Bola 1 oyligida quyidagilarni qila oladi:
- mikroharakatlarni amalga oshiradi va gapiruvchining gap ohangiga mos tovushlar chiqaradi;
- ranglar (qizil, sariq, qora va oq), chiziqlar va kataklarni ajrata oladi;
- unga engashib turgan kishining yuziga nigohini qadaydi;
- tovushlarning o‘ziga xosligini ajratadi;
- onasini ovozidan, hididan, qo‘li tegishidan taniydi;
- qimirlamay turgan buyumga nigohini qadaydi va u tekis siljigan taqdirda, uni nigohi bilan kuzata oladi;
- qornida yotib, ko‘tarilishga va boshini tutib turishga urinadi.
2 oyligida:
- ovoz yoki engashgan yuzga javoban tabassum qiladi;
- harakatlanayotgan va harakatdan to‘xtagan buyumga nigohini qadaydi va uni ko‘rish maydonida tutib turadi;
- tovush kelgan tomonga boshini buradi va uni ko‘zi bilan qidiradi;
- u bilan qilgan muloqotga javoban, tetiklanib ketadi;
- qornida yotib, boshini tutib turishga intiladi;
- unli tovushlarga urg‘u bergan holda ovoz chiqaradi;
- yonboshidan orqasiga ag‘anaydi.
3 oyligida:
- onasi va otasining yuzlarini taniydi, u bilan muloqot qilishganida kuladi;
- injiqlanadi, zorlanib yig‘laydi, norozi ohangda baqiradi;
- g‘ovur-g‘uvur, g‘uv-g‘uv ovoz chiqaradi, kattalar bilan suhbat qiladi;
- karavotcha tepasiga osib qo‘yilgan o‘yinchoqlarga qo‘lini olib bora oladi;
- o‘yinchoqni tutib oladi va og‘ziga olib boradi;
- qornida yotib bilaklariga tayangan holda boshini ko‘tarib turadi;
- chalqancha yotgan holda yonboshiga ag‘anaydi;
- qo‘ltig‘idan tutib turilganida qattiq yuzaga oyoqchalari bilan tiralib turadi;
- boshini tutib turadi va uni boshqara oladi;
- tovush va yorug‘lik manbasini topa oladi.
4 oyligida:
- onasini (yoki uni doimiy ravishda parvarish qiladigan kishini) taniydi va uni boshqalardan afzal ko‘radi;
- tanish kishilar ovozlarini notanishlarnikidan ajrata oladi;
- pishillaydi, ilk bo‘g‘inlarni talaffuz qiladi;
- osilib turgan o‘yinchoqlarni bir qo‘li yoki bir paytning o‘zida ikkala qo‘li bilan ham ushlay oladi;
- o‘z ismini taniydi va uni chaqirishganida qayrilib qaraydi;
- chalqancha yotgan holda yelkasini va boshini ko‘taradi;
- tanish va notanish narsalarga turlicha reaksiya ko‘rsatadi;
- “sevimli” va “xush ko‘rmaydigan” o‘yinchoqlarini ajratadi.
5 oyligida:
- rasmlardagi yuzlarni jon-dili bilan tomosha qiladi;
- ohangdorlik bilan g‘ovur-g‘uvur ovozlar chiqaradi, bijir-bijir gaplarga o‘ta boshlaydi;
- buyumlarni tutib oladi, ushlab turadi, paypaslaydi, o‘ziga tortadi, otib yuboradi;
- tanish va notanish kishilar yuzlarini ajratadi;
- begonalarga nisbatan hushyorlik bilan munosabatda bo‘ladi;
- mustaqil tarzda 5—10 daqiqa o‘yinchoqlari bilan band bo‘ladi;
- chalqancha yotgan holda qorniga ag‘darilib oladi, qo‘llariga tayanadi, o‘tirishga harakat qiladi;
- qornida yotib, kaftlariga tayanadi va qo‘lini tik qiladi;
- “ku-ku” deb o‘ynaydi, ovutishlar ohangiga mos tarzda g‘uldiraydi.
6 oyligida:
- o‘zi eshitgan eshitgan ovozlarga javoban g‘ulduraydi va ularga taqlid qiladi;
- gapga diqqat bilan quloq soladi;
- siz gapirayotgan buyumlarni nigohi bilan izlab topadi;
- begonalar bilan ma’lum masofani saqlaydi;
- o‘yinchoqlarini bir qo‘lidan ikkinchisiga oladi;
- tutib olgan narsasini otadi, o‘yinchoqni ipidan tezgina tortadi;
- buyumlarni bir idishdan ikkinchisiga soladi;
- cho‘zilgan qo‘lidan 10—20 sm uzoqlikdagi o‘yinchoqqa qarab sudralib boradi;
- biror narsaga tayanib, o‘rnidan turishga o‘rganadi.