Homiladorlik

To‘lg‘oq alomatlari

туғруқ аломатлариOila kattalari bo‘lgan qaynona yo buvijonlar homilador kelinlarning taxminan qachon ko‘zlari yorishini bir nigoh bilan taxmin qila oladilar. Va bu taxmin aksar hollarda to‘g‘ri chiqqani bois, bu “karomat”lari nimaga asoslangani bilan qiziqardim. Buni qarangki, tug‘ruq yaqinlashganini ko‘rsatuvchi tashqi alomatlar anchagina ekan.
Dard tutishidan avval ayol organizmida va uning tashqi ko‘rinishida ham bir qancha o‘zgarishlar paydo bo‘la boshlaydi. Ayol bu o‘zgarishlarga e’tiborli bo‘lsa, o‘zini ham ruhan, ham jismonan tug‘ruqqa hozirlashi oson kechadi. Tug‘ruq oldi ayol organizmida estrogen miqdori oshishi ayolning kayfiyati va harakatida bir qancha o‘zgarishlarga olib keladi. Bu o‘zgarishlar homilador ayollarda turli shakl va vaqt oralig‘ida namoyon bo‘ladi.

Yolg‘onchi dard. Homiladorlikning 38 haftasida paydo bo‘lishi mumkin. Odatda homilador ayol ikkinchi uch oylikda Brekston-Xiks to‘lg‘og‘ini his qila boshlaydi. Ammo yolg‘onchi to‘lg‘oq Brekston-Xiks to‘lg‘og‘idan farqli o‘laroq shiddatliroq davom etadi. Bu ikki to‘lg‘oq turi ham bachadonni tug‘ruqqa hozirlashga xizmat qiladi va og‘riq qattiq, muntazam davom etmaydi. Haqiqiy to‘lg‘oq esa muntazam bo‘lib borgan sari kuchayib va tezlashib boradi. Yolg‘onchi to‘lg‘oqdan qo‘rqmang va xavotirga tushmang.

Qorin pasayishi. Tug‘ruqdan 2-3 hafta avval bola bachadon pastiga “yopishadi”, va uni pastga tortadi. Bu vaqtga qadar qorin bo‘shlig‘i tepaligida joylashgan qorin endi tos sohasiga “tushadi”. Homila endi ichki a’zolarni ezmaydi. Shu sababli homiladorlikning oxirgi 2-3 haftalarida ayol biroz yengil nafas ola boshlaydi. Jig‘ildon qaynashi, kekirish ham yo‘qoladi. Ammo yurish, o‘tirish aksincha qiyinlashadi. Endilikda bachadon og‘irligi oshqozon va diafragmaga emas, siydik qopiga tushgani bois hojatxona “chaqiriqlari” soni oshadi. Bachadon pastga tushishi chov qismi paylarida og‘riqlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Oyoq va belda ham og‘irlik seziladi. Ikkinchi va keyingi homiladorliklarda esa qorin tug‘ruqdan biroz avval pastga tushadi. Ba’zi hollarda esa bu holat umuman homiladorda kuzatilmasligi mumkin.

Vazn tushishi. Tug‘ruqdan 2 hafta avval homilador ayolda 0,5-2 kg miqdorida vazn tushadi. Buning sababi, organizmda ortiqcha suyuqlik chiqib ketishi va shishlar kamayishida.

Ich yumshashi. Gormonlar ichak mushaklarini ham bo‘shashtiradi va avvaliga qabziyat, ich qotishidan qiynalgan homilador endi ich bo‘shashi sababli 2-3 marotaba hojatga chiqishi mumkin.

Ishtaha pasayishi. “Sen ikkita jon uchun yeyishing kerak”, deyishadi homilador ayollarga. Ammo tug‘ruq oldi ayolda ishtaha kamayishi kuzatiladi, bu organizmni to‘lg‘oqqa hozirlanayotganiga dalolat qiladi.

Hissiyotchanlik o‘zgarishi. Tug‘ruqqa yaqin ayolning ruhiy holati, kayfiyati o‘zgaradi. Bo‘lajak ona tez charchaydi, ko‘proq dam olishni, uxlashni istaydi, hech narsa qilgisi kelmaydi. Bu odatiy hol - ammo bunday kayfiyatga qaramay bo‘lajak ona tug‘ruqqa tayyorgarlik ko‘rishi lozim. Shuningdek, tug‘ruq oldi ayolda yolg‘iz qolish istagi ham tug‘ilishi ham tabiiy hol.

Bola harakatlaridagi o‘zgarishlar. Bolajonda ham tug‘ruqdan oldin sokinlik kuzatiladi. Uning harakatlari kamayadi. Buning sababi esa, yetarlicha vaznni to‘plab olgan bolajonga endi bachadon torlik qiladi va u avvalgiday ona qornida umbaloq osha olmaydi. Hamda, u ham ayni onasi kabi mashaqqatli ish oldidan o‘ziga kuch yig‘ish payida.

Noqulaylik hissi. Tug‘ruqdan bir necha hafta avval bo‘lajak ona qorin pasti va dumg‘aza sohasida noqulayliklar his qila boshlaydi. Bu noqulayliklar hayz oldi yoki hayz kunlari noqulayliklarini eslatishi mumkin. Qorin va belda uncha qattiq bo‘lmagan, tortuvchi og‘riq paydo bo‘ladi. Bu kabi noqulayliklar tos bog‘lamlarining tortilishi, bachadonga qon qo‘yilishining oshishi va bachadon tubining tushishi oqibatida yuzaga keladi.

Shilliq tiqinning ochilishi. Bu tug‘ruq yaqinlashganining asosiy xabarchilaridan biridir. Homiladorlik davrida bachadon bo‘ynida maxsus sekret (jelega o‘xshash tiqin) ishlab chiqaradi. Bu sekret turli mikroorganizmlarni bachadonga kirishidan himoya qiladi. Tug‘ruq oldidan esa estrogen gormoni ta’siri ostida bachadon bo‘yni yumshaydi va bu tiqin tashqariga chiqadi. Ayolda oq, rangsizdan tortib biroz qishg‘ish-pushti yoki sariq-qo‘ng‘ir rangda ajralma kelishi kuzatiladi. Bu ajralmada biroz qon izlari ham ko‘rish mumkin va bu xavfli emas, balki tabiiy hisoblanadi. Ajralma kelgani eng yaqin kunlarda tulg‘oq boshlanishiga dalolat qiladi. Ajralma bir marotaba yoki kun davomida oz-ozdan kelishi mumkin. Homilador ayol qorin pastida biroz tortuvchi og‘riq his qilishi mumkin.

Shilliq tiqin ochilishi ayol organizmining o‘ziga xosligiga bog‘liq bo‘lib, ba’zi ayollarda tug‘ruqdan 2 hafta avval kuzatilsa, boshqa homiladorlarda esa to tug‘ruqqa qadar ham ochilmasligi mumkin. Tiqin ochilishi bilan tulg‘oq dardi boshlanmasa shifoxonaga borishga shoshilmang, shifokoringiz bilan maslahatlashing. Ammo tiqin 2 haftadan avval ochilsa va qizil rangli bo‘lsa shifoxonaga borish maqsadga muvofiq.

Odatda, bo‘lajak onada bu belgilarning ikki-uchtasini ko‘rilsa, ba’zi hollarda tulg‘oq yaqinlashganini bildiruvchi belgilar umuman kuzatilmasligi ham mumkin. Bu organizmning tulg‘oqqa hozirlik ko‘rmayotganini bildirmaydi. Faqat har bir ayol organizmi o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lib, ba’zilarda bu alomatlar yetarlicha sezilmaydi. Tug‘ruqqa tayyorgarlikda eng asosiysi ko‘tarinki kayfiyatda bo‘ling va hammasi yaxshi bo‘lishiga ishoning, qurquvga yo‘l bermang.

parhezTug‘ruq oldi parhez: tajribali qaynonalar tug‘ruq oni yaqinlashgan sari kelinbolalarni xamir va og‘ir ovqatlardan tiyilishga chaqiradilar. Va bu chaqiriq zamirida bo‘lajak ona salomatligi haqida qayg‘urish yotadi. Tug‘ruqqa yaqin og‘ir ovqatlar iste’mol qilish tug‘ruq onini qiyinlashtirishi mumkin. Ona organizmi tug‘ruqqa tayyorgarlik ko‘rish o‘rniga iste’mol qilingan og‘ir ovqatlarni hazm qilish uchun energiya sarflaydi. Shu bilan birga, oxirgi oylarda bola vazni tezda oshib borgani bois, ona tug‘ishga ham qiynaladi. Albatta, bu degani tug‘ruqqa yaqin och qolishni bildirmaydi, har bir ishda bo‘lgani kabi oltin me’yorni topish lozim.

  • 8 oydan so‘ngra yengil hazmli taomlar iste’mol qiling.
  • Kechki payt oshqozon ichak tizimiga og‘ir keladigan taomlardan o‘zingizni saqlang. Homiladorlikning so‘nggi oylarida ayol uyqusizlikdan qiynaladi, oshqozonni to‘ldirib olish esa bu muammoni yanada chuqurlashtiradi. Turli xil qaynatma sho‘rvalar esa ham kuch bo‘ladi, hamda oshqozon tizimini zo‘riqtirmaydi.
  • Go‘shtli qovurma taomlar o‘rniga, bug‘da pishgan sabzavot va dukkakli o‘simliklarga boy taomlar iste’mol qiling.
  • Har kuni hech bo‘lmaganda zaytun yog‘i qushilgan biror bir salat turi yeng yoki 1-2 choy qoshiq zaytun yog‘i iching. Bu bavosil (gemorroy)ni oldini oladi va teri cho‘ziluvchanligini orttiradi. Aynan shu sababli ham 8 oydan so‘ngra homilador ayolga har kuni bir necha tomchi yog‘ tomizilgan sabzi sharbati (1 yoki yarim stakan) ichish tavsiya qilinadi.
  • Meva, sabzavot va sut mahsulotlari iste’mol qiling. Faqat turli sitrus mevalariga zo‘r bermang, chunki bu mevalar bolada allergiya rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Qin yirtilishini oldini oluvchi muolajalar

Massaj qon va modda almashinuvini yaxshilagani sababli terining cho‘ziluvchanligini oshiradi. Massajni tug‘ruqdan 1.5 oy avval qilish tavsiya qilinadi:

34-haftada - 3 kunda 1 marotaba;

36-haftada - kun ora;

38-haftada - har kuni.

Massaj tug‘ruqdan bir necha kun avval boshlansa ham zarar qilmaydi. Massaj uchun har qanday tabiiy moy ishlatish mumkin. Turli sintetik yoki mineral yog‘lar, krem yoki losondan foydalanmaganingiz ma’qul.

Assosiy qoida esa - massaj sizga noqulaylik tug‘dirmasligi, aksincha yoqimli bo‘lishi lozim. Massajni boshlashdan avval shifokoringiz bilan maslahatlashish maqsadga muvofiq.

Massajni kechki payt, iliq dush olgandan so‘ngra qilish tavsiya qilinadi. Qo‘l va qin toza bo‘lishi muhim!

O‘zingiz uchun qo‘lay holatda o‘tirgan yoki yotgan holatda qin va uning atrofiga tabiiy yog‘ni surtib yengil harakatlar bilan massaj qiling. Massajni uzog‘i bilan 5-7 daqiqa davom ettiring.

Mumkin emas: vaqtidan avval tug‘ruq xavfi bo‘lgan holatlarda va har qanday infeksion, zamburug‘li yoki jinsiy yo‘llari kasalliklarida.

Kavsar ASHOBOVA