«Yulduzcha» bolalar televizion tanlovida hakamlik qilayotganlarning vazifasi iqtidorli bolalarni saralash, rag‘batlantirishmi yoki «ma’nan jallodlik» qilishmi?! Bu xalq artistlarining bolalarga qilayotgan sovuqdan sovuq, betakalluf, gohida ochiqdan-ochiq adolatsizlik qilishi ko‘pchilikda norozilik uyg‘otib bo‘ldi. Yosh bolalarga o‘ziga yarasha, ularni yig‘latmaydigan tarzda shirin muomala qilishni bilmaydigan; yuziga o‘ta jiddiy, hatto qahrli tus berib o‘tiradigan; keskin-keskin ohangda, gohida o‘ta mujmal fikr bildiradigan; yosh bolalardan professionallik talab qiladigan bu hakamlarni almashtirishning iloji bo‘lmasa, bu shouni to‘xtatish kerak. Harqalay, ko‘pgina iqtidorli bolalarda, ayniqsa mumtoz qo‘shiqlarimiz ijrochisi bo‘lish orzusidagi bolalarda o‘z kelajagiga, iqtidoriga bo‘lgan ishonchini o‘ldirmaslik, umidsizlikka tushirmaslik uchun ham shunday qilish kerak yoki hakamlarga chiroyli muomala qilishni o‘rgatish kerak. (Munojot Yo‘lchiyevaning doimo bir xil tarzda «Bu ijroingiz menga yoqmadi» deyishidagi sovuq ohang katta odamning ham etini junjiktirvoradi).
Bunaqada qo‘shiqchi bo‘laman degan bolalarning aksariyati tanlovlarda g‘olib bo‘lish uchun yengil-yelpi chet el qo‘shiqlarni ijro etish kerak ekan degan xulosaga borib qoladi-ku. Chunki bu tanlovda chet tilida qo‘shiq aytgan bolalarga e’tibor birinchi planga chiqarvorilyapti. Mumtoz qo‘shiqlarimizni aytgan bolalarga «Bu qo‘shiq yoshingizga to‘g‘ri kelmaydi» degan bahona bilan «yo‘q» deyayotgan hakamlar sevgi-muhabbat haqida inglizcha qo‘shiq aytgan ishtirokchi bolalarga ko‘pincha tahsinlar o‘qishadi.
Buyam yetmagandek, hakamlarning chet tilida qo‘shiq aytgan hamma ishtirokchi bolaga rus tilida murojaat qilishlari ham o‘xshamagan bir holat. Vaholanki, O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sayotgan hamma bola o‘zbekchani tushunadi, o‘zbekcha gapira oladi va shunday bo‘lishi ham shart.
Bunaqa televizion tanlovlar dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida o‘tkaziladi. Ammo ularda bolalar yig‘lasa sevinchdan, xursandchilikdan yig‘laydi, hatto tanlovdan o‘tolmaganlar ham yaxshi kayfiyat bilan qoladi. Negaki, bu tanlovlarda hakamlar zavq bilan, bolalarcha beg‘ubor kayfiyat bilan, samimiy hakamlik qilishadi. Kerak bo‘lsa, bolalarga qo‘shilib raqsga tushishadi, qo‘shiqlarga jo‘r bo‘lishadi, kichkintoy ishtirokchilarni ko‘tarib olishadi, ishtirokchilarga ham, tomoshabinlarga ham bayramona kayfiyat baxsh etvorishadi. Tanlovdan o‘tolmaganlarga ayricha shirin muomala qilib, ko‘nglini ko‘tarishadi (do‘q urgandek «mening javobim “yo‘q”» deyishmaydi!). Ishonmasangiz, Youtubedan Hindistonda, Turkiyada, Amerikada, Fransiyada, Rossiyada o‘tadigan shunday tanlovlarni topib, bir tomosha qiling.
«Yulduzcha» tanlovi uchun hakamlikka bolalar qo‘shiqlari bastakorlarini, bolalar shoirlarini, bolalar bilan muomalani eplay oladigan aktyorlarni taklif qilish mumkinmasmi? Bu tanlovga ishtirokchi bolalar (bola bo‘lgani uchun ham) nihoyatda katta ahamiyat berishadi, hakamlar bahosini, muomalasini bir umrga eslab qolishadi. Bu muomala ular hayotida hal qiluvchi ta’sir etishi ham mumkin. Hakamlik qilayotgan xalq artistlari xalqning kichkintoy vakillariga mos muomala qilishni eplolmas ekanlar, hech bo‘lmasa ochiq yuz bilan, yasama bo‘lsa ham jilmayib o‘tirishni amallamaydilarmi?! Ularning tusidagi jiddiylik va sovuqlikni ko‘rib, katta odam ham esankirab qoladi-yu, bechora bolajonlarimiz tag‘inam o‘zlarini yo‘qotmay, umid bilan tanlovda ishtirok qilyaptilar...
Bu tanlov yaxshi niyatlar bilan yo‘lga qo‘yilgani aniq edi...
Dilfuza KOMILOVA facebook sahifasidan olindi