Ko‘pchilikning nazarida o‘tish davri inson hayotining faqatgina o‘smirlik qismida sodir bo‘ladi. Ammo unday emas. Balki biz umrimiz davomida 7-8, ba’zan 10 marotabagacha o‘tish bosqichlarini boshdan kechiramiz. Qaysi davr bo‘lmasin, ularning har birida murakkab emotsional holat yuzaga kelishi mumkin. Bunda inson bolasining o‘zi va atrofidagilar bilan munosabati o‘zgaradi, turli kasalliklar, stress, surunkali holsizlik va asabiylik, organizmda gormonal va boshqa fiziologik evrilishlar kuzatiladi. Mazkur maqolada inson hayotining dastlabki bosqichidagi eng muhim, diqqat va e’tibor qaratish lozim bo‘lgan o‘tish davri inqirozlari sanab o‘tilgan.
Yangi tug‘ilgan go‘dakdagi inqiroz. Go‘dak dunyoga kelar ekan, tabiiyki, ma’lum muddat organizmining mutlaqo notanish muhitga moslashish jarayonini boshdan kechiradi. Ya’ni, issiqqina, xavf-xatarlardan holi ona qornidan yorug‘ dunyoga qadam ranjida qiladi. Bu paytda nafas olish va ovqatlanishdan tortib, ko‘rish, harakatlanish va boshqa ko‘plab fiziologik jarayonlar butunlay o‘zga bir shaklga almashinadi. Psixotahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, bu paytda olingan har qanday tan jarohati insonga umr bo‘yi hamrohlik qiladi.
3 yosh inqirozi. Shaxsiy “men”ni anglash bosqichi hisoblangan 3 yoshda ko‘pchilik bolalar kattalar va tengdoshlari bilan ijtimoiy munosabatlarni o‘rnatishda qiyinchiliklarga duch keladi. Mashhur nemis psixologi Elz Keler “Uch yoshli bola shaxsiyati” nomli ishida mazkur davrda turgan bolalar ruhiyatiga xos o‘zgarishlarning yetti ko‘rinishini sanab o‘tgan. Uning fikricha, bu bosqichda negativizm, ya’ni bir odamning boshqa kishilar bilan munosabatlarida salbiy reaksiya kuzatilib, bola kattalarga bo‘ysinishni istamaydi. Shu bilan birga, injiqlik, qaysarlik, o‘zboshimchalik, e’tiroz bildirishlar, kattalarni qadrsizlantirishga urinish va bolalar despotizmi (zo‘ravonligi) kuzatilib, ko‘pincha undan “men o‘zim...” iborasini eshitish mumkin. Noto‘g‘ri tarbiya natijasi o‘laroq, bolaning javob reaksiyasi ba’zi hollarda o‘ta salbiy holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
6-7 yoshga kelib bolada tishlarning almashishi, yuz qiyofasining o‘zgarishi, bola tanasining tez o‘sishi, organizmi chidamliligining ortishi, mushaklarning quvvatga to‘lishi, harakatlar muvozanatining takomillashuvi kuzatiladi. 3 yoshlilar inqirozi paytida bola o‘zining mavjudligini, menini anglab yetgan bo‘lsa, bu yoshga kelib ijtimoiy munosabatlardagi o‘z o‘rnini topishga harakat qila boshlaydi. Ya’ni, mavjudlikdagi “men”dan ijtimoiy “men” sari qadam tashlanadi. Maktabgacha yoshdagi bola o‘z-o‘ziga “men mehribonman”, “men qiynalayapman”, “men yomon ish qilayapman” degan so‘zlarni ayta oladi. O‘z harakatlariga nisbatan ongli yondashib, eski qiziqishlar o‘rniga yangilari bilan shug‘ullana boshlaydi.
Biroq bolada hali hissiyotlarini boshqarish qobiliyati shakllanmagan bo‘ladi. Omadsizliklar zanjiri (o‘qish yoki kattalar bilan bo‘lgan munosabatlarda) norasolik, kamsitilish, o‘ziga ishonchning susayishi, kompetentlik, o‘ziga xosliklarning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Bola ongli ravishda qandaydir rolni bajarish, avvaldan tayyorlangan, biroq unchalik haqiqatga mos bo‘lmagan qiyofalarga kirishga harakat qila boshlaydi. Bu paytda bola tarbiyasida og‘irlashib, uni boshqarish birmuncha qiyinlashadi. Mazkur davrda bola uchun eng zarur bo‘lgan narsa — hurmat. Agarda mazkur ehtiyoj qondirilmasa, u bilan o‘zaro tushunishga asoslangan munosabatlarni o‘rnatish qiyinlashadi.
Shu bilan birga, ota-onasining odatiy buyruq va talablari bilan hisoblashib, muhokama qila boshlaydi, ayyorlik, o‘jarlikka moyil bo‘ladi. Tez-tez “nima uchun?”, “qanday?”, “nega?” degan savollarni bera boshlaydi. Mazkur yosh samimiylikning yo‘qolishi bilan ham xarakterli bo‘lib, bu bolaning har bir xatti-harakatiga ehtiyotkorlik va bosiqlik, sabr-toqat bilan javob berish lozimligini anglatadi.