Bog‘cha yoshi

Bolaga kitob o‘qib berishning foydasi

Bolaning aqliy rivojlanishi haqida qayg‘uradigan ota-ona unga albatta kitob o‘qib berishi kerak ekan. Bu haqda Kaliforniya Universiteti tadqiqotlari so‘zlamoqda.

Bolaga har kuni yotishdan oldin baland ovozda kitob o‘qib berilsa, uning aqliy rivojlanishiga katta ijobiy ta’sir etilar ekan.

Psixologik tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, bolaga kitob o‘qib berilganida unda:

  • so‘z boyligi oshadi;
  • kitobga mehri paydo bo‘ladi;
  • muomilasi chiroyli bo‘ladi.

Kitobda qanchalik mukammal so‘zlar mavjud bo‘lsa, kelajakda bolaga bu so‘zlarni o‘rganishi yanada oson bo‘lar ekan.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqqa 5 daqiqa davomida bo‘lsa ham kitob o‘qib berish, uning ham aqliy rivojlanishi uchun juda foydali ekan.

Yana bir tadqiqotning ko‘rsatishicha, 3 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ko‘p kitob o‘qilsa, ularning chap miya yarimshari rivojlanar ekan. Bu degani, bolada suhbat qilish, tasavvur, tilga moyillik kabi xislatlar yuksaladi. Kitobni o‘qilishini ko‘p eshitgan bola buyum va so‘zlar orasida bog‘liqlikni ko‘p ko‘ra boshlaydi. Bu esa bolaning miyasini ilmiy, akademik yo‘nalishda rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

Undan tashqari uyquga ketishdan oldin kitob o‘qilsa, bola oson uyquga ketadi va tinch uxlaydi, ota-ona va bola orasidagi ruhiy munosabat yanada mustahkamlanadi.

Bolaga qanday kitob tanlash lozim?

Eng yaxshi kitob, bu klassik ertak va hikoyalardir. Lekin undan yaxshi tanlov, bola o‘zi qiziqqan kitobini o‘qib berish. Bola bilan kitob do‘konlariga tez-tez borib turish kerak. U yerda bola o‘zi qiziqib tanlagan kitobini olib berib, unga o‘qib berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bitta o‘yinchoqning narxiga ba’zida 10 dona kichik kitob sotib olsa bo‘ladi. Ota-ona pulni sifatsiz, keraksiz va ba’zida zararli plastikdan yasalgan o‘yinchoqqa emas, foydasi har tomonlama katta va qiziqarli kitobni olib berib, bolaning kelajagiga katta ijobiy xissa qo‘shgan bo‘ladi. Keyinchalik bola ham, o‘yinchoq do‘koniga emas, balki kitob do‘koniga borishni afzal ko‘rib qoladi.

Maqola yoqqan bo‘lsa, do‘stlaringiz bilan bo‘lishing!

Manba: Uzbaby.uz