Maktab yoshi

Bolaga mustaqil dars tayyorlashni o‘rgatamiz

Boshlang‘ich sinflardan boshlab ota-ona uyga vazifalarni farzandi bilan birga tayyorlaydi. Shuning uchun bolani mustaqil dars tayyorlashga o‘rgatish muhim sanaladi. Bola uyga berilgan vazifalari bilan o‘zi shug‘ullanishi uchun uni bunga boshdan o‘rgatish zarur.

Buning uchun qanday yo‘l tutish kerak?

  1. Bola uyga vazifalarni bajarish uchun mas’uliyatni his etishi lozim. Unga barcha yangi bilim va ko‘nikmalar birinchi navbatda o‘zi uchun kerakligini tushuntirish lozim. O‘qish jarayonini kattalarning ishi bilan taqqoslash mumkin.
  2. Uyga berilgan topshiriqlarni bajarish uchun bolaga muayyan vaqtni belgilash zarur. Dastlab bu qiyinchilik tug‘dirishi mumkin, biroq bir necha oydan so‘ng, bola bunga ko‘nikadi va dars tayyorlashni keyinroqqa qoldirmasdan, vaqtida bajarish lozimligini tushunib yetadi.
  3. O‘quvchi uchun dars tayyorlaydigan joyni jihozlab berish muhim sanaladi. Farzandingiz nazoratingiz ostida bo‘lishini ta’minlash maqsadida unga oshxonada dars qildirish kerak emas. Bu uni juda chalg‘itadi.

Bola uchun alohida stol ajratib, uni kerakli jihozlar bilan ta’minlash zarur. Shu choraning o‘ziyoq bolani tartibga solib, uy vazifalarini tayyorlashga mas’uliyat bilan yondashishiga olib keladi.

  1. Topshiriqni qanday bajarish to‘g‘ri ekanligini farzandingizga tushuntirishga shoshilmang. Bunaqada bolangiz mustaqillik ko‘nikmasini egallay olmaydi. U faqat sizning tavsiyalaringizni bajarib, topshiriqning asl mohiyatini anglab olishga harakat qilmaydi. Bu esa keyinchalik bolaning o‘zlashtirishiga ta’sir qiladi.

Bola o‘z kuchi bilan topshiriqni bajara olmaganda va uning aqliy mushohadalari natija bermagan hollardagina sizning maslahatlaringiz yordamga kelishi mumkin.

  1. Uyga vazifalarni mustaqil bajarishga o‘rgating. Buning uchun u qoralamalardan foydalanishi mumkin. Keyin siz ularni tekshirib chiqishingiz, xatolarini tahlil qilib, so‘ngra uni oqqa ko‘chirishga ruxsat berishingiz mumkin.

Farzandingizning olayotgan baholari uchun qattiq koyimang. Axir bu uning mustaqil harakatlari natijasi. Lekin u a’lo baho olgan bo‘lsa, uni albatta maqtab qo‘ying. Bu farzandingizni bundan keyingi intilishlari uchun rag‘batlantiradi.

  1. Bolaga ishonch bildirishga harakat qiling. Uning har bir harakati ustidan nazorat o‘rnatishga intilmang. Farzandingizni bunday tekshirishlar kutilmaganda amalga oshirilishi va u doim bunga tayyor bo‘lishi lozimligiga o‘rgating.

Bir nechta tavsiyalar

- Bajarilgan topshiriqlarni farzandingizning o‘zi mustaqil tekshirib ko‘rsin. Uning o‘zi xatolarini topib, ularni to‘g‘rilashi lozim. Agar u xatolarini topa olmasa, unga yordam bering.

- Bola uyga vazifalarini bajara turib, ularning qanchasini bajarganligini nazorat qilib borishi kerak. Buning uchun uyga vazifalar ro‘yxatida bajarilganlarini maxsus belgichalar bilan belgilab borish mumkin. Topshiriqlarning qancha qismi bajarilganligi va yana qancha qolganligini bolaning o‘zi anglab yetsin.

Ko‘rib turganingizdek, bu unchalik qiyin ish emas. Asosiysi farzandingizga ko‘proq mustaqil shug‘ullanish imkonini bering va unga ishoning!

Maqolani tayyorlashda "Razvitiye detey" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.