Amerikaning Sinsinnati Bolalar tibbiyot markazi tadqiqotchilari va ularning Filadelfiyadagi Bolalar shifoxonasida faoliyat yurituvchi hamkasblari antibiotiklarning yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda pnevmoniyaning rivojlanish xavfini oshirishini aniqlashdi. Bu haqda Kun.uz nashri xabar bermoqda.
Sichqonlarda o‘tkazilgan tajriba shuni ko‘rsatdiki, endigina dunyoga kelgan kemiruvchilarning immunitetini rivojlantirish uchun ichakning muayyan hujayralari va normal mikroflora tarkibiga kiruvchi bakteriyalarning o‘zaro "hamjihatligi" muhim. Bu "hamjihatlik" natijasida o‘pkaning shilliq qavatiga chaqaloqlarni bakterial pnevmoniyadan himoyalovchi hujayralar kirib boradi.
Tadqiqot davomida aniqlanishicha, antibiotiklar bakteriyalarning ichakka o‘tishiga to‘sqinlik qiladi, buning natijasida esa ular muayyan hujayralar bilan reaksiyaga kirishmaydi. Tabiiyki, nafas olish tizimiga ziyon yetkazadigan patogen bakteriyalardan himoya shakllanmaydi.
Xulosalar shuni ko‘rsatmoqdaki, antibiotiklar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning o‘pka yallig‘lanishiga olib keluvchi mikroorganizmlardan kelib chiquvchi o‘lim xavfini oshiradi.