Kutubxona

Barchasini yodda saqlaymiz: bolalar xotirasini rivojlantiruvchi mashqlar (II qism)

Bolalar biror narsa yoki hodisa haqida so‘zlay turib, turli ovozlar chiqarib, sakrab ketadi. Bolalarning taassurotlari doim kattalarnikiga qaraganda to‘liqroq va yorqinroqdir, shuning uchun ham ular uzoq vaqtgacha xotirada saqlanadi. Kechagina nima qilganini yaxshi eslolmaydigan kattalar ham bolalikdagi yorqin xotiralarni sira unutmaydi.

Maqolaning birinchi qismida 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarning xotirasini rivojlantiruvchi mashqlarni keltirgan edik. Farzandingiz uchun foydali bo‘lgan bunday mashqlarning keyingi yoshlar uchun mo‘ljallangan kategoriyalari bilan tanishing.

1 yoshdan 3 yoshgacha

Taxminan 1 yoshdan boshlab bolaning asab tizimi rivojlanadi, natijada bola xotirasining hajmi va eslab qolish sifati oshadi.

2 yoshdan keyin esa mexanik eslab qolish davri boshlanadi. Bola endi qiyinroq so‘zlarni eslab qolishga tayyor. U eshitganlarini to‘tiqushdek takrorlay boshlaydi. Shuning uchun uning yonida ishlatayotgan so‘zlaringizga e’tiborliroq bo‘ling.

"Nima? Qayerda? Qachon?"

Farzandingiz bilan hamma narsani muhokama qiling: qayerda bo‘ldingiz, nimalar qildingiz, nima yedingiz, kimni ko‘rdingiz, qanday o‘yin o‘ynadingiz. Bola nafaqat ma’lumotlarni qabul qilish, balki ularni tahlil qilishni ham o‘rganishi lozim.

"To‘g‘ri variant"

Bolaning oldiga bir nechta buyumlarni (o‘yinchoq) qo‘yib, o‘girilib turishini so‘rang. Shundan so‘ng, buyumlardan birini olib qo‘ying yoki joyini almashtiring. Bola nima kamligini yoki ular qanday tartib bo‘yicha turganligini tushunishi lozim.

"Foydali tafsilotlar"

Bu yoshda bola uchun  rasm yoki ertak kitoblar qiziqarli bo‘ladi. Ularni o‘qish va tomosha qilish davomida undagi mayda detallarga ham e’tibor qarating. Masalan, ertak qahramonining ismi nima ekanligini so‘rang. Yangi she’r o‘qib berganingizdan keyin undagi yangi so‘zlarning ma’nosini tushuntiring.

"Sehrli xaltacha"

Xaltachaga turli xil shakldagi buyumlarni soling. Keyin boladan unga qo‘lini solib, biror buyumni tanlab, uning nomini aytib, keyin uni xaltachadan chiqarishni so‘rang.

3 yoshdan 6 yoshgacha

Bu yoshda bolalar ma’lumotlarni avvalgidan faolroq qabul qila boshlaydi. Aynan shu yoshlar oralig‘ida chet tillarni o‘rganishni boshlash mumkin. O‘rganish jarayonini noodatiy va qiziqarli qilishga harakat qiling.

3 yosh

"Xaridlar"

Bolangiz bilan sotuvchi-xaridor o‘yinini o‘ynang. Undan do‘kondan bir qator mahsulotlarni xarid qilishni so‘rang. Bola do‘konga kelib, sizdan (ya’ni sotuvchidan) ro‘yxatdagi mahsulotlarning barchasini so‘rashi lozim.

"O‘zing top"

Bolaning ko‘zini bog‘lab, uning qo‘liga turli buyumlarni navbat bilan berasiz. Bola ularning nima ekanligini topishi kerak. Bu harakatlarni bir xil tartibda bir necha marta takrorlaysiz, keyin boladan qanday buyumlarni ushlaganligini tartib bilan aytishni so‘raysiz.

"Qiziqarli rasmlar"

Bolaga qiziqarli rasmni qisqa vaqtga ko‘rsating. Keyin rasmni olib qo‘yib, boladan unda nimalarni ko‘rganligini so‘raysiz. U rasmda ko‘rganlarini iloji boricha batafsilroq hikoya qilishi lozim.

Kichik yoshdagi maktab o‘quvchilari 6+

Bu yoshda bola eslab qolishning o‘zi uchun qulay usulini tanlay oladi.

"10 ta farq topish"

Bolalar skanvordlarida tez-tez chop etiluvchi bu kabi mashqlar bola xotirasi va diqqatini charxlaydi.

rasm

"Zanjir"

Bu usuldan oromgohlardagi tanishish jarayonida foydalaniladi. Har bir kishi o‘zining ismi va o‘zidan avval tanishtirganlarning ismini aytishi lozim. Uyda bu mashqni kamroq odamlar bilan bajarish mumkin.

"Minora"

Gugurt qutilaridan ikkita minora yasang. Ularning har biri 4 ta qutidan kam bo‘lmasligi tavsiya etiladi. Qutilardan ikkitasiga kichkina buyumlarni joylang. Keyin boladan qaysi buyum qaysi qutida turganligini so‘rang. Bu mashg‘ulotni gugurt qutilari va buyumlar sonini ko‘paytirish orqali qiyinlashtirish mumkin.

Bola uchun ijobiy va qiziqarli ma’lumotlarni yodda saqlash oson kechishini unutmang!

Maqolani tayyorlashda «Parents.ru» sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.