— Sherzod, ho‘, Sherzod! Jazirama issiqqa chiday olmasdan muzdekkina uyga kirib uxlamoqchi bo‘lib turgan Sherzodning ensasi qotdi. Shunday issiqda ham tinchlik yo‘g‘-a! Kim bo‘ldi ekan qush uchmaydigan vaqtda kelgan? U erinibgina o‘rnidan turdi, bir xayoli indamay yotaveray dedi-yu, balki ishi zaril kishidir deya o‘ylab ko‘ylagini kiydi. — Namuncha? Qulog‘ing tom bitganmi? Chaqiraverib ovozim bo‘g‘ilib qolay dedi. Sherzodni ko‘rishi bilan o‘pkaladi Naim. U tog‘asining o‘g‘li. Anchagina uchar bola. Dadasi ruchka olib bersa, maqtab-maqtab birorta laqma sinfdoshiga ikki baravar qimmatiga sotadi-yu, ruchkaning pulini yoniga qoldirib foydasiga muzqaymoqmi, morsmi olib ichadi. Xullas, yulduzni benarvon uradi. Sherzod tog‘avachchasiga “O‘zi sen yetmay turuvding ” degandek qaradi. Keyin kerisha turib: — Uyquning ham beliga tepding? Hatto qushlaru, qurt-qumursqalar ham soya-salqinda dam olayotgan paytda nima qilib tentirab yuribsan?—dedi. — E, sen nimaniyam bilarding? Issiq deb yotaverasanmi? Menda bir fikr bor. Naim juda sirli bir gap aytmoqchidek, shalpangquloqlarini ding qilgancha atrofga alangladi. Shu turishida qora-qura tekkan yuzlari, olazarak boquvchi ko‘zalari biram qiziq tus oldiki. Beixtiyor Sherzodning kulgisi qistadi. — Ha, nega ishshayasan? Hali nima gapligini aytmadimku! — Shunchaki o‘zim. Yur, ichkariga kiraylik. Hozir issiqda qovurdoq bo‘lib qolish hech gap emas. Naim shuni kutib turgandek lip etib uyga kirdi. Ayvonda turgan kattakon sopol xumdan bir kosa suv olib ichdi-yu, og‘zini ham artmasdan gapirishga tushdi. — Oying qachon keladi? — Nima edi? — Har kuni choy sotgani chiqasan-a? — Ha. Yana nima qitmirlikni o‘ylading? — Oying kelgunicha, o‘zimiz choy damlab sotmaymizmi? Bir-ikki so‘m ishlab olardik. Nima deding? Sherzodning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi. Axir oyisi bilib qolsa bormi? — Yo‘q. Oyimni bilasan-ku, o‘zboshimchalarni yomon ko‘radi. Undan keyin oyimdan yashirincha ish qilmayman. Yaxshisi kel, u kishi kelgunicha dam olib turamiz. Qara, uyning salqinligini. Sherzod maza qilayotganini bildirmoqchi bo‘lgandek, ko‘zlarini yumib oldi. — Hey, ammam qachon keladi-yu. Hozir bekatda ayni bozor qizigan payt. Chanqagan yo‘lovchilar choyingni ikki baravariga pullasang ham jon deb olishadi. Innankeyin, — dedi Naim kamida chollardek salmoqlab, — Biz sotadigan choy gazli suvdan ko‘ra ancha arzonroq. Sherzod o‘ylanib qoldi. Uning dumaloq, kulgichlari o‘ynab turgan yuzlari qizarib, peshonasini marjon ter qopladi. Naimning gapida jon bor. Choy qaynatishning nimasi qiyin? Suvni idishga quyib gazning qulog‘ini burasang bo‘ldi, yarim soatda qaynaydi – qoladi. Unga quruq choyni solasanu, muzlatgichda tayyor qilib qo‘yilgan yaxlarni qo‘shasan. Qarabsanki, quling o‘rgilsin, rohatijon yaxna choy tayyor. Oyisi kelib o‘g‘lining katta bola bo‘lib qolganidan quvonadi. Axir rosti ham u endi yosh bolamas. Bu yil beshinchiga ko‘chadi. — Bo‘laqol endi. Nega qiz boladek nozlanasan?— dedi Naim aftini burishtirib. — Yur, bo‘lmasa. Idishni gazga qo‘yishvor. Bir o‘zim ko‘tarolmayman. Sherzodni bir amallab ko‘ndirgan Naimning og‘zi qulog‘ida uning ortidan ergashdi. Ishqilib ammasi kelib qolmasin-da. Unda hamma ish pachava bo‘ladi. Tashqarida yengilgina shabada esgandek bo‘ldi. Yaproqchalar entikkandek, asta shitirlab qo‘yishdi. Hovlidagi katta marvartak tutning qalin soyasida choy qaynashini kutib o‘tirgan bolalar ham shabadadan huzurlanishdi. Qayerdadir musicha kukuladi. Bulbul xonish qildi.Sherzodlarning uyi shahar ichida bo‘lsa ham, atrofda daraxtzor bog‘lar ko‘p. Shuning uchun ham bahor-yoz bu yerlarda sa’va-yu, bulbullar, musichalar qo‘nim topishadi. Sirli qo‘shiqlar kuylashadi. “Huddi ertakdagiga o‘xshaydi-ya. ” xayolga berildi Sherzod. —Bo‘ldi, tur. Choy qaynagandir. Bu o‘tirishda kechgacha ham bekatga chiqolmaymiz,— dedi Naim shoshilib. Bolalar oshxonaga kirishdi. Idishdagi suv hali qaynamabdi. —Olovni balandlatsang-chi. Bunaqada qachon qaynaydi?—jig‘ibiyron bo‘ldi Naim. Aslida u ammasi kelib qolib, rejalari barbod bo‘lishidan qo‘rqayotgandi. Hech bo‘lmasa bir-ikki piyola sotishga ulgurishsayam mayli. Bitta muzqaymoqqa yetadigan pul bo‘ladi. — Eng baland olovda turibdi. Shoshma, qaynasin. — E, kim bilib o‘tiribdi. Muz solsak qaynamagani bilinmay ketadi, —bilag‘onlik qildi Naim. — Yo‘q. Odamlarni aldash insofdan emas. Birovlarni aldab olgan pullaring buyurmaydi, — dedi Sherzod onasidan eshitgan gaplarini takrorlab. — Bir martaga hech narsa qilmaydi. Shunchayam lallaygan bo‘lasanmi? Kim aytadi, seni o‘g‘il bola deb? — Nima o‘g‘il bola odamlarni aldasa bo‘laveradi, deb yozib qo‘yilganmi?— dedi Sherzod bo‘sh kelmay. —Ko‘tar, — dedi Naim idishning bir qulog‘idan ushlab. Qaynamasa ham bo‘laveradi. Sherzod nima qilishini bilmay qoldi. Keyin Naimning aytganiga kirib idishni ko‘tarishib yubordi. Ikkalasi inqillab-sinqillab suvni yerga qo‘yishdi. Naim unga quruq choy soldi. Endi muz solishsa bo‘ldi. Yaxna choy tayyor. —Men chiqmayman. O‘zing sotaver choyni,— deb qoldi bir payt Sherzod tumshaygancha. — Ha, nima bo‘ldi, burga tepdimi? Qovoqlari osilib ketdi?—kesatdi Naim. — Birovlarni aldab choy sotmayman. — Voy o‘rgildim, sendaqa halolu pokdomondan. O‘zi har kuni choy sotib ishlagan pulingdan bir-ikki so‘m urib qolsang kerak. — Tuhmat qilma — dedi Sherzod og‘zidan tupuk sachrab. — Men senga o‘xshagan yolg‘onchi, muttaham emasman. — Kim muttaham?— mushtini tugdi Naim. — Sen-da. Axir qaynamagan choyni sotib pul ishlamoqchisan-ku. Shu payt darvoza ochilib Dono opa kelib qolmaganida kim biladi bu tortishuv nima bilan tugardi. —Ha, bolalar nima gap? — Assalomu-alaykum, ammajon! Shunchaki o‘zimiz, — ammasining fe’lini yaxshi bilgan Naim dovdiradi. Dono opaning ko‘zi idishda hovuri chiqib turgan choyga tushdi. — Buningni rangi sal g‘alatiroqmi, o‘g‘lim? — dedi Dono opa Sherzodga sinovchan tikilib. — Choyni ozroq solib qo‘yibmiz-da. Hozir yana qo‘shaman, — dedi sherzod gapirishga ulgurmasdan Naim mahmadonalik qilib. Sherzodning yuzi qizardi. Yuragidan bir narsa toshib kelgandek bo‘ldi. Onasi hammasini bilib turganini ichki bir sezgi bilan his qildi-yu, o‘z ishidan uyalib ketdi. — Meni kechiring, oyijon! — dedi-da, choy to‘la idishni ariqqa ag‘dardi. So‘ng Naimga ham qaramay, ko‘chaga qarab chopib ketdi.
Saida Ibodinova