Toshkent shahrida 2018 yilda yangi quriladigan va mavjud ko‘p qavatli uylarni birinchi va ikkinchi qavatlarida tashkil etiladigan maktabgacha ta’lim muassasalari reja-jadvali tasdiqlangan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Joriy yilda Toshkent shahrida 420 dan ortiq ko‘p qavatli uylar quriladi. Ushbu ko‘p qavatli uylarni 220 tasi xususiy tadbirkorlar tomonidan, 200 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenting PQ-3350-sonli qarori asosida yangi quriladigan ko‘p qavatli uylar hisoblanadi. Ushbu uylarni 220 tasining birinchi va ikkinchi qavatlarida tadbirkorlar tomonidan 80 o‘rinli kichik hajmdagi xususiy bolalar bog‘chalari tashkil etiladi.
Hozirda mavjud ko‘p qavatli uylarda bolalar bog‘chalarini tashkil etish istagini bildirgan tadbirkorlarga ham rozilik beriladi. Ko‘p qavatli uylarni oldi va orqa tomonlaridagi yer maydonlarida bolalar o‘yingohlarini barpo etishga ruxsat beriladi. Mazkur bog‘chalarni tashkil etish hisobiga bu yili besh mingga yaqin bolalar bog‘chalarga qamrab olinadi.
Toshkent shahrida har bir tumanda bo‘sh turgan binolar va ayrim hollarda xususiy tadbirkorlarga maktabgacha ta’lim muassasalari qurish uchun yer ajratish hisobiga tashkil etiladigan maktabgacha ta’lim muassasalari reja-jadvali tasdiqlangan. Unda o‘rganish va tahlillar asosida tuman hokimliklari tomonidan bo‘sh turgan binolarda, Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi balansida bo‘lgan bo‘sh turgan binolarda, Binolardan foydalanish departamenti tomonidan ajratilgan binolarda, hozirda filial tarzida faoliyat yuritayotgan bog‘chalarida hamda yer maydonlarini ajratish hisobiga, xususiy bog‘chalar tashkil etiladi. Ushbu xususiy bolalar bog‘chalari aholini talab va istaklaridan kelib chiqqan holda tashkil etiladi.
Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ayrim ta’mirtalab guruhlarni ishga tushirish hisobiga tashkil etiladigan guruhlarning reja-jadvali tasdiqlangan bo‘lib, Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi tasarrufidagi mavjud 447 ta bolalar bog‘chalarining 407 guruhlari ta’mirga muhtoj bo‘lganligi sababli faoliyati to‘xtatilgan. Joriy yilda ushbu guruhlarni ta’mirlash va ishga tushirish hisobiga yana 10 ming bola davlat tasarrufidagi bog‘chalarga qamrab olinadi. Hozirda tegishli boshqarmalar va xizmatlar tomonidan ushbu guruhlarni ta’mirlashga va mebel bilan ta’minlashga sarflanadigan mablag‘ hamda ularni manbalari haqida dastlabki hisob-kitoblar olib borilmoqda.
Yakka tartibdagi xonadonlarda tashkil etiladigan maktabgacha ta’lim muassasalarining reja-jadvali tasdiqlangan bo‘lib, Toshkent shahrida 146 ming dan ortiq yakka tartibdagi xonadonlar mavjud bo‘lib, o‘rganish va tahlillarga ko‘ra, ularning 202 dan ortig‘ida, ushbu xonadon egalari va hududda joylashgan aholining talab va takliflari hamda xohish-istaklari inobatga olinib 40-50 o‘rinli xususiy bolalar bog‘chalari tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu qaror asosida poytaxtimizda 2018 yilda 53 mingta, 2019 yilda 16 mingta, jami 69 mingta 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinadi. Har bir tumanda 3 tadan 5 tagacha bolalar bog‘chalariga ta’lim muassasalarida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini ta’minlash maqsadida namunali faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan xizmat ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Hozirda bolalarni to‘g‘ri ratsional ovqatlantirish bo‘yicha taomnoma (menyu) ishlab chiqilmoqda.
Shu o‘rinda bolalar bog‘chalarini tashkil etish istagini bildirgan tadbirkorlar tuman hokimliklariga ariza bilan murojaat qiladi. Tumanda eng namunali va zamonaviy loyihalar ochiq hamda oshkoralik tarzida tanlab olinadi. Shu tarzda tuman hokimliklari tomonidan bolalar bog‘chalarini tashkil etish maqsadida bo‘sh bino va yer maydonlari ajratiladi.