Ko‘plab onalar farzandi ovqat yemasligi, ishtahasi yo‘qligidan nolib qoladi. Biroq taniqli psixolog Nayjell Latta fikricha, bolalarni oziqlantirish bilan bog‘liq har qanday muammoni hal etishda quyidagi oltin qoidalarga rioya qilish kifoya:
- Och bolalar ovqat yeydi
Hadeb tumshug‘iga ovqat tiqishtiriladigan erkatoy bolalar hech narsa yemaydi, biroq och bolalar yeydi. Organizm “yoqilg‘i” zaxiralarini yeb tugatgach, oshqozon miyaga signallar yubora boshlaydi. Tantiq bolani ovqat yeyishga majbur qilishning yagona yo‘li — uni och qoldirish. Buning uchun biroz kutish zarur.
- Yigirma marta yuz o‘girib, bir marta yeydi
Farzandingizga bir qoshiq bo‘tqa tutayotganingizda, u uni yeyishdan avval yigirma marta yuz o‘girishiga tayyor turing. Ko‘plab tadqiqotlar va kuzatuvlar yosh bolalar o‘zini aynan shunday tutishini isbotladi. Bolani yangi turdagi mahsulotga qiziqtirish uchun, unga buni 17—20 marta taklif qilib ko‘rish kerak.
Buning uchun ota-ona, albatta, sabrli va xotirjam bo‘lgan holda, o‘z so‘zida qat’iy tura olishi ham kerak. Biroq, shu bilan birga, majburlash ham kerak emas.
- Bolalarni o‘z oshqozoniga quloq tutishga o‘rgating
Ortiqcha vaznli kishilar qachon yeyishdan to‘xtashi haqida berilgan savolga ko‘pincha: “Likopda hech narsa qolmagunicha”, — deya javob beradi. Ozg‘in kishilar esa xuddi shu savolga: “Qachonki o‘zimni to‘q his qilsam”, — deya javob qilishi tayin.
Bolalarni qanday ovqatlanishga o‘rgatish ham o‘ta muhim, bunda gap qoshiq yoki vilkani qanday ushlash emas, to‘g‘ri ovqatlanish — sifatli ozuqani zarur miqdorda iste’mol qilish haqida bormoqda.
Bolalarga: “Likopda qolgan narsani yeb qo‘yish shart emas. Qorning ’bo‘ldi, yetadi’ demagunicha, yesang bo‘ladi”, — deyish kerak.