Ona va bola

Bola ishtahasining yo‘qolishiga nimalar sabab bo‘ladi?

Ba’zi onalar farzandining yeb to‘ymasligidan shikoyat qiladi. Boshqalari esa aksincha ularning hech narsa yemasligidan arz qiladi. Bola ulg‘ayishi bilan uning ishtahasi qanday o‘zgarib boradi? Nega ko‘pchilik bolalarda ishtaha bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi? Ishtaha bilan bog‘liq muammolarni qanday qilib yengish mumkin?

Bola ovqat yeyishni turli sabablarga ko‘ra rad etishi mumkin. Bunda ota-onani tashvishga soluvchi birinchi sabab biror kasallikdir. Haqiqatan ham ishtahaning yo‘qligi yoki uning kamayishi ko‘pincha ovqat hazm qilishning buzilishi bilan kechuvchi turli kasalliklarning oqibati bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda ota-ona farzandini ovqat yeyishga majbur qilmasdan, kasallikka qarshi kurashishga yordam berishi kerak. Ishtaha - bu nafaqat ovqatlanish istagi, balki organizmning ovqatni hazm qilishga tayyor ekanligi belgisidir. Bola sog‘aya borishi bilan uning ishtahasi ham qayta tiklana boradi.

Ishtaha yo‘qolishi sabablarini qidirib ko‘ramiz

Ishtahaga ta’sir qiluvchi sabablardan uchta asosiysini ajratib ko‘rsatish mumkin.

  1. Birinchi navbatda boladagi moddalar almashinuvining o‘ziga xosligi. Bunda bolaning qancha yeganligi emas, balki yeganining qanchasini o‘zlashtirishi ahamiyatlidir.
  2. Gormonlar ishlab chiqarilishining jadalligi

Masalan, bola hayotining birinchi yilida va o‘smirlik yoshida gormonlar ko‘p miqdorda ishlab chiqariladi, bola faol o‘sadi, shunga mos ravishda uning ishtahasi ham oshadi. Mavsumiy qonuniyatlar ham bor - qishda o‘sish sekinlashadi, yozda faollashadi, shuning uchun yozda ishtaha ham yaxshiroq bo‘ladi.

  1. Quvvat sarflash darajasi

Ovqatlanishdan ikki asosiy maqsad ko‘zlanadi: birinchisi — organizmning o‘sishi va ichki organlarning normal faoliyati uchun zarur moddalar bilan ta’minlash, ikkinchisi — harakat faolligi bilan bog‘liq quvvat sarflanishining o‘rnini qoplash. Shuning uchun bola qancha ko‘p quvvat sarflasa, uning ishtahasi ham shuncha yaxshiroq bo‘ladi.

Qanday yo‘l tutish lozim?

Bola rivojlanishining har bir bosqichida unga ozgina bo‘lsa-da erkinlik berish kerak. Masalan, agar siz kichkintoyingizga kechki ovqatga nima xarid qilishni tanlash huquqini bersangiz, u kechki ovqatni katta xohish bilan tanovvul qilishi mumkin. Bola o‘zini shaxs sifatida anglay boshlashi bilan ovqatlanishda ham o‘z tanlovini joriy eta boshlaydi. Buning muhim ekanligiga munosib baho bering va uni o‘zingiz foydali deb hisoblagan taomlarni yeyishga ko‘p ham majburlamang.

Ba’zan bola hech narsa yemay qo‘yish orqali kattalarga ta’sir qilmoqchi bo‘ladi. Kattalar bu borada ko‘p ham tashvish chekmayotganligi yoki hatto och qolishi mumkinligini tushunib yetishi bilan bola bu kabi tajribani to‘xtatadi.

Maqolani tayyorlashda "Deti.ru" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.