O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi bog‘chalar uchun to‘lovlarda kimlar imtiyozga egaligi haqida ma’lumot berdi.
Vazirlik xabariga asosan maktabgacha ta’lim muassasalaridagi bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida kam ta’minlangan oilalar farzandlari to‘lovdan ozod qilinadi.
Bunda birinchi navbatda ota-onalaridan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironi bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga, shuningdek o‘rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.
To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati mahalla tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotnomaga va tegishli maktabgacha ta’lim muassasasi ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.
To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati har o‘quv yilining 25 sentyabr kuniga qadar tegishli maktabgacha ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Ro‘yxatiga kirmay qolgan, shuningdek yil davomida aniqlangan kam ta’minlangan oilalar farzandlari hisobidan zaxira shakllantiriladi.
To‘lovdan ozod qilingan bolalarning maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnashi (bo‘lishi) to‘xtatilishi natijasida bo‘shab qolgan o‘rinlar zaxiradan to‘ldirib boriladi.
To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati u tasdiqlangandan keyin o‘quv yil davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Bundan tashqari, bolalarning jismoniy yoki aqliy rivojlanishidagi nuqsonlarida maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi undirilmaydi. Nuqsonlarning to‘liq ro‘yxati bilan vazirlikning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tanishishingiz mumkin.