AQShda 10 yoshdan oshgan bolalarning smartfondan foydalanishi odatiy holga aylanib bormoqda. Bu haqda Influence Central marketing agentligi xabar tarqatgan.
2016 yilning boshida o‘tkazilgan so‘rovda amerikalik 500 nafar onalar ishtirok etib, oilaviy muhitda zamonaviy aloqa texnologiyalaridan foydalanish yuzasidan savollarga javob berganlar. Kompaniya xuddi shunday tadqiqotni 2012 yilda ham 1000 nfar ko‘ngilli onalar o‘rtasida tashkil etgan.
Ishtirokchilarning deyarli barchasi farzandlariga 10-12 yoshda smartfon olib berishlari, onalarning yarmi bolalari 12 yoshga qadar ommabop ijtimoiy tarmoqlarda o‘z profillarini ochishlarini aytishgan.
Xususan, 12 yoshgacha bo‘lgan o‘spirinlarning 77 foizi Facebook va Instagram, 49 foizi Twitter’dan foydalanib, 47 foizi Snapchat’da surat va video almashishga odatlanishgan ekan.
Tadqiqot natijalari bolalarning ijtimoiy tarmoqdan foydalanish ko‘rsatgichi yuqorilagani sayin ota-onalarning bolalarining onlayn xatti-harakatlarini nazoratga olish darajasi tushib ketayotganini ko‘rsatgan. Jumladan, 2012 yilda ota-onalarning 49 foizi bolasini ijtimoiy tarmoqlarda to‘liq nazorat qilishini aytgan bo‘lsa, 2016 yilda bu raqam 41 foizga kamaygan.
Shunday bo‘lsa ham, farzandining smartfoniga nomaqbul saytlarga kirishni ta’qiqlovchi dasturlar o‘rnatgan ota-onalar safi 23 dan 27 foizga oshgan.
So‘rovlarda GPS tizimi orqali farzandining qayerda ekanligini bilib turish uchun ularga smartfon olib berayotgan ota-onalar ko‘lami 4 yil ichida 7 dan 15 foizga oshgani ma’lum bo‘ldi.