Tarbiya

Bola va pul. Qaysi yoshda qanday munosabatda bo‘lish kerak?

Farzandlarimiz pulga qanday munosabatda bo‘lishi kerak? Bu borada bizning xohishimiz qanaqa? Bular ahamiyatsiz savol emas, ularga yana bir qancha qo‘shimchalar qilish mumkin: bola necha yoshdan pulni sarflashga o‘rganishi kerak? Farzandlar oiladagi moliyaviy muammolarni bilishi kerakmi? Agar bolaning xohlagan narsasi olib berilaversa, unda u qachon pulning qadr-qiymatini biladi? Hammamiz farzandlarimiz pul bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishini, uning qadrini bilishi, lekin mukkasidan ketmasligini, pulni ishlatishini, biroq behudaga sarflamasligini, tejamkorlik qilishini, ammo xasis bo‘lmasligini xohlaymiz. Bunga qachon va qanday o‘rgatish kerak?

Bir qarashda umuman zid tushunchalardek ko‘rinsa-da, bu mavzuda albatta farzandimiz bilan suhbalashishimiz kerak. Bolani puldan himoyalamasdan, uni to‘g‘ri sarflashni o‘rgatib borish kerak. Bu bilan farzandimizda mustaqillik, javobgarlik hislarini uyg‘otamiz. Shuningdek, unda tanlov imkoniyati ham paydo bo‘ladi.

Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarga pul berish kerakmi?

Ruhshunoslar va bolalar bilan ishlashda ko‘p yillik tajribaga ega pedagoglarning bu borada javoblari qat’iy: YO‘Q! Bu javobni esa ular shunday izohlashadi: maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalar doim ota-onalari bilan yurishadi. Barcha sarf-xarajatlarini ular uchun kattalar amalga oshiradi, bolalar bog‘chasida esa ularga «o‘zlarining pullari» kerak bo‘lmaydi. Bu yoshda pulga bo‘lgan talab jamoada o‘z o‘rnini egallashni istashida namoyon bo‘ladi. Lekin bunday o‘zligini ko‘rsatish bola fe’lining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Axir bola o‘z bilim va salohiyati bilan emas, o‘yinchoqlar va pul hisobiga ajralib turishni istamoqda.

Kichkintoyni bolalarga xos bo‘lmagan imtiyozlar bilan ta’minlash ularni ruhiy rivojlanishiga aks ta’sir ko‘rsatadi. Bunda ular mehnat va mashaqqatlarsiz hamma narsaning tayyoriga ega bo‘lishga o‘rganib qolishadi. Natijada mehnat qilishni bilmaslik va xohlamaslik — infantilizm vujudga keladi.

Bolaga 7-8 yoshidan boshlab tanga ko‘rinishidagi mayda pullarni berib borish mumkin

Bir qarashda o‘yinchoqdek, bundan tashqari, do‘kondan biron nima sotib olishi ham mumkin. Shu bilan birga, unga bu tangalarni yig‘ishga mo‘ljallangan idish ham sovg‘a qiling. Bu idishga pul solib, o‘zi yoki yaqinlariga sovg‘a uchun ham yig‘ishi mumkinligini tushuntiring. U yiqqan pullaridan o‘zi erkin foydalanishi mumkinligini, lekin ota-ona ta’qiqlagan narsalarni sotib olmasligini bilsin.

Agar oilada xayr-ehson qilish kabi odatlar bo‘lsa, bunga farzandingizni ham jalb eting. Bu ishlarni nima uchun qilayotganingizni gapirib bering, bolaning ongida ro‘zg‘ordan pul ortganida boshqalarga ham yordam berish mumkinligi haqida fikr paydo bo‘ladi. Lekin «boy odamlar», «puldorlar» haqida aslo gapirmang. Buning oqibatida bolada hasadgo‘ylik kabi tuyg‘ular paydo bo‘lishi mumkin.

9-10 yoshdan boshlab boladan oiladagi moliyaviy muammolarni bekitmaslik mumkin

Suhbat davomida farzandingizni oilangizdagi tejamkorlik qoidalari bilan asta-sekin tanishtirib boring. Va bunday qoidalarga hamma yaxshi odamlar amal qilishini alohida ta’kidlab o‘ting. Eng asosiysi — oiladagi pullarning barchasi ota-onaning mashaqqatli mehnatlari evaziga kelganini tushuntirish.

Yaxshi xulq va baholar uchun pul bilan rag‘batlantirish kerakmi?

Albatta YO‘Q! Bolada a’lo baho, aniqrog‘i, bilim u uchun emas, balki faqat ota-onaga kerak, degan fikr paydo bo‘lishi mumkin. Pul berishayaptimi, demak, ularga bu nima uchundir kerak-da! Bola o‘qishga emas, baho olishga qiziqib qoladi. Ko‘proq pul olish va ota-onasini xafa qilmaslik uchun ayyorlik qilishni boshlaydi va yomon baholarini bekitadi. Uy ishlariga qarashgani uchun pul berilishini ham tavsiya etmagan bo‘lardik. Oilada mehr, bir-birini tushunish va qo‘llab-quvvatlash birinchi o‘rinda turadi. Pul evaziga ishlarni bajargan bola yollangan ishchi bo‘lib qoladi. Bu esa oila prinsiplariga to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, bola hamma ishni pul evaziga bajarishga o‘rganib qoladi. Ish buyurganingizda, «Xo‘p bo‘ladi, oyijon!» demay, «Qancha berasiz?» deb turishini xohlamasangiz kerak?!

O‘spirin yoshdagi bola va pul

Bu mavzu ancha nozik va murakkab. Pul va bu yoshdagi bolani nazoratsiz qoldirib bo‘lmaydi. O‘smirlar erkin bo‘lishga intiladi, hozirgi zamonda esa ularni yo‘ldan ozdiradigan narsalar talaygina. Bu borada o‘smirlarga aniq yo‘naltirilgan moliyaviy yordam berish mumkin. Masalan, kerakli o‘quv qo‘llanmalar, kiyim-kechak yoki ota-ona tasdig‘idan o‘tgan qiziqishlar uchun. Bu yoshdagi bolalarni ro‘zg‘or uchun bozorga tushganingizda birga olib borishingiz, bozor va pul munosabatlarini o‘rgatishingiz mumkin. Albatta bozorga borganda uning fikriga ham tayaning, «Olmaning 1000 so‘mlisini olamizmi yoki 1500 so‘mlisinimi?» kabi savollar bilan uning jarayonda ishtirok etishiga yordam bering.

«Ta’til vaqtida ishlayman» deb taklif bildirgan farzandingizga qarshilik qilmang. O‘z mehnati bilan topilgan birinchi pullar o‘smirlar hayotidagi katta voqea hisoblanadi. O‘z imkoniyatini real baholay oladi va pul qanday ishlab topilishini tushunib yetadi. Endi farzandingizdan «Bor-yo‘g‘i yuz ming ekan-da» degan gapni eshitmaysiz. Atrofidagi insonlarning va narsalarning qadriga yeta boshlaydi. Ishlab topgan pulining ma’lum qismini oilasiga ajratishi esa o‘smirda javobgarlik hissini rivojlantiradi.

Muhtabar opa, 50 yosh: — Bolaga har doim ham oiladagi moliyaviy muammolarni aytish shart emas. Asosiysi, uydagi pulni ota-onasi mehnat qilib, qiyinchilik evaziga olib kelayotganini bilsin. Lekin bolaning oldida «Oyligim kam chiqibdi», «Pulimiz yo‘q» deb aytishni to‘g‘ri deb hisoblamayman. Bu gaplarni eshitgan bola o‘zini kamsitilgandek hisoblaydi, atrofdagi odamlar bilan oilasini solishtiradi. O‘zidan yaxshiroq yashayotgan oilalarga nisbatan hasad hissi uyg‘onadi. Ota-ona oz miqdordagi pulni farzandlari biladigan joyga qo‘yib, bu pul zarur bo‘lgan vaziyatlarda (masalan, ota-ona ishdaligida non olib kelish, do‘stlarining tug‘ilgan kuniga borish va shunga o‘xshash holatlarda) ishlatilishini tushuntirishi kerak. Ota-onaning ishonchi farzandda uydagi pulga nisbatan mas’uliyatni paydo qiladi.

Mahfuza, 32 yosh, uy bekasi: 4 farzandim ham maktabda o‘qiydi. Ular kamdan-kam hollarda (masalan, o‘rtoqlarining tug‘ilgan kuni yoki maktab fondi uchun) pul so‘rashadi. Bolalarning maktabi uyimizdan chamasi 100 metr uzoqda bo‘lgani uchun ularga ortiqcha pul bermaymiz. Tushlikda yeyishlari uchun esa buterbrod qilib beraman. Bolalarga 10 yoshidan keyin pul berish to‘g‘ri deb hisoblayman.

Aziza, 12 yosh, 7-sinf o‘quvchisi: — Oilamizda ro‘zg‘or uchun bozor-o‘charni dadam qiladi. Katta farzand bo‘lganim uchunmi, ko‘pincha dadam meni va 10 yoshli ukamni o‘zi bilan bozorga olib boradi. Bu jarayon bizga juda yoqadi. Sotuvchilar bilan savdolashishi biz uchun qiziqarli. Maktabda ishlatishim uchun ota-onam menga va ukamga har kuni 1000 so‘m berishadi. Bu pulni tushlikka ishlatamiz.

Akbar, 18 yosh, talaba: — Ota-onam uyda pulni qayerda saqlashlari, qancha oylik olishlarini bilmayman. Bunga qiziqmaganman ham. Yo‘lkiram va ovqatlanishim uchun har kuni pul berishadi. Yonimda qancha ko‘p pulim bo‘lsa, nimagadir sarf-harajatim ham o‘sha kuni ko‘payib ketadi. Pulim kamligida esa uni tejab, hatto uyga orttirib kelaman. Ota-onamdan olgan pullarimni tejashga harakat qilaman. «Bergan pulimizni nimaga ishlatding?» deb so‘rashganida har doim to‘liq javob bera olaman.

Bolalar ruhshunosi Anjim ShAMShYeTOVA tavsiyalari asosida Dilnoza MIRTOLIPOVAtayyorladi.

Manba: Darakchi.uz