Aksariyat bolalar ikki va to‘rt yosh orasida o‘z holatini tushuntirishning yagona ifodasi sifatida urish yoki tishlash muloqot usulini tanlagan davrni boshdan kechirishadi. Hali nutqi rivojlanmagani hamda o‘z istak va so‘rovlarini boshqacha yo‘l bilan aytishni bilmagani uchun mushtlar va o‘tkir tishlar yordamidan foydalanishga moyil bo‘lishadi.
Bu — bola rivojlanishidagi normal bosqich bo‘lishiga qaramay, mazkur tajovuzkorliklar odat tusiga kirib qolishi mumkin. Ulg‘ayish davrida o‘z tajovuzini yengishni va atrofdagilar bilan og‘zaki nutqda muloqot qilishni o‘rganolmagan bola ko‘p hollarda haqiqiy jangariga aylanadi. U intilgan narsalariga janjal orqali erishadi, natijada o‘rtoqlari orasida ajralib, boshqa bolalar undan qo‘rqadigan bo‘lib qoladi. Agar farzandingiz rivojlanishning ushbu davrini boshdan kechirayotgan bo‘lsa, tez orada o‘z odatlarini tark etishda (va boshqa bolalarni himoyalash uchun) unga quyidagicha ko‘maklashishingiz mumkin.
E’tibor ko‘rsating!
Agar hali maktabga bormagan farzandingiz biror bolakayni ursa, avvaliga jabrlanuvchining yoniga keling. Uni o‘rnidan turg‘azib: "Do‘sting seni xafa qilmoqchi emasdi" deng. Biroz ko‘nglini ko‘tarib, bag‘ringizga bosing va boshqa xonaga olib chiqing. Bu yo‘l bilan siz o‘z bolangizni e’tibordan mahrum etyapsiz. U to‘satdan o‘yin-kulgi tugaganini va yolg‘iz qolganini anglaydi. Bu usulni 2-3 marta takrorlash kifoya, farzandingiz tajovuz yaxshilikka olib kelmasligini tushunib oladi.
Tartib-qoida o‘rnating!
Boshidan bolani qoidaga amal qilishga o‘rgating. Bunda shunchaki "Biz hech kimni urmaymiz va bizga ham hech kim qo‘l ko‘tarmaydi" deyishingiz mumkin. To‘rt va undan kattaroq yoshdagi bolaga talablar batafsilroq tushuntiriladi: "Uyimizda shunday qoida mavjud: agar sen xohlagan o‘yinchoqni boshqa bola o‘ynayotgan bo‘lsa-yu, senga bermasa, o‘ynab bo‘lgunicha kutib turasan".
Tirishqoqligi uchun maqtab turing!
Bolangiz o‘zini namunali tutganida urinishlarini mustahkamlashga harakat qiling. "O‘zingni bunday tutib, meni quvontirding" deb ayting. Bola ota-onasi undan ko‘ngli to‘lganini va maqtovini yaxshiroq qabul qilishi sizga sir emas.
"Yaxshi bola", "Odobli qiz" deyishingiz shart emas, bolalar odatda bunday so‘zlarga ahamiyat berishmaydi. Yaxshisi, "Urishmasdan, o‘yinchoqlaringni ukang bilan baham ko‘rib, meni judayam xursand qilding. Endi unga qarab turishingga ishonsam bo‘ladi" deyish lozim. Bunday maqtov farzandingiz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, u insonlarda yaxshi taassurot qoldirishi mumkinligini his etadi.
Taym-aut (tanaffus) e’lon qiling!
Yomon axloqni o‘zgartirishning samarali usuli biroz muddat mobaynida tinchlanib olishdir. Kichik yoshdagi bolalar 2-3 daqiqa davomida diqqati bo‘linmaydigan tarzda stulchaga o‘tqazib qo‘yilishi, kattaroqlari xonalariga yuborilishi kerak.
Biroq buni bolani jazolash maqsadida qilmang. Hammasi joy-joyiga tushishi, tartibga kelishi va barcha xush kayfiyatda qolishini istayotganingizni tushuntiring. "Janjalni bas qilmasalaring, o‘zlaringni qo‘lga olishga yordam beraman. Toki tinchlanib olmagunlaringcha, 2-3 daqiqa tanaffus qilib olamiz" deyishingiz mumkin.
Keskin vaziyatdagina kuch ishlating!
Urishish, yoqalashish farzandingiz yoki boshqa bolalar hayotiga xavf solgan vaziyatdagina kuch ishlatishingiz mumkin. Shunday qilishingizga to‘g‘ri kelganda ham, aslo urmang, urishmang. Uning orqa tomonidan borib, qo‘llarini ushlang, oyoqlarini o‘z oyoqlaringiz bilan quching. Yuzingizni esa uning boshi yetmaydigan masofada tuting. Kuch ishlatish bolakayning achchig‘ini keltirsa, bas kela olishingiz uni tinchlantirib, urishishdan tiyishi mumkin. Faqatgina uni tinchlantirish uchun shunday qilganingiz taassurotini uyg‘oting. O‘zini hamla qilingandek his etishigacha olib bormang.
Manba: Beka.Uz