Bilasizmi?

Turli millatli ota-onaning farzandi millatini tanlash huquqiga egami?

Savol: O‘g‘lim O‘zbekistonda tug‘ilgan. Men, ya’ni onasi o‘zbekman, otasi tojik millatiga mansub. Bu yil o‘g‘lim 16 yoshga to‘ladi. O‘g‘lim biometrik pasport olayotgan vaqtida o‘zbek millatini tanlash huquqiga egami? Men otasi bilan qonuniy ajrashganman. Otasi tomonidan o‘zbek millatini olish uchun ruxsat kerak bo‘ladimi?

Javob: “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini va 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatini berish tartibi to‘g‘risida” gi Nizomning 21-bandiga ko‘ra, pasport yoki harakatlanish hujjatini rasmiylashtirish jarayonida bolaning millati ota-onalarning millati bo‘yicha aniqlanadi, agar ota-onalar turli millatlarga mansub bo‘lsalar, pasport yoki harakatlanish hujjatini berishda fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning millati pasport yoki harakatlanish hujjatini oluvchining xohishiga ko‘ra otasi yoki onasining millati bo‘yicha yoziladi.

Demak, o‘g‘lingiz pasportini rasmiylashtirayotganda ikki millatdan birini tanlash huquqiga ega. Bolaning otasidan millatini rasmiylashtirish uchun ruxsat olish talab etilmaydi.