Bilasizmi?

Bill Geyts nega farzandlariga smartfonni taqiqlaganini aytdi

Microsoft rahbari, jahonning eng boy kishisi bo‘lgan Bill Geyts farzandlari 14 yoshga kirmagunlariga qadar ularga smartfondan foydalanishlariga ruxsat bermagan. Uning bu qoidasiga boshqa taniqli IT-kompaniya rahbarlari ham amal qilishadi va farzandlarini elektron gadjetlarning salbiy ta’siridan himoyalashga urinishadi.

Buyuk Britaniyaning taniqli Mirror nashri yaqinda o‘tgan intervyu jarayonida Bill Geytsdan oilaviy muhitda elektronika vositalaridan foydalanish qay tarzda amalga oshirilishi to‘g‘risida so‘radi. Microsoft asoschisi bunga javoban oilaning 14 yoshga to‘lmagan a’zosiga gadjetlardan foydalanish taqiqlanganini ma’lum qildi.

«Biz ovqat mahali mobil telefondan foydalanmaymiz, — deydi Bill Geyts. — 14 yoshga qadar barcha farzandlarimiz smartfonsiz ulg‘ayishgan. Ular barcha do‘stlarida qo‘l telefoni borligin aytib, ko‘p marotaba shikoyat qilishar edi».

Bill Geytsning ayni paytda 3 nafar farzandi bor: 20 yoshli Jennifer, 14 yoshli Fibi hamda 17 yoshli Rori. Ularning barchasi janob Geyts tomonidan o‘rnatilgan qoidaga ko‘ra tarbiyalanmoqda. «Hozir ham elektronika vositalaridan foydalanish mumkin hamda cheklangan vaqt bor. Bu ularga o‘z vaqtida uxlash va sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlariga yordam beradi», — deydi Bill Geyts.

Geytsning ma’lum qilishicha, u farzandlarining smartfondan imkon qadar foydali maqsadlarda, misol uchun uyga vazifalarni bajarish, qo‘shimcha ta’lim olishlari uchun foydalanishlariga sharoit yaratib beradi.

Geyts oila a’zolari qaysi smartfon modelidan foydalanishlarini ma’lum qilmagan. 2012 yilda uning turmush o‘rtog‘i Melinda Geyts turmush o‘rtog‘i farzandlariga Apple mahsulotalirdan foydalanishni taqiqlaganini aytib, «Boylik oilamizga Microsoft’dan keladi, shunday ekan bu pulni nega raqibning cho‘ntagiga solishimiz kerak?» mazmunidagi munosabatni bildirgan.

Bill Geyts ham keyinchalik buni tan olgan va Windows Phone smartfonlari oila a’zolari uchun kifoya qilishini aytgan.

Ma’lumki, Apple asoschisi Stiv Jobs ham o‘z farzandlarini yuqori texnologiya qurilmalaridan, jumladan iPad’dan foydalanishlarini cheklagan. Biograf yozuvchi Uolter Issaksonning aytishicha, Stiv har kechda bolalari bilan bir stol atrofida yig‘ilib, kitoblar va tarix mavzularida suhbat qurishni odat qilgan ekan. Uning oilasida kechki paytda hech kimga planshet hamda kompyuterdan foydalanishga ruxsat berilmagan.

3D Robotics kompaniyasi rahbari Kris Anderson ham yuqoridagi insonlardan o‘rnak olib, bolalarining gadjetlardan foydalanishlarini qattiq nazorat ostiga olgan. Andersonning fikricha, zararli kontent va elektron vositalardagi ko‘ngilochar dasturlarga tobelik farzandlar tarbiyasi va istiqboliga jiddiy zarar yetkazadi.

Geytsa hamda Jobs — jahonni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsion qurilmalar bilan ta’minlayotgan kompaniyalar rahbarlarining hayotiy tamoyillaridan ham ko‘rinib turibdiki, navnihol bolalarning qo‘liga «aqlli» gadjetlarni berish qo‘yish — ularning porloq kelajaklariga bolta urishga teng.