Avstraliyalik 12 yoshli bola – Kempbell Remes judayam rahmdil va bag‘rikeng bola bo‘lib, u o‘z qo‘llari bilan bir necha yil davomida kasal bolalar uchun minglab yumshoq o‘yinchoqlar yaratib kelmoqda. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.
Kempbell 9 yoshida ota-onasidan kasalxonada davolanayotgan bolalar uchun Rojdestvo sovg‘alarini sotib olib berishni iltimos qilgan. Biroq kattalar barcha kasal bolalarga sovg‘a olib berishga yetarlicha miqdorda pullari yo‘qligini aytishgan. Shunda bolakay bunday sovg‘alarni o‘z qo‘llari bilan yaratishga qaror qilgan.
Shu tariqa mehridaryo bola 3 yil ichida 800 dan ko‘proq yumshoq o‘yinchoq tikkan. Birgina 2016 yilning o‘zida bola 450 ta shunday o‘yinchoq yaratgan.
Kempbell o‘z bolaligini shifoxonada o‘tkazishga majbur bo‘layotgan bolalarni shu tariqa xursand qilmoqda. Biroq bolakay bu bilan to‘xtab qolmadi: u o‘zi yaratgan o‘yinchoqlarni eBay onlayn-auksionida sotib, tushgan pullarni xayriya maqsadlariga yo‘naltirmoqda.