Hammamiz o‘quvchi bo‘lganmiz, yaxshi bilamiz: o‘qituvchining ozgina maqtovi, e’tiborini o‘quvchi judayam yuqori o‘ringa qo‘yadi. Yoki birgina tanbehi bilan hatto ota-onasining gapiga kirmaydigan bola ham butunlay yaxshi tomonga o‘zgaradi. Shu bois bugun zamonaviy pedagogikada har bir bolaga individual yondashuv masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun esa sinfxonada mos sharoit, har bir sinfda bolalar soni me’yorida bo‘lishi zarur.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda maktab ta’limini rivojlantirish, o‘quv binolarini qaytadan qurish va moddiy-texnik jihatdan butunlay yangilash borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2004-2009 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi doirasida 8500 dan ziyod maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Chekka-chekka qishloq joylarida ham zamonaviy ko‘rinishdagi maktablar qad rostladi.
Bularning hammasi bitta ezgu maqsadga qaratilgan: farzandlarimiz to‘laqonli ta’lim-tarbiya olib, yetuk bilimli bo‘lib ulg‘aysin.
Ammo so‘nggi vaqtlarda maktablarimizdagi bir holat ko‘pchilik ota-onani tashvishga solmoqda, bu borada tahririyatimizga ham qator murojaatlar bo‘ldi. Bu – maktablardagi sinfxonalarda, ayniqsa, boshlang‘ich sinflarda bolalar sonining me’yordan ortiq ekani masalasi.
Xo‘sh, bugun umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida o‘quvchilar soni nega ko‘p? Bu ularning tahsil olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi? O‘qituvchi 40-45 nafar o‘quvchining hammasiga birdek sifatli bilim bera oladimi? Bola uchun bunday tarzda ta’lim olish qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?
Har biriga alohida yondashuv kerak
Sinfda o‘quvchilar sonining me’yordan ortishi o‘qituvchining bolalar bilan ishlash imkonini cheklashi haqida psixologlar bot-bot ta’kidlashadi. Agar bola juda sust harakat qilsa, topshiriqlarni vaqtida bajarib ulgurmaydi. Juda faol o‘quvchilar esa shoshqaloqligi natijasida bir dunyo xatoga yo‘l qo‘yadi. O‘qituvchi o‘quvchining tabiati, qobiliyati va o‘qishga bo‘lgan qiziqishidan kelib chiqib yondasha olsagina kutilgan natijaga erishish mumkin.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari juda ta’sirchan bo‘ladi. Agar doim a’lo bahoga o‘qib kelayotgan bola harakatchanligi inobatga olinmasa, o‘qishga butunlay qiziqmay qo‘yishi mumkin. Aksincha, o‘zlashtirishi sust o‘quvchining darsga jalb etilmasligi «baribir mendan so‘ramaydi», degan beparvolik kayfiyatni paydo qiladi.
Poytaxtimizdagi maktablardan birining oldida qizini olishga kelgan ota bilan suhbatlashib qoldim:
– Qizim tayyorlagan darsini o‘qituvchi so‘ramaguncha, o‘zi qo‘l ko‘tarib javob berishga iymanadi. O‘qituvchisiga uni ham darsga jalb etishini aytsam, bolalar sonining ko‘pligi bois, doim birdek e’tibor qarata olmayotganini tushuntirdi. Farzandimga vaqtida kerakli e’tibor va bilim berilmasligi uning kelajagiga ta’sir qilishi meni tashvishga soladi. Shu bois uyga qo‘shimcha dars uchun alohida o‘qituvchi chaqirishga majbur bo‘ldim. Qolaversa, ko‘rib turganingizdek, bu yerda partalar juda zich joylashtirilgan. O‘quvchilarning o‘tirib-turishi uchun ham juda noqulay.
Endi o‘ylab qo‘raylik: o‘qituvchining bolalar ko‘pligidan e’tibor qarata olmayotgani bahonasida darsdan ajralib qolayotgan o‘quvchining holi nima kechadi? Ertalab maktabga qanday kelgan bo‘lsa, darsdan so‘ng yana shundayligicha qaytib ketaveradimi? Unda maktabga qatnashdan ma’ni nima? Agar ota-onaning uyga o‘qituvchi chaqirib, bolasi bilan alohida shug‘ullanishga imkoni bo‘lmasa-chi? Bu yorqin kelajak sari intilayotgan bolaning oldidagi hamma eshiklarni yopib qo‘yish bilan barobar emasmi?
E’tibor taqchilligi sindromi
Har bir farzand jamiyat hayoti uchun kerakli shaxs bo‘lib voyaga yetishi shart. Bunda o‘qituvchining hissasi katta, albatta. O‘qituvchi esa 40-45 bolaning hammasiga birdek e’tibor qarata olyaptimi?
Bolalarni tinchlantirishga urinib, ularga bir erkalab, bir baqirib murojaat qilayotgan o‘qituvchiga ham oson emas. «Shuncha bolani qanday uddalaysiz?» degan savol bilan uning yarasini yangilab qo‘ydim, nazarimda.
– Bir soat dars uchun ajratilgan vaqtda yo‘qlama qilishim, o‘tgan darsni takrorlash va yangi mavzuni tushuntirib ulgurishim zarur, – deydi o‘qituvchi. – O‘zlashtirishi past bolalarga alohida vaqt ajratish kerak. Ba’zan faqatgina to‘rt-beshta faolroq o‘quvchi bilan ishlashga majbur bo‘laman. Bu holat sinfdagi o‘quvchilarning bilim darajasiga ko‘ra tabaqalanishga olib kelishini bilaman, albatta. Lekin cheklangan vaqt ichida hamma bilan birdek ishlashning imkoni yo‘q. Qolaversa, qirqdan ortiq bola bilan ishlash, ham jismonan, ham ruhan charchatadi. Ularni tinchlantirib, dars boshlaguncha ovozim ham chiqmay qoladi.
Shu masalaga mas’ullarning munosabati bilan qiziqib, Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qildik. Vazirlikdan esa quyidagicha javob oldik. «Haqiqatan, sinfda o‘quvchilar sonining ko‘pligi o‘qituvchilarning sifatli dars o‘tishiga ta’sir ko‘rsatadi. Lekin tajribali o‘qituvchi o‘qitishning zamonaviy uslublaridan foydalangan holda mashg‘ulot olib borish hisobiga o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga erishilmoqda. Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, ota-onalar farzandlarini tajribali o‘qituvchilarga ko‘proq berishlari natijasida shu sinfda o‘quvchilar soni ortib bormoqda. Bu esa o‘qituvchining mahorati yanada oshirilishiga olib keladi».
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: belgilangan o‘rinlarga o‘quvchi qabul qilib bo‘lingach, ota-onaning xohishidan kelib chiqib, sinfga yana qancha o‘quvchi olish mumkin? Kimningdir istaklarini inobatga olish qonun hujjatlarida belgilangan me’yorni ham buzish degani emas-ku.
Qachon yechim topiladi?
Xo‘sh, o‘quvchilarning sifatli bilim olishi va o‘qituvchi darsga hammani birdek jalb eta olmasligi nuqtai nazaridan amaliyotda biror chora ko‘rilyaptimi? Bu savolga mutasaddidan quyidagi mazmunda javob oldik:
– Amaliyotda bir necha maktablarda (M.Ulug‘bek tumanidagi 50-sonli, Yunusobod tumanidagi 5-sonli, Olmazor tumanidagi 159-sonli) o‘quvchilar sonini bino sig‘imiga moslashtirish uchun 1-sinfda o‘quvchilar qabulini vaqtincha cheklash to‘g‘risida tuman hokimliklarining qarorlari qabul qilinmoqda.
Bugungi kunda bunday sinflarda o‘quvchilar sonini bosqichma-bosqich me’yor talablariga moslashtirish hamda 2017-2018 o‘quv yilida 1-sinfga qabul rejasini qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.
Ushbu mavzuni o‘rganar ekanman, qiziq bir ma’lumotga duch keldim. Dunyoda ta’lim tizimining mukammalligi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan Finlyandiya va ayrim rivojlangan mamlakatlar umumta’lim maktablarida o‘quvchilar soni 16 nafardan oshmasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan ekan. Demak, jahon tajribasida sinfda o‘quvchilar sonining taqsimlanishi masalasi juda muhim. Nazarimda, bizda ham ushbu masalaga jiddiy yondashib, kerakli choralarni ko‘rish vaqti keldi.
Raqamlarda muammo yo‘qdek...
Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy o‘quv yilida 302 ta (shundan 286 tasi umumta’lim) maktabda 342 ming 515 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. 2016-2017 o‘quv yili asosiy ko‘rsatkichlarida belgilangan statistik hisobotlarda 1-4 sinflarda 172 ming 848 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Sinflarga o‘quvchilar taqsimlanishi boshlang‘ich sinflarda o‘rtacha 34 nafarni tashkil etadi. Umumta’lim maktablarida jami 4 million 654 ming 51 nafar o‘quvchining 2 million 256 ming 643 nafari (48,5 foiz) 86 ming 887 ta boshlang‘ich sinflarda ta’lim olishmoqda. Bu o‘quvchilarning sinfxonalarga taqsimoti respublika bo‘yicha o‘rtacha 26 nafarni tashkil etadi.
Raqamlarga nazar soladigan bo‘lsak, hech qanday muammo yo‘qdek, ammo...
Mutasaddi nima deydi?
Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor DANIYaROVning javob xatida quyidagilar bayon qilingan:
– Poytaxtdagi 20 dan ortiq maktablarda o‘quvchilar soni haqiqatan ham, me’yordan ortiq. Bu holatni shahar aholisining turmush darajasi yaxshilanishi, aholi sonining ko‘payishi, shu jumladan, tug‘ilishning ortishi natijasida 1-sinfga bolalar qabuli ortib borishi bilan izohlash mumkin. Masalan, bundan 10 yil avval 1-sinfga o‘quvchilar qabuli qariyb 29 ming 124 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida 46 ming 884 nafarni tashkil etmoqda. Ya’ni hozirda o‘quvchilar qabuli 17 ming nafarga o‘sgan.
Sinfda o‘quvchilar sonining me’yordan oshishi aholi zich joylashgan, ko‘p qavatli uylar mavjud bo‘lgan, aholi soni nisbatan ko‘p hamda shahar markazidagi hududlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar soni va sinflarni komplektlash o‘rnatilgan tartibda tuman moliya bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi. Ayrim muassasalarda o‘quvchilar soni 35 nafarga yetmagan taqdirda sinflarni birlashtirish hisobiga ham o‘quvchilar soni 40 nafardan ortib ketmoqda.
P.S. Mutasaddining javobidan ko‘rish mumkinki, muammoni yuzaga keltirayotgan sabablar aniq. Shunday ekan, biror chora ko‘rishni kechiktirishdan nima naf? O‘z vaqtida hal qilinmagan muammo esa borgan sari jiddiy asoratlarini ko‘rsataveradi.
Manba: Sof.uz