Joriy yilning kuzida qator MTMlarda 6 yoshli tarbiyalanuvchilar uchun sinov guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. KUN.UZ muxbiri 27 avgust kuni maktabgacha ta’lim sifatini oshirish masalalari muhokama etilgan birinchi respublika anjumanida Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shinning so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
Bolalarni maktabga majburiy bepul bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqich o‘tish maqsadida 2018 yilning kuzida qator MTMlarda 6 yoshli tarbiyalanuvchilar uchun sinov guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Hozirda maktabgacha tayyorgarlikni tashkil etish uchun guruh xonalarini tayyorlash va malakali pedagogik kadrlarni qabul qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Agrepina Shin "bolalar bog‘chasi"ning chin ma’nodagi "maktabgacha ta’lim muassasasi"ga aylanish vaqti kelgani, bu yo‘nalishda xorij tajribalaridan kelib chiqqan holda, bolalarning bepul ta’lim olishiga doir sinov dasturlari yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi.
Kichik va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirishga oid davlat talablariga muvofiq YuNISEF xalqaro bolalar fondi bilan birgalikda xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi kompetentlik yondashuvga asoslanadi va ilg‘or xorijiy tajribani o‘zida aks ettirib, shaxsning har tomonlama shakllanishi, bolada motivatsiyani rag‘batlantirishni, nafaqat tarbiyachi, balki ota-onalar ham foydalanadigan yutuqlar xaritasini joriy qilishni nazarda tutadi.