O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yangi 2016/2017 o‘quv yili oldidan maktab o‘quv qurollari, darsliklar, kiyim-kechaklar, poyabzallar ko‘rgazmasi hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi. Bu haqda O‘zA'ga asoslanib Daryo.Uz xabar bermoqda.
Tadbirda xalq ta’limi vaziri U. Inoyatov va boshqalar ishtirok etdi.
2016/2017 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan umumta’lim maktablari o‘quvchilarini asosiy turdagi o‘quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechaklar va poyabzallar bilan ta’minlash, ota-onalarga qulayliklar yaratish maqsadida 10 avgustdan 10 sentyabrgacha 1 978 maktab yarmarkasi tashkil etiladi. Ular asosan umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, aholi gavjum bo‘lgan bozorlarda, yirik savdo majmualarida ochilishi ko‘zda tutilgan. Tog‘li hamda cho‘l hududlarda yuzga yaqin ko‘chma avtodo‘konlar xizmat ko‘rsatadi.
Maktab do‘konlarida 26 turdagi zarur o‘quv qurollari va jihozlar sotuvi tashkil etiladi. Bular o‘quv, umumiy, kundalik, rasm, nota daftarlari, ruchka, portfel, ko‘plab maktab anjomlari, qizlar va o‘g‘il bolalar uchun maktab, sport kiyimlari, poyabzal kabilardir.
Maktab yarmarkalarining faoliyatini uyushqoqlik bilan tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida mahalliy hokimliklarda mutasaddi tashkilotlar vakillaridin iborat ishchi guruhlari tuzilgan. Joylarda tashkil etiladigan maktab yarmarkalariga asosiy turdagi mahsulotlarni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi, «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi yetkazib beradi.
Mahalliy hokimliklar Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va boshqa nazorat organlari bilan birga maktab yarmarkalarida mahsulotlarning O‘zbekiston Respublikasidagi amaldagi standartlar talablariga javob berishini muntazam nazorat qiladi. Narx-navoning sun’iy tarzda oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi, to‘lov terminallarining uzluksiz ishlashi ta’minlanadi.