Salomatlik

Yoz faslida kichkintoyni qiynaydigan muammolar

Yoz jaziramasida kichkintoylar sog‘lig‘iga daxldor talaygina muammolar yuzaga keladi. Negaki, ushbu faslda muzdek suv ichgan yoki muzqaymoq yegan, mevalarni yuvmasdan tanovvul qilgan, hovuzda cho‘milayotib, qulog‘iga suv kirgan, daraxtdan yiqilgan va oyoq-qo‘li shilingan bolalarni har qadamda uchratish mumkin. Ularning mavsumiy “muammo”laridan yana biri “issiqlik” toshishidir.

Nega issiqlik toshadi?

Ob-havoning keskin isishi yosh bolalar, ayniqsa go‘daklarni qiynab qo‘yadi. Bola organizmi kattalarnikidan anchayin farq qilgani bois kun isib ketganida uning organizmida suyuqlik ishlab chiqarish darajasi ortadi, ya’ni ter bezlaridan ter ajralishi kuchayadi. Bu tanani qizib ketishdan saqlaydi. Agar bola juda qalin kiyingan, o‘ralgan yoki badaniga turli kremlar surtilgan bo‘lsa, ter ajralishi jarayoni buziladi. Natijada, ter tashqariga chiqish o‘rniga ter bezlarida to‘plana boshlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, teriga pushti-qizil toshmalar toshishi bilan namoyon bo‘ladi. Issiqlik toshgan joy qattiq qichishadi, qashiganda esa unga infeksiya tushib, yiringlash paydo bo‘lishi mumkin. Mazkur mayda toshmalar yana teri bo‘g‘imlari orasida qizarishlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Qizarish esa bichilishni keltirib chiqaradi.

O‘z-o‘zidan tuzalmaydi

Qiqirlab kuladigan sog‘lom bolakay har bir onaning quvonchi! Ammo issiqlik toshishi uni qaysar, uyqusiz va ishtahasiz qilib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun teridagi toshma va bichilishlarga o‘z-o‘zidan o‘tib ketadigan holat, deb qaramang. Ulardan qutulishning eng oson yo‘li — bu odatiy gigiyenik muolajalardir.

Toshmalarga qarshi kurashamiz!

  • Bolalar gigiyenik kukunidan foydalaning. Uni kaftingizga to‘kib, bolaning badaniga ohista ishqalang. Teri yuzasi qizargan bo‘lsa, bolalar kremidan foydalanmang.
  • Bolakay yotgan yoki o‘tirgan xonani tez-tez shamollatib turing. Lekin yelvizakdan asrang.
  • Bolani cho‘miltirishingiz bilan qalin qilib o‘rash shart emas. Namlik badaniga biroz singishiga imkon bering.
  • Yoz faslida bolani tez-tez cho‘miltiring. Kuniga kamida bir marta bo‘lsin.
  • Tabiiy toladan tikilgan kiyimlarni kiydirishga harakat qiling.
  • Yotoq choyshablari ham paxta tolasidan bo‘lgani ma’qul.
  • Kichkintoyingiz yotgan yoki o‘tirgan xonadagi haroratni muntazam kuzatib boring, xona harorati + 20 S atrofida bo‘lishi lozim.
  • Bola uchun gigiyenik vositalarning ham mavsumbopini tanlang. Tarkibida yog‘lari bor kremlarni yozda qo‘llashni tavsiya etmaymiz.
  • Shirintoyni kiyintirishda havo haroratini hisobga oling. Masalan, bitta qalin ko‘ylakcha o‘rniga ikkita yupqasini kiydiring. Havo isib ketsa, ustki ko‘ylakni yechib qo‘yish mumkin bo‘ladi.

Issiqlik asorat bersa...

Agar issiqlik toshmalari va bichilishlar odatiy muolajalardan keyin ham ikki-uch kunda o‘tib ketmasa, aksincha, ko‘payib borsa va toshma rangi o‘zgartirsa, bu bolaning terisiga infeksiya tushganligidan dalolatdir. Bunday paytda o‘zibilarmonlik bilan turli malhamlarni surtmay, bolalar shifokoriga murojaat qilishni maslahat beramiz.

Pediatr, oliy toifali shifokor, Hilola RIZAYeVA tavsiyalari asosida

Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi

Xalq tabobati usullari

Moychechak, ittikinak (chereda), tirnoqgul (kalendula). Bu giyohlarning hammasidan teng miqdorda olib (har biridan 3 osh qoshiq), yarim litr suvga damlab qo‘yiladi. Damlama sovugach, dokadan o‘tkazib, uni bola cho‘miladigan suvga qo‘shish foydalidir. Har gal cho‘milish oldidan damlama yangitdan tayyorlanadi.

Yong‘oq daraxti barglari. Taxminan 10 dona barg bir stakan suvda 10-15 daqiqa qaynatiladi. Sovutib, suzib olingach, kichkintoy cho‘miladigan suvga qo‘shiladi.

Margansovka eritmasi. Margansovkani suvga qo‘shib, och pushti rang hosil qilinadi. Bola cho‘milib bo‘lgach, ana shu suvda chayintirish lozim.

Dafna (lavr) yaprog‘i. Yetti dona quruq bargni bir stakan qaynagan suvga damlanadi. Bu damlama bilan terining qizargan joylarini artgan ma’qul. Faqat ehtiyot bo‘ling, ayrimlarda dafna bargi allergiyani keltirib chiqarishi ham mumkin.

Soda. Iste’mol sodasining eritmasi bilan issiqlik toshmalari ho‘llansa, qichishish va achishish yo‘qoladi.

Tuproq. Momolarimiz uyda paxsa urilayotgan va somon suvoq qilinayotganda unga ishlatiladigan tuproqdan ozgina olib qo‘yishgan. Go‘dak issiqlikdan qiynalayotganida shu tuproqni suvda eritib, bola chayintirilsa toshmalar tez yo‘qoladi. Sinovdan o‘tgan bu usulning sezilarli naf berishi va bezararligiga tajribada ko‘p bor guvoh bo‘lingan.

Manba: Darakchi.uz