Bilasizmi?

Tug‘uruqxona muassasalarini jihozlashga 50 million dollar ajratiladi

Tug‘uruq muassasalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlanishi ona va bolaga o‘z vaqtida samarali tibbiy yordam ko‘rsatishga, asoratli tug‘uruqlarning oldini olib, salomatlik ko‘rsatkichlarini ijobiy tomonga o‘zgartirishga xizmat qiladi, deb yozmoqda Kun.uz.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilda onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan dasturlar asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Xususan, ushbu dasturlar doirasida mamlakatimizdagi tug‘uruqxona muassasalarini jihozlashga 2017 yilda 17 million AQSh dollari sarflangan bo‘lsa, 2018 yilda 50 million AQSh dollari ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, 2017 yil Investitsiya dasturi doirasida, Moliya vazirligining ta’lim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 73,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.  Ushbu mablag‘lar hisobidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi 8 ta 764 o‘rinli (Toshkent shahri va Andijon, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo) viloyat perinatal markazlari, shahar tug‘uruq kompleksi va bolalar shifoxonasida hamda 13 ta tuman tibbiyot birlashmalarining 961 o‘rinli tug‘uruq kompleksi va bolalar bo‘limlarida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofazalash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimining joriy etilayotgani hamda shahar va tuman tibbiyot birlashmalari tarkibida bolalar anesteziologiyasi va reanimatsiyasi bo‘limlarining tashkil etilayotgani ham “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” g‘oyasining ezgu maqsadiga xizmat qiladi.

Yana bir yangilik — qishloq oilaviy poliklinikalarida ehtiyoj o‘rganilgan holda ginekolog va pediatr vrachlarning shtatlar jadvali ko‘paytirilayotganidir. Bu yangilik onalar va bolalarga tibbiy-profilaktik yordam ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirishi, shubhasiz.