Bilasizmi?

Aliment miqdorini kamaytirish mumkinmi?

ALIMENT MIQDORINI KAMAYTIRISh MUMKINMI?

O‘g‘lim birinchi turmushidan 2 nafar farzandi bilan ajrashgan. Bolalari uchun aliment to‘laydi. Ikkinchi turmushidan ham ikki nafar farzandli, uchinchi ham dunyoga kelish arafasida. Hozirgi oilasidan ham farzandlari ko‘paygach, sudga birinchi turmushidan tug‘ilgan farzandlari uchun to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirib berish haqida murojaat bilan chiqdik. Murojaatimiz qondirilmadi. Hozirgi iqtisodiy qiyin ahvolimizni inobatga olib aliment miqdorini kamaytirsa bo‘lmaydimi?

D.Aminova, Xorazm viloyati Xiva shahri R.Sharipov ko‘chasi

Oybek BARAKAYeV, O‘zbekiston Respublikasi Oliysudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kotibiyati katta konsultanti:

— Avvalambor, shuni ta’kidlash joizki, voyaga yetmagan farzandlar ta’minoti uchun aliment undirish masalasi va aliment to‘lovi bilan bog‘liq nizolar O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 aprelda tasdiqlangan Oila kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016 yil 29 iyulda qabul qilingan "Sudlar tomonidan voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalar ta’minoti uchun aliment undirishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida"gi 11-sonli qarori bilan tartibga solinadi.

Amaldagi Oila Kodeksining 105-moddasiga asosan aliment to‘layotgan ota-onaning boщqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lib, undan qonunda belgilangan mikdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek aliment to‘layotgan ota (ona) nogiron bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lgan takdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.

Qayd qilingan qonun talabidan kelib chiqqan holda D.Aminovaning o‘g‘li birinchi turmushidagi farzandlari uchun aliment to‘lovini amalga oshirib kelgan holda qaramog‘ida ikkinchi turmushidan bolalari borligi holati uni aliment majburiyatidan ozod qilish yoki to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish uchun asos bo‘la olmaydi. Chunki aliment miqdorini kamaytirish asoslari qonunda aniq belgilangan.

Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 115- moddasiga asosan boshqa-boshqa ota-onadan tug‘ilgan voyaga yetmagan bolalar uchun sudning bir necha hal qiluv qarorlariga asosan bir ota (ona)dan undirilayotgan alimentning umumiy miqdori ushbu Kodeksning 99- moddasida nazarda tutilgan miqdordan oshib ketsa, aliment to‘lovchi ota (ona) aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i kimning foydasiga chiqgan bo‘lsa, o‘sha shaxslarning har biriga nisbatan alimentning miqdorini tegishlicha kamaytirish to‘g‘risida da’vo taqdim etishi mumkin.

Manba: Darakchi.uz