O‘qish orqali rivojlanish va yangi narsalarni o‘rganish mumkin. Nafaqat darsliklar, balki ertaklar va hikoyalar ham bolaga bilimlarning ulkan dunyosini ochib beradi.
Bolani kitob o‘qishga qanday o‘rgatish mumkin? Bolani bunga qanchalik erta undasangiz, uning hisobidagi o‘qilgan kitoblar shunchalik ko‘p bo‘ladi. Bu odatni bolada shakllantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kerak.
Kitob bilan bog‘liq ilk tajribalar
Boshlash uchun hech qachon erta bo‘lmaydi: sizga bola kitob o‘qish uchun hali juda yosh bo‘lib tuyulsa-da, unga kitobni “tatib ko‘rish” uchun bering. Kitob bilan birinchi tanishuv bola hali o‘qishni bilmagan vaqtda ham bo‘lib o‘tishi mumkin. Buning o‘rniga u kitobga chizishi, ulardan uychalar yasashi, kitobni g‘ajishi mumkin. Bolaga harfli kubiklar, o‘rgatuvchi nakleykalar, uni mutolaa dunyosiga tezroq olib kirishga yordam beradigan har qanday buyumlarni olib bering.
Uyqudan oldin kitob o‘qish an’anasi
Uxlashdan oldin ona bag‘rida o‘tirib yoqimli ertak o‘qish yoki eshitish har qanday multfilmdan yaxshiroq. Bunday an’ana bolada kitobga nisbatan katta muhabbatni uyg‘otishi mumkin.
Eng qizigan joyida!
Bolalar juda qiziquvchan bo‘ladi. Ularda o‘qish istagini hosil qilishda ushbu xususiyatdan foydalanish mumkin. Bolaga kitob o‘qib berayotib, voqealar eng qizg‘in tus olgan joyida hikoyani to‘xtatish mumkin. Shunda sabrsiz bola keyingi kunni kutib o‘tirmay, uni o‘zi o‘qib olishga harakat qiladi.
Audiokitoblardan foydalaning
Mahoratli aktyorlar ovoz bergan audioertaklar bolaga kuchli hissiyotlarni berishi mumkin. U o‘zini teatrda paydo bo‘lib qolgandek tasavvur qiladi, shuningdek, u to‘g‘ri nutqni o‘zlashtiradi va ohangni his qilishni o‘rganadi.
Bolaga tanlash imkoniyatini bering
Ba’zan bolalar uydagi kitoblar ularga qiziq bo‘lmagani tufayli mutolaa qilishni istamasligi mumkin. Shuning uchun ularni kitob do‘koniga olib boring va kitob tanlashni o‘zlariga qo‘yib bering. Kitob do‘koniga tashriflarni ham an’anaga aylantirish mumkin.
O‘zingiz ham bolaligingizni yodga olib ko‘ring va kitoblarga bo‘lgan muhabbat sizda qanday uyg‘onganini eslang. Shunda sizda yana ko‘plab g‘oyalar paydo bo‘lsa, ajab emas.