Oilada ikkinchi farzand dunyoga kelganida ko‘p holatlarda to‘ng‘ich farzandning rashki keladi (ayniqsa, bolalar bir jinsli bo‘lsalar, bu tuyg‘u yanada kuchliroq seziladi). Bu oddiy hol: avvallari birinchi farzand oila markazida bo‘lgan uni hamma yaxshi ko‘rib, erkalashgan va u bunday holatga ko‘nikib qolgan. Birdaniga qandaydir “qallob” paydo bo‘ldiyu to‘ng‘ichni unutib, hamma uning atrofida parvona: “sen endi katta bo‘lib qolding, barcha ishlarni o‘zing bajara olasan, u esa hali kichkina, xech narsani bilmaydi”. Natijada go‘dak ota-onaning butun mehri va e’tiborini o‘g‘irlagani uchun to‘ng‘ich farzand unga nisbatan alam hamda jahldan boshqa xech qanday tuyg‘u his qilmaydi. Shuning uchun aka-opaga bo‘lgan mehr o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi – bu tuyg‘ular uzoq oylar va hattoki, yillar davomida shakllanib boradi. Kichkintoylar har doim ham kattalarga ehtiromli bo‘lavermaydilar. Hurmat qiladimi – ha, havas qiladimi – ha (tezroq ovqatlangani, kiyingani va tez o‘qigani uchun va hokazo), qaysidir ma’noda unga o‘xshashga intiladimi – bunda ham ha. Ammo bir-biriga bo‘lgan mehr bir zumda uyg‘onmaydi.
Nima qilish kerak? Bolalardagi rashkni kamaytirish uchun har biriga birday e’tibor berishga intiling. Ayniqsa, agar katta farzandingiz 5 yoshga to‘lmagan bo‘lsa – bu yoshda ular yangi mehmonlarga o‘ta rashkchi bo‘lishadi, negaki ota onaga bo‘lgan bog‘liqlik hali juda juchli bo‘ladi. Bolalar o‘zlarini bir butunlay his qilishlari uchun qo‘ldan kelganicha harakat qiling: birgalikda teatrga, sayrga olib borib, dam olish kunlari qanday dam olishni oilaviy majlisda hal qiling – bu ularni yanada birlashtirib, oralarini mustahkamlaydi. Shunda ularning xech biri o‘zlarini ajratilgandek his qilmaydilar. Aslo to‘ng‘ich farzandga enagalik vazifasini yuklamang – uni bolalik hissidan ayirishga haqli emassiz. Agar uning o‘zi sizga qarashmoqchi bo‘lsa, shundagina bir necha kattalar vazifasini berish mumkin.
“Sen akangdan o‘rnak olishing kerak”. Ko‘p holatlarda ota-onalar o‘z farzandlarini boshqa bolalar bilan taqqoslashadi. Bizga har doim qo‘shnining bolasi yaxshiroq chizadigandek, kuylaydigandek yoki yaxshi o‘qiydigandek tuyulaveradi. Shu bilan birga ko‘pgina ota-onalar o‘g‘il yoki qizchalarini kamsitgilari kelmay – aksincha, o‘qish yoki musiqa fanidan a’lo baholarga o‘qib, harakat qilishlariga umid bog‘lashadi. Biroq shu bilan birga bola: “qo‘shni bola mendan yaxshiroq, meni xech kim yaxshi ko‘rmaydi” degan gaplarni eshita boshlaydi. Natijada u o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotib, so‘lg‘in bo‘lib katta bo‘ladi. Aka yoki opa bilan taqqoslash yanada achinarli: “Imirsilab oyoq kiyim bog‘ichini bog‘laguningacha akang kiyinib bo‘lgani qachon edi”, “agar katta opangdan o‘rnak olganingda, sen ham ana shunday aqlli bo‘lar yeding”. Bu holatda ota-onaga bo‘lgan alamdan tashqari yana bir raqibga nisbatan nafrat uyg‘onib, ularga bo‘lgan raqobat yanada kuchliroq avj oladi.
Nima qilish kerak? Har bir farzand o‘ziga hos ravishda noyobdir, agar siz undagi bor qobiliyatni ko‘ra olmasangiz – bu sizning xatoingizdir. Bolani faqat o‘z-o‘zi bilangina taqqoslash mumkin. Masalan: “Darslarga avvalgidan ko‘ra ancha yaxshi tayyorgarlik ko‘rayapsan”, “bir oy oldin xarflaringga tushunib bo‘lmas edi, endi esa husnixating juda chiroyli va ozoda!”. Ana shunda bolada o‘zining takomillashuviga rag‘batlantiruvchi omil paydo bo‘ladi.
“O‘z muammolaringizni o‘zingiz hal qiling”. Ota-onalarning yana bir sevimli ko‘rsatmasi: “Janjallaringiz bilan boshimni og‘ritmang, munosabatlaringizni mustaqil hal qiling”. Qaysidir ma’noda ular haq – agar ularning har bir muammosiga aralashaversa, asab yetmay qoladi. Buning ustiga bolalar har safar yordamga intilmay, o‘z muammolarini o‘zlari hal qilishlari kerak. Biroq sizning farzandlaringiz muloqotga endigina o‘rganib, turli vaziyatlarda o‘zlarini qanday tutishni ham bilmaydilar. Ular kelishmovchilikdan qanday qochish kerakligini va janjalga yetib borgan taqdirda nima qilish kerakligini tasavvur ham qila olmaydilar. Shuning uchun bolalar muammolarini to‘liq tushunish juda mushkul ish. Ayniqsa urushqoq, o‘jar kayfiyat battollikdan emas, balki jismoniy yoki asabiy toliqishdan (masalan, bolaning bog‘chadagi yoki maktabdagi kuni omadsiz bo‘ladi yoki u shunchaki to‘liq uyquga to‘ymagan) yoki boshlanib kelayotgan kasallik alomatlari sababli ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun avval bolaning o‘zini va holatini yaxshilab nazorat qiling, keyin esa ularning muammosiga aralashish kerak yoki yo‘q – o‘zingiz hal qiling.
Nima qilish kerak? Farzandlarning birini tinglab qaror chiqarmang – ikkisi ham o‘z fikrini aytsinlar, zero har bir bola “dushman”ining borligida so‘zlashi lozim. Bundan tashqari bir-biriga bo‘lgan xaqoratli so‘zlarni shu zaxotiyoq to‘xtating. Bolalarga inson shaxsiyatini yemas, faqatgina harakatlarni tanqid qilish mumkinligini tushuntiring. Kelishmovchilik mushtlashishgacha borib, kim haq va kim nohaqligini aniqlashning imkoni bo‘lmayaptimi? Ularning ikkisini ham jazolang – multfilm ko‘rish va xiyobonda sayr qilishni man qiling. Shunda bolalar mayda-chuydalar sababli janjal chiqarish foydasizligini anglab, munosabatlarni tiklashga harakat qiladilar. Agar siz ikkinchi farzandingizni aybi bo‘la turib faqatgina birinchisini jazolasangiz, jazoga maxkum farzand unga nisbatan xoinlik qilgandek sezadi. Bu esa ular orasidagi dushmanlikni yanada oshiradi.
Manba: Beka.Uz