Bilasizmi?

Bog‘chalardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash qoidalari o‘zgartirildi

Xalq ta’limi va Moliya vazirliklarining qo‘shma qarori  bilan yangi “Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. Shu munosabat bilan ilgari amalda bo‘lgan 2008 yil 13 fevraldagi “Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Yangi tartibga ko‘ra

Yangi Nizomda nazarda tutilishicha, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minoti uchun to‘lov har oyning 15 sanasidan kechiktirmasdan to‘lanadi. Avvalgi tahrirda esa bu oyning 10 sanasiga qadar qilib belgilangan edi.  Shuningdek, oyning 15-sanasidan keyin kelgan bolalar ta’minoti uchun to‘lov bola kelgan kundan boshlab 3 kun ichida oyning qolgan kunlariga mutanosib ravishda to‘lanadi.

To‘lov vaqtida to‘lanmasa-chi? Ilgarigidek, to‘lovning belgilangan muddat o‘tgandan so‘ng ham keyingi 2 hafta mobaynida uzrli sabablarsiz to‘lanmasligi bolaning maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnashini to‘xtatish uchun asos bo‘ladi.