Kechgacha kitobning yarmini qidirdim. Yo‘q. Yerga kirganmi ye ko‘kka chiqqanmi, xullas yo‘qda. Kitob chiqarayotganlar ham mundoq ustini qattiq muqova qilib, ichini ham mustahkam qilishmaydimi. Yana ingliz tili darsligi. Endi nima qilaman? Bu o‘zimning kitobim bo‘lsa ham mayli. Sinfdoshim Farhodning kitobi. U judayam tartibli, a’lochi bola. Agar kitobni yirtib qo‘yganimni bilsa bormi? Eh, nima qilsam ekan? Yig‘lamoqdan beri bo‘lib yon qo‘shnimiz dugonam Nargizanikiga yugurdim. Yuragim hapriqib darvozani taqillatdim. Xayriyat darvozani Nargizaning o‘zi ochdi. - Ha, ranging rus tili darsidan she’rni yodlamagandek oqarib ketibdi? Nargiza o‘zi shunaqa. Ilovasiz gapirolmaydi. Hamma uning nashtar so‘zlaridan qo‘rqib turadi. - Nargiz, bugun maktabda hech kim sumkamga tegmaganmidi? - Iye, qiziqmisan? Kim sening sumkangga tegadi? Axir kimsan, direktorning qizi bo‘lsang. Sening pishagingni pisht deyishga ham qo‘rqamiz-ku! – kesatdi Nargiza. - Qo‘y, shu gaplarni. Axir sen yonimda o‘tirasan. Ingliz tili kitobi ikkalamizga berilgandi. Yo‘qotib qo‘yding. Shunga FArhodnikini olib turgandim. Kimdir Yarmini yirtib qo‘yibdi. O‘sha yarmini qidirmagan joyim qolmadi. Nargiza pinagini ham buzmadi. Dunyoni suv bossa o‘rdakka nima g‘am degandek yelkasini qisdi. Nima qilishimni bilmay turib qoldim. Ertaga sinf rahbarimiz Unsinoy opaga aytmasam bo‘lmaydi shekilli. Endi Farhodning oldida nima degan odam bo‘ldim? Kechqurungi ovqat ham tomog‘imdan o‘tmadi. Nega? Nima uchun sinfdoshlarim meni bunchalik yomon ko‘rishadi? Aybim direktorning qizi bo‘lganimmi? Axir hech ham bundan kerilib ularni bepisand qilgan joyim yo‘q. Aksincha, onam maktabdagi barcha o‘quvchilardan ham ko‘ra menga talabchanroq. Hamma vazifani birinchi bo‘lib menga yuklaydi. Hech qachon meni maqtab gapirmaydi. Uyda gapirsam, Seni hammaning oldida maqtasam uyat bo‘ladi. Odamlar gap qilishadi, deydi. Odamlarga ham hayronman. Nega bo‘lgan bo‘lmagan narsalarni gap qilaverarkin? Erta tongda turib papkamni yana bir qarab chiqdim. Topolmadim. Nonushta ham tomog‘imdan o‘tmadi. Onam: - Ha, tumshayib o‘tiribsan?- deb so‘radi. Indamadim. Ammo maktabga yaqinlashayotganimda yuragim bezovta pitirchiladi. Farhod kitobini so‘rashi aniq. Aksiga olib birinchi soat ingliz tili edi. Qo‘ng‘iroq chalindi. Yurak hovuchlab o‘tirsam, tirjayib Nargiza kirib keldi. Menga qarab tirjayib qo‘ydi. Nega tirjayadi, kuydirilgan kallaga o‘xshab, yo kitobni... Yo‘g‘-ye, shunchalikka bormas. Negadir dars tugay deb qoldi hamki Farhod ko‘rinmadi. Katta tanaffusda bir sinf pastda o‘qiydigan singlisidan so‘radim. Tomog‘i og‘rib, issig‘i chiqayotganmish. Birinchi marta birovning kasalligini eshitib xursand bo‘lib ketdim. Axir Farhod tuzalguncha kitobni topishim mumkin. So‘ng hamma sinfdoshlarimdan kitobning yarmi haqida so‘radim. Hammasi kelishib olgandek ko‘rmadim deydi-ya. Darslar tugadi. Charchoqni ham unutib hamma tashqariga yugurdi. Atrof biram go‘zal-ey! Bahor juda ajoyib faslda. Havoda asal hidididek yoqimli va muattar ifor kezadi. Hamma joydan asalarilarning g‘uvillagani eshitiladi. Kech kuzdan buyon qurib-qovjirab yotgan ariqda suv oshib-toshib oqadi. Kapalaklar nozlanib qanot qoqadi. Shu manzaralarga mahliyo bo‘lib ketayotgandim, ariq bo‘yida oqarib turgan narsaga ko‘zim tushdi. Yaqinroq bordim. Ha, bu o‘sha. Ustiga “ENGlLISH 7” deb yozilgan kitob. Uni avaylab oldim. Sal namiqib qolibdi. Hechqisi yuq, muhimi topdim-ku. Lekin u bu yerga qanday kelib qoldi ekan? Shunda kitobni varaqladimu, ichidan ikki buklog‘liq qog‘oz topdim. Unda shunday so‘zlar yozilgandi: “Agar kitobni topsang senga qoyilman. Ammo aytib qo‘yay Farhodni tinch qo‘y. Ajab emas kitobni deb oralaringdan ola mushuk o‘tib qolsa. Kim aytdi senga ikkichida ko‘ngil yo‘q deb. Bu faqat ogohlantirish. Xushyor bo‘l direktorning erkatoyi.” Aji-buji yozuvni ko‘rib kulgim qistadi. Xat muallifini yozuvidan tanigandim. Lekin birovning sirini ochishni yomon ko‘raman. Menimcha, siz ham uning kimligini darrov bildingiz.
Saida Rustam qizi