Joriy yilning 1 martidan boshlab tizimli ravishda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinflari haftalik o‘quv davomiyligi 5 kun bo‘lgan o‘qish jarayoniga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda KUN.UZ’ning Xalq ta’limi vazirligidagi manbasi xabar berdi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashidagi manbaning bildirishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 fevraldagi 11-sonli yig‘ilishi bayoni bilan shunday o‘zgarish joriy etilmoqda.
5 kunlik o‘qish jarayoniga o‘tilishi munosabati bilan ota-onalar va keng jamoatchilik o‘rtasida bu borada targ‘ibot tadbirlari amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, hozir 1-sinf o‘quvchilari besh kunlik o‘qish tartibiga o‘tkazilsa, keyingi o‘quv yilidan boshlab 5-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar ham bu jarayonga jalb etiladi.
Targ‘ibot tadbirlari davomida asosan ota-onalarning farzandlari bilan oilaviy dam olishlariga, oilani jipslashtirish, ota-onalar va farzandlar o‘rtasida mehr-oqibatni rivojlantirish hamda chin ma’nodagi oilaviy an’analarni vujudga keltirish, madaniy tarixiy obidalarga birga sayohat uyushtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.