Homiladorlikning so‘nggi uch oyida baliq yog‘ini iste’mol qiluvchi ayollarda bolani astma bilan tug‘ish xavfi kamayadi. Daniyadagi Kopengagen universiteti olimlari shunday xulosaga kelishdi. Tadqiqot natijalari New England Journal of Medicine jurnalida chop etildi.
Tadqiqotda 736 nafar ayol ishtirok etdi. Homiladorlikning so‘nggi uch oyida ularning yarmi kuniga 2,4 grammdan baliq yog‘ini iste’mol qilgan, qolgan yarmi esa - platseboni. Baliq yog‘ini iste’mol qilgan ayollarning farzandlari orasida astmaga yo‘liqqanlar 17 foizni tashkil etdi, platsebo iste’mol qilgan ayollar orasida esa bundaylar deyarli 24 foizni tashkil qildi.
Tadqiqot ayollar va bolalarga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, olimlar homilador ayollarga hozircha baliq yog‘ini tavsiya qilishmayapti. Bunga tajribada qo‘llangan doza amerikaliklarning odatiy dozasidan 15-20 barobar ko‘p bo‘lganligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotni yana bir bor kamroq dozada va homiladorlikning ilk muddatlarida takrorlab ko‘rish kerak.
Manba: Kun.uz