Ota-onaning shirin tashvishlari
Farzandingizning dastlabki xatti-harakatlari sizni bee’tibor qoldirmasligi aniq. Uning ilk ozuqasi og‘iz sutidir. Chaqaloq ovqat hazm qilish jarayonini o‘zlashtiradi. Tashqi muhit ta’sirlariga tegishli ravishda javob qaytarishga harakat qiladi, ko‘radi va eshita boshlaydi. Unda tug‘ma (shartsiz reflekslar) emish, yutish, ko‘zini ochib-yumish kabi ko‘nikmalar va ongli faoliyatning birinchi belgilari (shartli reflekslar) yuzaga chiqadi.
Birinchi oy
Go‘dak qorniga yotqizilganda qisqa muddat boshini tik ushlay oladi. Shu muddat davomida yorqin narsalarga qaraydi. Lekin jajji inson mushaklari o‘z tarangligini saqlagan, ya’ni embrionlik davriga xos bo‘lgan yuqori tarangligini yo‘qotmagan bo‘ladi.
Ikkinchi oy
Unda mushaklar siqiqligi kamayadi. Dastlab bo‘yin mushaklari ancha baquvvatlashib, o‘z faoliyatini bajara oladigan bo‘ladi. Bu kichkintoyga qorinda yotib boshini ko‘tara olishiga yoki uni atrofga burishga imkon beradi. Bola endi tepada osilib turgan o‘yinchoqlarga qaray boshlaydi. Agar go‘dak bilan yoqimli ovozda so‘zlashsangiz, u kulgu bilan javob qaytaradi. Farzandingiz to‘g‘ri rivojlanishi uchun tez-tez poliklinikaga, pediatr ko‘rigiga borib turish lozim. Bolalar poliklinikasida bolaning vazni va bo‘yi o‘lchanadi. Ota va onalar uchun kerakli maslahatlar: uqalash muolajalari, o‘yinchoqlarni to‘g‘ri tanlash, dastlabki gimnastika mashqlarini qanday bajarish lozimligi o‘rgatiladi.
Mittivoyning jismoniy ko‘rsatkichini asosini tana vazni va uzunligi tashkil etadi. Bola gavdasining og‘irligi hayotining birinchi haftasida kamaygan bo‘lishiga qaramay, keyinchalik ko‘payib boradi. Keyingi uch haftada uning og‘irligi o‘rtacha 600 gramm yoki 20 foizga ko‘payadi. Gavda uzunligi 3 sm. ga o‘sgan bo‘lsa, umrining 2-oyida bolaning gavda og‘irligi 800 gr., uzunligi 3 sm. ga oshadi.
Uchinchi oy
Bu vaqtda bola qadam qo‘yganda – uning ruhiy rivojlanishida dastlabki sezilarli davr hisoblanadi. Bola gavdasini uzunligi 9 sm. ga ortadi. Uning tana vazni esa tug‘ilgan vaqtdagiga nisbatan 2 kg. dan ziyod ko‘payadi. U onasiga ma’noli qaray boshlaydi. Erkalasa go‘dak yuzida tabassum paydo bo‘ladi, qo‘lchalarini chaqqon harakatlantirib, noaniq bo‘lgan tovushlar bilan javob qaytaradi. Chaqaloq uyg‘oq vaqtida o‘zini tinch tutadi. Tevarak-atrofga shunchaki qaramay, balki osib qo‘yilgan o‘yinchoqlarni va harakatlanayotgan predmetlarni nigohi bilan kuzatib boradi.
Bu davrda juda ko‘p tug‘ma reflekslar qatoriga yana shartli refleks deb atalgan harakatlar ham qo‘shiladi. Bolani onasi qo‘liga olib emizsa unda quvnoq jonlanish paydo bo‘ladi. Labi bilan qimtinib, tamshana boshlaydi. Uyqu va uyg‘oqlik davri aniq bir maromga tusha boradi. Bolaning psixikasi uning harakat ko‘nikmalari bilan baravar rivojlanib boradi. Qorni bilan yotqizilganda go‘dak endi o‘z tirsaklariga tayanib yotadi. Boshini ham yaxshi tutadi. Farzandingiz boshini baland tovush kelgan tarafga qaratib, bemalol bura oladi. U chalqancha yotqizib qo‘yilganda o‘yinchoqlarni tomosha qilish bilan cheklanmay, ularni o‘zining tartibsiz qo‘l harakatlari bilan tasodifan urib o‘ynaydi. Shu sababli bolaning tepasiga o‘yinchoqlarni uning qo‘li yetadigan balandlikka osish kerak.
To‘rtinchi oy
Go‘dak endi chalqancha yotgan holatda boshini bemalol ko‘taradi. Qorni bilan yotganda tirsak va bilaklariga tayanib turishga harakat qiladi. Agar qo‘ltig‘idan ushlansa, oyoqlarini yerga qattiq tirab tura oladi. Mushaklar harakati ham ancha rivojlana boradi. U chalqancha yotgan holatidan yonboshlab qoladi. Gavda holatini o‘zgartirishga harakat qiladi. O‘yinchoqlarini uzoq vaqt o‘ynab yotadi. Bolaga harakatlanadigan ochiq rangdagi predmetlar yoqadi. Go‘dak bilan o‘ynasangiz va uni erkalaganda qattiq “qiqirlab” kuladi.
Katta yoshli kishini turgan joyini uni ovoziga qarab belgilay oladi. Ovqatlantirish vaqtida onasining ko‘kragini yoki ovqat solingan shishani ushlab oladi. To‘rt oy mobaynida hammasi bo‘lib go‘dak vazniga qo‘shilgan og‘irlik taxminan 3 kg ga yetadi. Uning gavda uzunligiga esa 11 sm. qo‘shiladi. To‘rtinchi oy bolaning jismoniy jihatdan to‘g‘ri o‘sayotganligini ko‘rsatuvchi yana bir muhim belgi bilan xarakterlanadi.
Go‘dak ko‘krak qafasining o‘sish sur’ati boshining o‘sishidan yuqori bo‘ladi. Mana shu davrda 4 oylik bolaning ko‘krak qafas aylanasi bilan boshning aylanasi bir biriga teng bo‘ladi. Shundan keyin esa sog‘lom ko‘krak qafasining aylanasi har doim boshning aylanasidan katta bo‘ladi. Shu davrda bolaning ko‘zida yosh paydo bo‘ladi. Bunda yosh ajratib chiqaruvchi bezlarning xuddi so‘lak ajratib chiqaruvchi bezlar singari faolligi oshgan bo‘ladi. Shu paytdan boshlab u yig‘laganda ko‘zlaridan yosh chiqadi, og‘zidan oqayotgan so‘lak sezilib turadi. Chaqaloqda so‘lak oqishining ko‘payishiga sabab so‘lak bezlarining yana ham jadal ishlay boshlashidir. Bola oyoq va qo‘llarini kuch bilan uzatib va yig‘ib o‘ynay boshlaydi.
Beshinchi oy
Farzandingiz besh oylik bo‘lganida harakat ko‘nikmalari yana rivojlanib boradi. U endi faqat boshinigina emas hatto, kaftiga tayanib, gavdasini ham ko‘tarib tura oladi. Chalqancha yotqizib qo‘ysangiz, qiynalmasdan qorniga yotib oladi. Gavdasidan to‘g‘ri ushlab yordam berilsa, ishonch bilan tikka turadi. Oyoqlari bilan qadam tashlashga harakat qiladi. Bu oyda bola ota-onasini va yaqin kishilarini taniydi. Nutqning baland-pastligini aniq farq qilib, shunga yarasha kuladi yoki yig‘lab yuboradi. Go‘dakninig jismoniy imkoniyatlari hisobga olinib, endi o‘yinchoqlarni uning qo‘li yetadigan masofaga tashlab qo‘yiladi. Besh oylik bo‘lgan bolaning vazniga 600-700gr bo‘yiga esa 2, 5 sm. qo‘shiladi.
Oltinchi oy
Bola oltinchi oyga qadam qo‘yganida o‘yinchoqlarni bemalol qo‘liga oladi va ularni uzoq ushlab yotadi. Bir joydan ikkinchi joyga surilib bora oladi. Emaklash malakasi ikki jihatdan muhim: birinchidan bu umumiy harakat faolligini rag‘batlantiradi. Orqaning uzun mushaklari rivojlanishiga yordam beradi. Bu esa o‘pkada havo almashishini yaxshilaydi. Kelgusida go‘dakning qaddi-qomati noto‘g‘ri rivojlanishining oldini oladi. A’zo va to‘qimalarning qon bilan ta’minlanishini oshiradi. Ikkinchidan go‘dakning bilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa bolaning asab-ruhiy rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi. Shuningdek, bu davrda bola bo‘g‘inga o‘xshash tovushlar chiqaradi. Onaning qo‘lida bemalol o‘tira oladi. Lekin, uning umurtqa pog‘onasi va orqa mushaklari zarur me’yorda mustahkamlanmaguncha bolani o‘tirishga majburlash kerak emas.
Oltinchi oyda bolaning ruhiy holati sezilarli darajada rivojlanadi. U tevarak-atrofdagi voqealarga qiziqib qaraydigan bo‘ladi. Qorni to‘q bo‘lsa-da, unga hech kim e’tibor bermasa yoki xonada bir o‘zi qolsa, yig‘laydigan odat chiqaradi. Bunday paytda sog‘lom bola uyg‘oq bo‘lganida bir necha muddat yolg‘iz qolishga o‘rgatilishi kerak. Bu uni tevarak-atrofdagi buyumlarni o‘zi mustaqil ravishda bilishga o‘rgatadi. Bu davrda bola qoshiqdan bemalol ovqat yeya oladi. Taomni ko‘rishi bilan og‘zini ochadi va lablari bilan qimtib oladi.
Yettinchi oy
Bola hayotining yettinchi oyida aniq va maqsadli harakatlar ko‘payib boradi. Kichkintoy shiqildoq bilan tevarak-atrofidagi narsalarni ura boshlaydi. Ilgari u o‘yinchoqlarini tez-tez qo‘lidan tushirib yuborgan bo‘lsa, endi ularni ko‘pincha uloqtirib o‘ynaydi. Kun sayin bola chaqqonroq, epchilroq bo‘lib boradi. Unga qancha ko‘p erkin harakat qilishga imkon berilsa, u o‘z gavdasini shu qadar ishonch bilan boshqarishga intiladi. Bola endi bemalol emaklaydi. Ikki qo‘lidan ushlasangiz, tik tura oladi. Bu yoshdagi kichkintoylar uchun qo‘g‘irchoqchalar, qutichalar, rezina va plastmassadan yasalgan o‘yinchoqlar, plastmassa qoshiqchalar va boshqa shunga o‘xshash buyumlar eng yaxshi ovunchoq hisoblanadi. Bu davrda bolaning psixikasi tez rivojlanadi. Agar katta yoshli kishi xonada turgan buyumlarning nomini aytsa, u ko‘zlari bilan o‘shani qidiradi va topadi. Kichkintoy endi nuqul bir xil bo‘g‘inlar va ohanglardan iborat tovushlar chiqarib, uzoq vaqt o‘zicha g‘udurlab yotadi. Yettinchi oy – bolaning ota-onasiga birinchi marta to‘polon va xarxasha qiladigan davridir. Bu harakatlar uning o‘z istagi bajarilishi uchun qat’iy intilishidan iborat bo‘ladi. Bola o‘zini ko‘tarishlarini talab qilib yig‘laydi, xonada bir o‘zi qolishni istamaydi.
Sakkizinchi oy
Sakkiz oylik bo‘lganida ko‘pchilik bolalarning tishi chiqishi bois, bezovtalanib, injiq bo‘lib qoladi. O‘zini boshqacha his qilishi va xatti-harakatlari ham o‘zgarishi mumkin. U turli buyumlar va barmoqlarini og‘ziga olib boraveradi. Buni kichkintoy o‘sha narsalar nima ekanligini bilish uchungina qilmay, tishi chiqayotganligi sababli milklarini go‘yo qashigandek bo‘ladi. Ko‘pchilik ota-onalar bunday paytda maxsus rezina halqalarini bolaga o‘yinchoq qilib beradilar. Bu o‘yinchoqlar har kuni qaynoq suvda qaynatiladi va toza idishlarda saqlanadi.
To‘qqizinchi oy
To‘qqizinchi oyda bola odatda biror narsaga suyanib bemalol tik tura oladi. Qo‘lidan ushlasangiz, “atak-chechak” qilib yura oladi. Ba’zi bir narsalar (yostiq, kitob, chamadon va boshqalar)ning ustiga chiqib ketadi. O‘yinchoqlarni o‘tirib o‘ynashni yoqtiradi. Bu unga o‘z gavdasini turli tomonlarga burish, qo‘li bilan o‘yinchoqlarni erkin holda surish imkonini beradi.
Bola endi predmetlarning rangi va shaklinigina ajratib qolmay, ularning katta-kichikligini ham farqlay oladigan bo‘ladi. Bu oyda bola o‘z ismini bilib oladi. Chaqirgan kishiga o‘girilib qaraydi. Endi u so‘zlarning faqat ohangini ilg‘ab qolmay, balki o‘sha so‘zlarning (berma, tashla, kel, ko‘taraman va boshqa shunga o‘xshagan so‘zlarning) ma’nosini ham tushuna boshlaydi.
O‘ninchi oy
O‘ninchi oyda bolaning tanasi o‘rta hisobda 500 grammga ortadi. Bo‘yi esa taxminan 2 sm. o‘sadi. Shunday qilib, bu ko‘rstakichlarning o‘sish sur’ati bir qadar pasayadi. Lekin kichkintoyning jismoniy ko‘nikmalari va ruhiyati tez rivojlanayotgani kuzatiladi. U endi oddiy nutqni tushunadi. Boshqa bolalar bilan uchrashib qolganida ular bilan muloqotga kirishmoqchi bo‘ladi. Yangi narsalarni ushlab ko‘rishni va barmoqlari bilan ularni ko‘rsatishni yaxshi ko‘radi. Kattalarning o‘zini erkalab, o‘ynatishlarini yoqtiradi.
O‘n birinchi oy
O‘n birinchi oyga kelib, ularning gavda og‘irligi tug‘ilgan vaqtdagiga qaraganda uch hissa ortadi. Bu davrda bola uzoq vaqt mustaqil ravishda tik turishga va hatto, “atak-chechak” qilib yurishga urinadi. Ba’zan bu yoshdagi kichkintoylar, o‘zining aravachasi va stulchasini oldiga itarib, shu narsalarga tayangan holda sekin-asta yura boshlaydi. Barmoqlar harakati ham bu davrga kelib, sezilarli darajada ortadi. Go‘dak endi nisbatan murakkabroq harakatlarni bajara boshlaydi. O‘yinchoq piramidadan halqalarni chiqarib oladi va yana uni joyiga qo‘yadi. Qutichalarni ochib-yopishni yaxshi ko‘radi. Bola hayotining o‘n ikkinchi oyi, uning bir yoshga to‘lishini yakunlovchi eng qiyin va mas’uliyatli oy hisoblanadi. Bu davrda gavdaga qo‘shiladigan vazn miqdori kamayadi. Butun o‘n ikki oy mobaynida go‘dakning bo‘yi faqat bir santimetrga o‘sadi. Uning vazni esa 350 grammga ortadi. Bir yoshli bola endi mustaqil turadi va yura oladi. Farzandingiz zinalardan emaklab chiqadi yoki uncha baland bo‘lmagan stulchasiga tirmashadi. Bola ikki bo‘g‘inli so‘zlarni faol o‘zlashtira boshlaydi. So‘zlarni aytayotganida, u imo-ishoralar qiladi.
O‘n ikkinchi oy
O‘n ikkinchi oy bolaning hayotida bir yoshga to‘lish tantanasi – birinchi bayram oila davrasida quvonch bilan nishonlanadi.
Feruza Nazarova,
tibbiyot fanlari nomzodi,
vrach-neonatolog
Manba: Tafsilot.Uz