymasligimmiz lozim. Bolani ma’lum bir chegara doirasida tarbiyalasak, kelajakda tartib-intizomga o‘rganadi. O‘zi yaxshi odam bo‘lib kamolga yetgandan keyin farzandlariga ham buni o‘rgatadi. Sarvara ODILXO‘JAYeVA, xonanda Ota-ona farzandni me’yoridan ortiq erkalatishi bu— uning kechirib bo‘lmas xatosi deyishimiz mumkin. O‘zi bittagina bolam bo‘lsa, shuni ham erkalatmaymanmi deyish noto‘g‘ri. Farzandingiz nima ish qilsa ham to‘g‘ri deb uni qo‘llab-quvvatlayversangiz ertaga u hayot sinovlariga dosh berolmaydi. Chunki hayotda hamma unga ota-onasidek munosabatda bo‘lmaydi. Qaysidir hayot sinovida qoqilsa dovdirab qoladi. O‘zini darrov o‘nglolmaydi. Chunki u erka bo‘lib o‘sganda.
Anvar SOBIROV, xonanda Erkak odam oila boshi. Qizlar onadan, o‘g‘illar otasidan o‘rnak oladi. Oiladagi muhit qanday bo‘lsa farzand shundan o‘rnak olib ulg‘ayadi. Bolalarning oldida birovlarni yomonlamaslik kerak. Chunki bola bamisoli oq qog‘oz.Unga nimani yozsangiz, o‘sha narsa muhrlanadi.Kimnidir yoqtirmasangiz, o‘sha odamni bola ko‘z o‘ngida yomon desangiz farzandingiz ham shu ruhda ulg‘ayadi. Bu esa ota-onaning xatosi hisoblanadi. Ota-ona bolaga birovni yomon ko‘rishni emas, ijobiy narsalarni ko‘ra olishni o‘rgatishi kerak. Yana ota-onalar ko‘zdan qochiradigan bir jihatga to‘xtalibo‘tsam. Oilada farzand oldida ayolni jerkimaslik kerak.Uning ulug‘, mo‘tabarligini ta’kidlash lozim. O‘z uyida onaning, singilning, e’zozlanganini ko‘rib ulg‘aygan bola kelgusida ham o‘z oilasidagi ayollarni izzat qiladigan bo‘ladi. Adiba Meliyeva tayyorladi