Farzandingiz maktabda a’lo baholarga o‘qishi, yaxshi o‘zlashtirishi va to‘g‘ri rivojlanishi uchun taomnomasiga alohida e’tibor qaratishingiz zarur. Quyidagi mahsulotlar bolalar taomnomasiga kiritilishi shart va zarurdir!
Baliq go‘shti – Omega-3 yog‘ kislotasi, yod, fosfor va miya faoliyati uchun zarur bo‘lgan juda ko‘p vitamin va minerallarga boy. Haftada ikki marta farzandingiz uchun baliq go‘shtidan taom yoki yegulik tayyorlab bering.
Tuxum – sarig‘ida sink (ruh) oqida esa xotirani mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan elementlar bor. Allergik ta’sirlar kuzatilmasligi uchun bir haftada 1-2 marta nonushta vaqti 2 dona tuxumni qaynatib bering.
Yong‘oqlar – dumaloq yong‘oqni bejiz miya shakliga o‘xshatishmaydi. Foydali hususiyatiga ko‘ra, aqliy faollikni oshiradi. Yer yong‘og‘i esa Ye vitaminiga boy bo‘lib, asabni tinchlantiradi.
Sut va yogurt – 1 stakan sutda farzandingizning suyak tizimi hamda miya hujayralari faoliyati uchun muhim bo‘lgan birikmalar bor. Nonushtaga yog‘lilik miqdori kam yogurt bo‘lsa, uyqudan oldin iliqqina sut kifoya qiladi.
Yog‘siz go‘sht – temir va sink moddalarining zahirasi. Rivojlanayotgan organizmni quvvatlantirib, moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Bolalar uchun go‘shtni bug‘da yoki dimlab pishirgan ma’qul.
Suli yormasi – bolalar uchun eng yaxshi nonushta. Ayniqsa, maktab o‘quvchilari nonushtaga suli yormasidan bo‘tqa yeb olsalar, kun davomida kayfiyatlari a’lo bo‘lib, faqat yaxshi baho oladilar. Chunki sulida aqliy faollik uchun zarur komponentlar juda ko‘p.
Meva va sabzavot sharbatlari – olma, sabzi, lavlagi hamda sholg‘om sharbatlari bola organizmini turli kasalliklardan himoya qiladi.
Meva qoqsi – turshak, mayiz va olxo‘ri qoqidan tayyorlangan kompot yoki o‘zini iste’mol qilish ichaklar yurgazuvchanligini yaxshilab, qabziyatni bartaraf etadi.
Manba: Darakchi.uz