Sentyabr oyida Shayxontohur tumanidagi 197-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida ota-onalardan kelib tushgan shikoyat asosida Maktabgacha ta’lim vazirligi Ichki audit xizmati tomonidan o‘tkazilgan auditorlik tekshiruvidan so‘ng prokuratura organlari Jinoyat kodeksining 167-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.
14 noyabr kuni muassasa sobiq mudirasi davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning jami miqdori - 426 mln 875,5 ming so‘m mablag‘ni to‘liq to‘lagani ma’lum bo‘ldi, deb yozadi Kun.uz. Mudira buncha pulni qayerdan topgani noma’lum.
Kun.uz muxbiri ushbu sohadagi mutaxassislar bilan bog‘landi va ayrim bolalar bog‘chalari rahbarlari qanday noqonuniy yo‘llar bilan daromad topishayotganiga aniqlik kiritdi.
Sut, saryog‘ va go‘sht
Daromad topishning eng asosiy manbalari. Masalan, bog‘cha mudirasi go‘sht savdosi bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkor bilan kelishadi. Bolalar har oyda 100 kilo go‘sht iste’mol qilishi kerak, buning uchun pul ajratilgan. Mudira yetkazib beruvchi bilan kelishib oladi va uning hisobiga 100 kg go‘sht uchun pul o‘tkazadi. Yetkazib beruvchi esa o‘tkazilgan pulni naqdlashtiradi va bog‘chaga bor-yo‘g‘i 40 kg go‘sht olib keladi. Qolgan pulni esa bo‘lishib olishadi. Aytaylik, 60 kg go‘sht 2 mln 400 ming so‘m turadigan bo‘lsa, 1,5 mln so‘mini mudira, 900 mingini go‘sht sotuvchi oladi.
1,5 mln so‘mni 12 oyga ko‘paytirsak, 18 mln so‘m bo‘ladi. Sut, qaymoq va boshqa mahsulotlar bilan ham xuddi shunday sxema asosida ish ko‘riladi.
Qishki zaxira
Ekspertlarning qayd etishlaricha, kuz-qish mavsumi arafasida bolalar bog‘chalari zaxira uchun ko‘plab sabzavot (kartoshka, piyoz va v.b.) sotib oladi. Masalan, bolalar bog‘chasida kerakli sabzavotlarni zaxira qilish uchun 10 mln so‘m bor. Bu pul tanish firmaga o‘tkaziladi, ular esa pulni naqdlashtirishadi. Mudiraning qo‘liga 9 mln so‘m tegadi. Bog‘cha xodimlari bozorga borib 3 mln so‘mlik sabzavot sotib olishadi, qolgan pul esa cho‘ntakka tushadi.
Bola ko‘p bo‘lsa, daromad ham ko‘p bo‘ladi
Masalan, har bir guruhda 20tadan bola bo‘lishi kerak. Bolalar bog‘chasida 6ta guruh faoliyat ko‘rsatadi. Ota-onalar mudiradan farzandini bog‘chaga qabul qilishini so‘rashadi. Chunki ota ham, ona ham ishlaydi.
«Yaxshi, bolangizni bog‘chaga olamiz, har oyda 150 ming so‘m to‘laysiz. Aytgancha, xonalarni ta’mirlamoqchimiz, ta’mirlashga 200 ming so‘m berasiz», deydi mudira.
Muammo hal bo‘ldi. Asosiysi, bola bog‘chaga qabul qilindi.
Hisoblaymiz: 6ta guruhda o‘rtacha 10tadan «noqonuniy» bola bor, har bir bola uchun ota-onalar o‘rtacha 150 ming so‘mdan to‘lashadi. Shunday qilib, mudira har oyda 9 mln so‘m ishlaydi.
«O‘lik jonlar»
De-yure: har bir guruhda 2tadan tarbiyachi bor. Bolalar bog‘chasini 3ta qorovul qo‘riqlaydi. To‘rt nafar farrosh tozalash ishlari bilan shug‘ullanadi.
De-fakto: har bir guruhda bittadan tarbiyachi ishlaydi. Bog‘chani 2ta qorovul qo‘riqlaydi. Farroshlar esa 2 kishi .
«Mavjud bo‘lmagan xodimlar»ning maoshi cho‘ntakka tushadi.
Yuqoridagi «daromadlar»ga ta’mirlash va boshqa maqsadlar uchun yig‘imlar qo‘shiladi.
O‘zbekistondagi ayrim bolalar bog‘chalarida mana shunday sxemalar mavjud.
Maktabgacha ta’lim vazirligining qayd etishicha, keyingi yillarda tizimda muammolar to‘planib qolgan va vazirlik bu muammolarni hal qilish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda.