Mana uzoq kutilgan onlar yetib kelib, yangi mehmonni qo‘lga oldingiz. Shifokor aytishicha, farzandingiz sog‘lom. Ammo ertasi kuniyoq uning terisi sarg‘aya boshladi. Sariqlik butun badaniga tarqaldi. Lekin xavotirga o‘rin yo‘q. Bu chaqaloqlik davrida uchrab turadigan holat. Shu tariqa farzandingiz yangi sharoitga moslashayapti. Lekin ayrim hollarda go‘dakdagi sariqlik bir qator kasalliklarning belgisi sifatida onani sergaklantirishi zarur. Bunday paytda qanday yo‘l tutish kerak? Bu haqda neonatolog Umida AZIMOVA batafsil ma’lumot beradi.
BU TABIIY HOLMI?
Kichkintoy ona qornida ekanligida kislorodni yo‘ldosh orqali olgan.Tug‘ilgach, homila kislorodi havodagi kislorod bilan almashindi. Eski qon tanachalari parchalanishga ulgurmay, bola jigarida bilirubin nomli modda sifatida yig‘iladi. Aynan shu modda bola terisini sariq rangga bo‘yaydi.
Bilirubin qonda ko‘paygani sayin bolaning bosh terisi, bo‘yni, ko‘krak va qorin sohasidagi teri sarg‘ayib boradi. Sariqlikni aniqlash uchun:
*bolaning peshona terisiga ko‘rsatkich barmoq bilan yengil bosiladi. Agar bosgan joy qizarmay, sariqlik saqlansa, albatta, shifokorga xabar beriladi.
* sariqlik qo‘l va oyoq kaftlariga tarqalishi xavfli.
Agar bola muddatiga yetib tug‘ilib, tana vazni me’yorida bo‘lsa, teridagi sariqlik ilk haftaning oxirlaridayoq o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi. Bu tabiiy (fiziologik) sariqlik hisoblanadi. Ammo sog‘lom, tana vazni me’yorida tug‘ilgan, kun sayin vazn qo‘shib borsa-da, sariqlik 2 haftadan keyin ham yo‘qolmasa, albatta, bolalar shifokoriga murojaat etish kerak. Muddatdan ilgari tug‘ilgan bolalarda sariqlik 12-14 kunlik bo‘lgunicha davom etishi mumkin. Negaki, ularning jigari to‘la yetilmagani sabab,bilirubinni organizmdan chiqarishga biroz ojiz. Bordi-yu, ulardagi sariqlik 3 haftadan ortiq saqlansa, shu bilan birga bola injiq, emishdan bosh tortsa, bu haqda albatta, bolalar shifokorini xabardor qilish lozim.
Aslida, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning har 10 tadan 5-6 tasida sariqlik kuzatiladi. Qolganlarida esa bu jarayon me’yorda kechib, bola rangiga urmaydi.
TEZ-TEZ EMIZING
Bola sarg‘ayishining yana bir sabablariga:
*tug‘ilgach, sovuqqotishi,
*onaning to‘g‘ri emizishni bilmagani sabab, bolaning och qolishi,
*kam emgani sabab, ichi qotishi kabilar kiradi.
Aynan shuning uchun chaqaloq tug‘ilishi bilanoq unga ko‘krak tutiladi. Tez-tez emizish bolaning jigari, ichaklarining faol ishlashiga va ortiqcha bilirubinni tezroq organizmdan chiqarishiga xizmat qiladi. Qarabsiz-ki, 3-4 kun ichida boladagi sariqlik o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
ONANING O‘ZI AYBDOR?
Ba’zan boladagi sariqlikka ona suti sabab bo‘ladi. Gap shundaki, tug‘ruqdan keyin ayrim ayollarning sutida bola terisini sarg‘aytiruvchi modda topiladi. Lekin shunda ham bolani ona sutidan ayirish noto‘g‘ri. Shifokor bilan maslahatlashgan holda, emizishda davom etilaveradi, faqat ona-bola tegishli davo choralaridan o‘tishi kerak.
SARIQLIK KASALLIK BELGISI BO‘LSA...
Ayrim hollarda chaqaloqdagi sariqlik ayrim kasalliklarning belgisi bo‘lishi mumkin.U holda gap patologik sariqlik haqida ketmoqda. Uning sabablari turlicha:
*ona-bola qonining bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi. Misol uchun, onaning qoni I-chi, bolada esaII-chi, kamdan-kam holatlarda III-chi guruh bo‘lishi mumkin. Yoki onaning rezus-faktori manfiy, bolada esa musbat bo‘lib qolishi mumkin. Ana shunda chaqaloqning rangi keskin sarg‘ayib ketadi. U emishdan bosh tortadi, behol va injiq bo‘lib qoladi.
*tug‘ruqning shiddatli kechishi ham boladagi sariqlikka sabab bo‘lishi mumkin.
* onasida qandli diabet kuzatilgan chaqaloqlarda patologik sariqlik kuzatiladi.
*chaqaloqlardagi sariqlik bolaning biron kasallik bilan tug‘ilishiga ishora bo‘lishi mumkin. Misol uchun, jigar yetarlicha rivojlanmagan bo‘lib, o‘z vazifalarini yetarlicha bajarmaydi. Bunda gap irsiy yo‘l bilan o‘tgan sariq kasali haqida ketmoqda.
*Ba’zan bolada o‘t yo‘llari o‘tmasligi kuzatiladi. Bu ham ota-onani sergaklantirishi lozim.
* Yuqumli kasalliklar ham go‘dak terisini sarg‘aytiradi. Patologik sariqlik borgan sayin kuchayishi, ba’zan bir oygacha saqlanishi yoki yo‘qolib yana paydo bo‘lishi bilan kechadi. Bolaning peshobining rangi to‘qlashadi, axlati esa aksincha och tus oladi.
NIMA QILAMIZ?
Avvalo, shifokor ko‘rsatmalariga quloq tutamiz. Chunki to‘g‘ri tashhisni faqat u qo‘ya oladi. Oddiy (fiziologik) sariqlik maxsus davolanishni talab qilmaydi. Aytilganidek, bolani tez-tez, kerak bo‘lsa, uyg‘otib emizish lozim.
Bu davrda chaqaloq uchun havo vannalari foydali. Ertalabki soat 10-11 gacha har kuni 3-5 daqiqaga ustini ochib, karavotchani deraza yoniga suriladi. Derazadan tushib turuvchi yorug‘lik nurlari bola terisi uchun shifobaxsh bo‘lib, sariqlikning yo‘qolishiga xizmat qiladi.
Boladagi sariqlik me’yordan oshadigan bo‘lsa, shifokorlar fotodavolash yo‘li bilan bu muammoni hal qilishadi. Bunda kichkintoyingiz maxsus oynaband bo‘limga solinib, ko‘zlari himoyalovchi niqob bilan to‘siladi. Davolovchi chiroqlar yoqilib, o‘zidan yoqimli issiqlik taratuvchi muhitda bola maza qilib uxlaydi, shu bilan birga terisidagi ortiqcha sariqlikdan xalos bo‘ladi. Maxsus fotochiroqlardan taralayotgan ultrabinafsha nurlarbola organizmidagi bilirubinni parchalab, peshob va najas orqali chiqishini tezlashtiradi.
Belgilangan choralardan keyin ham sariqlik ketmasa, qayta tekshiruv o‘tkaziladi. Sariqlik gemolitik kasallik(ona-bolaning qoni bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi) bilan bog‘liq bo‘lsa, qon almashtirish choralari qo‘llanadi. Og‘ir hollarda chaqaloqni maxsus statsionarga o‘tkaziladi. Ayniqsa, sariqlik ancha kech (7-8 kunligida, ba’zan esa 14 kunligida) aniqlansa, buning sababini aniqlash shart.Chunki bunda sariqlik bolaning bosh miyasiga tarqalish xavfi bor. Bunga qarshi jiddiy choralar ko‘riladi, qon zardobi, quvvatlovchi eritmalar yuborilib, bolada aniqlangan asosiy kasallik belgilari bilan kurashiladi. Sariqlik yuqumli kasalliklar belgisi bo‘lsa, davolashda virus-bakteriyalarga qarshi, o‘t haydovchi, jigarni tozalovchi dori vositalar qo‘llanadi.
PROFILAKTIKA ZARUR
Bo‘lajak ona salomatligiga jiddiy e’tibor berishi, homiladorlik paytida yuqumli kasalliklardan saqlanishi, mavjud surunkali kasalliklarni o‘z vaqtida davolashi muhim.Sariqlikni yengish uchun hazmi og‘ir mahsulotlardan parhez qilib, yumshoq bo‘tqalar, suyuq taomlar iste’mol qilish, ko‘proq suyuqlik ichish maqsadga muvofiq. Yodingizda bo‘lsin, chaqaloqlardagi sariqlik kasallik emas, lekin biron jiddiy kasallik belgisi bo‘lmasligi uchun bu holatga beparvo bo‘lmaslik juda muhim.
Barno Hojimirzayeva
Manba: Darakchi.uz