Ba’zida o‘z farzandimizni tushunmay qolamiz, ba’zida farzandimiz bizni tushunmay, gapimizni qabul qilmay injiqlik, qaysarlik qiladi. Buning sababi nima ekan? Qanday qilib kichik yoshdagi bola bilan ota-ona til topishishi mumkin?
Ushbu savollarimizga , Koreya ta’lim tashkiloti prezidenti, Kyongsong universiteti Professori Li Yon Sung javob beradilar.
Ota-ona farzandi bilan muomila qilayotganda ba’zi tamoyillarga amal qilishlari lozim.
- Bolaning bog‘cha yoki maktabida biron muammo yuz bersa, ota-ona tezda ta’lim muassasiga borib o‘qituvchi bilan muammoni hal qilishga urinadi. Aslida maktab (bog‘cha) dagi muammosini aytayotgan bola ota-onasi bilan bu haqda suhbatlashishni istaydi. Bunda ota-ona uni ehista olishi kerak. Bolada maktab (bog‘cha)da o‘qituvchi bilan, do‘stlari bilan biron muammo yuz berayotgan bo‘lsa, bunda uning o‘zi ham atrofdagilari ham aybdor bo‘lmay, ko‘pincha ota-onaning unga bo‘lgan noto‘g‘ri munosabati aybdor bo‘ladi.
- Bola sizga o‘z muammosini aytgan payti, uni hal qilish yo‘llarini izlamay, bolani yaxshilab tinglab birgalikda bu muammodan chiqish yo‘lini izlash kerak. Ba’zida ota-onaning bolaga kerakligicha e’tibori va mehri muammoni o‘z-o‘zidan bartaraf eta oladi.
- Bola gapirayotganda gapiga baho bermang, uni diqqat bilan eshitib, aytgan so‘zlarini qaytaring. Masalan, "Hech narsa qilmaydi, atigi o‘yinchoqqu" demasdan, "Men tushunaman, sening o‘yinchog‘ing singani uchun juda xafa bo‘lding", deyish o‘rinli bo‘ladi. Shunda bola siz haqiqatdan uni to‘g‘ri tushunganingizni va sizga ishonsa bo‘lishini anglaydi.
- Suhbat davomida shunday savollar bering-ki, bola o‘zi muammosini hal qilish yo‘lini topa olsin.
- Agar farzandingizning ishi sizni ranjitgan bo‘lsa (masalan maktabdan doimiy vaqtidan kechroq uyga keldi), darrov asabiylashib uni urishmasdan, unga o‘zingizning hissiyotlaringizni baqirmasdan, asabiylashmasdan tushuntirib bering. "Bugun kechroq kelganingga juda xavotir oldim, xayolimga yomon narsalar keldi, sen bilan biron yomon ish bo‘ldimikin deb juda qo‘rqdim" kabi gaplaringiz uni o‘zining qilig‘idan ranjitadi. Keyingi safar onasining shu gaplarini eslab qo‘ng‘iroq qilib qo‘yishga harakat qiladi. Baqirib urushganingiz esa unday payt aslo esga tushmaydi.
- Bolani maqtayotganingiz asosli bo‘lsin. Har bir arzimagan ishiga ham "Yaxshi qilding, juda aqllisan, zo‘rsan" demasdan, nega maqtayotganingizni aniq qilib unga izohlab bering. Masalan, "Ukang yiqilganida ko‘tarib qo‘yganing yaxshi ish bo‘libdi. Men sen bilan faxrlanaman."
- Bola bilan muomila qilayotganingizda, ayniqsa jiddiy gaplashayotganingizda uning ko‘zlariga qarang. O‘zingiz esa tizzangizda uning bo‘yigacha tushib oling. Yuqoridan turib bolaga biron gap aytish unda qo‘rquv va itoatsizlik hissini uyg‘otadi.
- Bolani haqoratlamang. Qanday ayb ish qilishidan, maktabda qanchalik yomon o‘qishidan qat’iy nazar uni haqoratlamang. Haqorat so‘zlari bolani o‘zi haqidagi fikriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolaning o‘ziga o‘zi past baho berishi unga ijtimoiy jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishida to‘sqinlik qiladi.
- Bolaga buyruq berayotganingizda "Xonangni yig‘ishtirib qo‘y" yoki "O‘yinchoqlaringni yig‘masang hammasini tashlab yuboraman" demasdan, uni oldiga borib ko‘zlariga qarab nega shunday qilishi kerakligini, shunday qilsa qanday yaxshi natija chiqishini tushuntirib bering.
- Bola bilan gaplashayotganingizda mavzuni to‘satdan o‘zgartirmang. Sizning sevimli serial yoki telefondagi dugonangiz kutib tura oladi, lekin bolaning sizga bo‘lgan ishonchi so‘nib qolsa, buni umr davomida tuzata olmasligingiz mumkin.