Bilasizmi?

Bola qanday qilib vunderkindga aylanadi?

Psixologlarning fikricha, vunderkindlar paydo bo‘lishining bir nechta shartlari bor

Volfgang Motsart musiqachilar oilasida dunyoga kelgan, lekin uning iste’dodi ota-onasini hayratga solgan. U uch yoshida opasining fortepiano kitoblaridan chalishni o‘rganib olgan va tez orada fortepiano chalish bo‘yicha o‘zidan besh yosh katta opasidan o‘zib ketgan.

Besh yoshida Volfgang xalqaro konsertlar bergan va musiqa bastalagan. U sakkiz yoshga to‘lganida britaniyalik tabiatshunos Deyns Barrington kichkina Motsartni sinab ko‘rgan: unga yaqindagina yozilgan beshta partiyali pesani bergan. Bolakay pesani endi ko‘rib turgan bo‘lsa-da, royal oldiga o‘tirib darhol uni chalishni boshlagan.

Barrington bu haqda o‘z kitobida shunday yozadi:

“U bu partiturani ilgari ko‘rmagandi, lekin simfoniyani haqiqiy ustalardek bastakor fikriga mos tarzda mohirlik bilan ijro etdi”.

Bunday bolalarni odatda iste’dodli yoki Xudo bergan iqtidor sohiblari deb atashadi, lekin Motsart mo‘’jizaning o‘zi edi. Ogayo shtati universiteti professori, psixolog Joanna Ratses aynan ana shunday bolalarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

Motsart kabi bolalar kamdan-kam tug‘ilishadi. Besh yoki o‘n millionta bolaga bitta ana shunday bola to‘g‘ri keladi. Faoliyati davomida Ratses 30 dan ortiq vunderkindlarni o‘rgangan.

U duch kelgan ilk vunderkind ikki yoshli edi. Go‘dak haqida 1990 yili “People” jurnalida maqola chop etilgan. U cherkovda bir marta eshitgan musiqasini chala olgan. Ratses uning IQ — intellektual salohiyatini tekshirib ko‘rgan va hech qanday g‘ayrioddiylikka duch kelmagan. Kichkintoyning xotirasi g‘ayritabiiy edi.

Ko‘pincha musiqa, matematika, san’at va shaxmatda professional qobiliyati o‘n yoshgacha namoyon bo‘lgan bolalar vunderkind deb ataladi. Vunderkindlar paydo bo‘lishi haqida ko‘plab tadqiqotchilar o‘z taxminlarini bildirishgan: daholik o‘rganish natijasimi yoki tug‘mami?

Ratses esa vunderkindlar paydo bo‘lishi uchun quyidagi shartlar kerak deb hisoblaydi.

  •  Kuchli xotira. “Intelligence” jurnalida chop etilgan sakkiz nafar qobiliyatli insonni o‘rganish natijalari orqali ularning xotirasi 99 foizga ishlashi ma’lum bo‘ldi.
  • Autizmga duchor bo‘lgan insonlarda uchraydigan mayda tafsilotlarga e’tibor qaratish xususiyati. Qobiliyatli insonlarda autizm belgilari uchramasa-da, ularning 50 foizdan ko‘prog‘ining oilasida autizm bilan og‘riganlar bo‘lgan.
  • O‘ta yuqori intellektual salohiyat. Ratses vunderkindlarning IQ ko‘rsatkichi 100 va 147 orasida bo‘lishini, o‘rtacha 128 ni tashkil etishini aniqlagan.

Vunderkindlarni oddiy insonlardan ajratib turadigan yana bir xususiyat ularning boshqalarga yordam berishga doimo tayyorliklaridir. Ularni kuzatarkan, Ratses vunderkindlar boshqalarga ko‘ngilchan munosabatda ekanliklarini aytadi:

“Ular shunchaki yaxshi odamlar”.

Manba: Sof.uz